Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:22

Dunyoning to‘rtinchi raqamli shaxmatchisi. Nodirbek Abdusattorov Prague Masters g‘olibi bo‘ldi


Nodirbek Abdusattorov. (Petr Vrabets/ Prague International Chess Festival)
Nodirbek Abdusattorov. (Petr Vrabets/ Prague International Chess Festival)

O‘zbekistonlik 19 yashar Nodirbek Abdusattorov Chexiya poytaxtida o‘tkazilgan Prague Masters shaxmat festivali g‘olibi bo‘ldi.

7-mart kuni Nodirbekning reytingi klassik shaxmatda 2766, rapid shaxmatda 2733, blits shaxmatda 2661ga yetdi.

Dinamik reytingda u amaldagi jahon chempioni Din Lijendan ham bir pog‘ona yuqorilab, 4-o‘ringa chiqdi.

Bu o‘zbek shaxmati tarixida misli ko‘rilmagan natija. Bungacha faqat Rustam Qosimjonov 2715 ball bilan 11-o‘rinni egallagandi.

Nodirbek Abdusattorov 8 yoshidan beri xalqaro musobaqalarda qatnashadi. U shaxmat tarixidagi ikkinchi eng yosh grossmeyster.

2023-yilning yanvarida Tata Steel Chess superturnirida qatnashib, klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan g‘alabaga erishgan.

Bu galgi Praga shaxmat turnirida esa, turnir tugamasidanoq uning g‘olibiga aylandi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasidagi o‘yinchilar soni 2023-yil yakunida 350 mingdan oshdi, buning 170 mingdan ortig‘i aktiv o‘yinchidir.

“Hozir klassik shaxmatda Magnus Karlsen 1-raqamli shaxmatchi. Nodirbek uni hozircha rapidda enggan. Ammo, hozir yosh shaxmatchilar birin-ketin ko‘tarilmoqda. Nodirbek, Gukesh yoki Pragnanandxa tez orada chemipon bo‘lishiga shubha yo‘q. Nodirbekni men 2022-yildan beri taniyman. Juda iqtidorli shaxmatchi”, deydi Petr Boleslav, Prague Masters festivali direktori.

Ozodlik ilk bor Nodirbek bilan 8 yoshlik paytida, keyin 13 yoshligida suhbatlashgan edi. Ikkinchi suhbat - Rossiyada, Nodirbek grossmeysterlikni qo‘lga kiritgan kezda bo‘lgan.

2017-yilda Sankt-Peterburg shahrida xalqaro Chigorina Yodgorligi shaxmat musobaqasi bo‘lgan va unda 2 ta g‘alaba, 2 ta durang natijaga erishgan edi.

O‘shanda Nodirbekni qo‘lidan tutib, Rossiyaga olib borgan onasi - yosh talantning xorij safarlari xarajatini oila o‘zi ko‘tarayotgani, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasidan yordam ololmayotganini aytgandi.

Shunga qaramay, oilasi bor imkonini ishga solib, homiy topib, jajjigina Nodirbekni grossmeyster darajasigacha olib chiqishdi.

Nodirbek Abdusattorov 13 yoshida grossmeyster titulini qo‘lga kiritgan va shaxmat tarixida bu maqomni qo‘lga kiritgan ikkinchi eng yosh shaxmatchi bo‘lgan.

2021-yilda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan g‘alabaga erishib, 17 yoshida shaxmatning rapid yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgandi.

O‘shanda Nodirek O‘zbekiston prezidenti nazariga tushgan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, Shavkat Mirziyoyev Nodirbek Abdusattorovning shaxmat bo‘yicha jahon chempioniga aylanishi lahzalarini samolyotdan onlayn kuzatib bordi, deb xabar qilgandi:

“Davlatimiz rahbari shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha yangi va eng yosh jahon chempioniga o‘zining eng samimiy tabriklarini yo‘llamoqda hamda uning ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirmoqda. Barakalla!”

Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘yin prezident MDHning norasmiy sammiti bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburgdan Toshkentga qaytayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.


O‘shanda Nodirbek va o‘zbekistonlik yana bir necha yosh iqtidorli shaxmatchilarni Toshkent aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi rasmiylar tantanali kutib olgandi.

Nodirbekning aytishicha, shundan so‘ng unga davlat ko‘magi kela boshlagan.

Shaxmatchining so‘zlariga ko‘ra, 2021-yilda erishgan tarixiy g‘alabasidan beri Magnus Karlsen bilan 20 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan. Birida yenggan, birida yengilgan, yana birida durang.

Ammo, bir vaqtlar kumiri bo‘lgan kuchli shaxmatchi bilan ketma-ketma dona surib yurgan iqtidor bu gal "kumiringiz kim", degan savolga dunyo shaxmatining afsonaviy o‘yinchisi Garri Kasparov ekanini aytdi.

XS
SM
MD
LG