Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:30

EKSKLYUZIV: “Kremlga bog‘liq ekan, MOda birlik bo‘lmaydi”. Mustafo Jamilev


ЭКСКЛЮЗИВ: Мирзиёев. Қрим. Тоштурма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:43 0:00

EKSKLYUZIV: Mirziyoyev. Qrim. Toshturma

Qrim tatarlari lideri, Ukraina Oliy Radasi deputati Mustafo Jamilev O‘zbekistonning bugungi hukumatini totalitar, deb tanqid qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ukrainadagi urush bobida tutgan neytral pozitsiyasini qrim tatarlarining “dushmanlari sirasida turish” deb baholadi.

Qrim yarimorolida tug‘ilgan, O‘zbekistonda ulg‘aygan, sobiq sovet davrida ittifoqqa tanilgan dissident Mustafo Jamilev, bugun O‘zbekistonda o‘tayotgan turkiy davlatlar birligiga oid siyosiy muloqotlar, Putin boshchiligidagi Kremldan qo‘rquv bor ekan, foyda bermaydi, degan fikrda.

Jamilev o‘z millati taqdirini O‘zbekistonga bog‘lagan voqealar, Toshturmada boshdan kechirganlari, prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Zelenskiy va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on siyosiy muloqotlari hamda Rossiya anneksiya qilgan Qrim taqdiri haqida Ozodlik savollariga javob berdi.

Jamilev bilan yaqinda Ukrainada safarda bo‘lgan Barno Anvar Kiyevda suhbatlashdi.

1944-yilda SSSR Vazirlar kengashi raisi Iosif Stalin buyrug‘i bilan 150 mingdan ortiq qrim tatari Qrim yarimorolidan O‘zbekistonga surgun qilindi.
Bular orasida qrim tatarlarining bugungi lideri, Toshturmada eng uzoq ochlik e’lon qilgan sovet dissidenti, 80 yashar Mustafo Jamilev bor edi.
O‘shanda Jamilev olti oylik chaqaloq bo‘lgan. Och-yupun holda surgun qilingan tatarlar juda qiyin sharoitda, KGB nazorati ostida yashay boshladi.
Mustafo Jamilev esa yoshligidan o‘z millati uchun qaygurgan, 1961-yilda esa yashirin tarzda "Qrim tatarlari yoshlarining ittifoqi"ga asos solgan.
1966-yilda sho‘ro armiyasida xizmat qilishdan bosh tortgani uchun 1 yarim yilga Toshturmaga tashlangan.
1969-yilda ilk bor tashkil etilgan "SSSRda inson huquqlarini himoya qilish Tashabbus guruhi" ta’sischisi bo‘lgan, buning uchun yana 3 yilga qamalgan.
Shu tariqa jami 6 marta qamoqqa tashlangan. Aynan o‘zbek turmalarida eng uzoq - 303 kun ochlik qilgan mahkum sifatida tarixga kirgan.
Qrim tatarlari 1989-yilda - SSSRning oxirgi rahbari Mixail Gorbachyov ruxsati bilan tarixiy vataniga qaytishga erishdi, Jamilev oilasi bilan Qrimga ko‘chdi.
1991-yilda u Qrim tatarlari Milliy Majlisi raisi etib, 1998-yildan Ukraina parlamenti Oliy radasi deputati etib saylangan.
Mustafo Abduljamil Qrimo‘g‘li umri davomida Qrim tatarlari tarixiy vatanini rus bosqinidan ozod qilish uchun kurashmoqda.
2014-yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilib olingach, uning ona vatani Qrimga kirishi Rossiya sudi hukmi bilan 2034-yilgacha taqiqlangan.
Jamilev qator xalqaro mukofotlarni olgan, uning nomzodi Nobel mukofotiga ham tavsiya qilingan.

-------------------------

Ozodlik: O‘zbekiston shu kunga qadar Ukrainadagi urush masalasida neytral pozitsiyani tutib turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa hali biror marta bu urush haqida bayonot bergani yo‘q. Sizning O‘zbekiston pozitsiyasiga munosabatingiz qanday?

"Mirziyoyev hukumati rasman Qrim rus tuprog‘i bo‘lganini tan olmasa-da, shundan beri BMT yig‘inida yoki neytral qoladi, yoki ruslarni dastaklaydi. Agar bizga bunday munosabatda bo‘lsa, bu qanday qardoshlik?!"

Mustafo Jamilev: Bayonot bermadi, demak mumkin emas. Qrim okkupatsiya qilingan paytda Mirziyoyev hukumati rasman Qrim rus tuprog‘i bo‘lganini tan olmasa-da, shundan beri BMT yig‘inida yoki neytral qoladi, yoki ruslarni dastaklaydi. Agar bizga bunday munosabatda bo‘lsa, bu qanday qardoshlik?! O‘zbekiston Rossiyaga bog‘liq. 2016-yilda Qirg‘izistonda bir yig‘ilish bo‘lgandi, Yevropa parlamenti assambleyasining qochqinlar masalasidagi yig‘ilishi. O‘shanda men, hozir Ukrainaning Mudofaa vaziri bo‘lgan Rustam Umerov bilan borgandim. Bizni u yerda bir necha soat to‘xtatib turishdi va keyin Rustam Umerovni ichkariga olib kirib ketishdi.

O‘shanda: “Mustafo Jamilevning yordamchisini qo‘lga olishdi”, deb dunyoda shov-shuv ko‘tarildi va keyin Turkiyaning bosimi ostida uni qo‘yib yuborishdi. Ya’ni, ularning Rossiyaga bog‘liqligi bor. Prezident Zelenskiy shu yil 7-aprelda iftor berdi, musulmon askarlariga, asosan qrim tatarlar askarlari edi. U yerda Zelenskiy gapirdi, men gapirdim. U yerda barcha elchilar bor edi. Men o‘shanda: “Bizning eng og‘ir paytlarimizda qo‘llagan barcha davlatlar, bular orasida ba’zi musulmon o‘lkalardan minnatdormiz.

Ammo, haq gapni aytadigan bo‘lsam, bundan ko‘proq dastak kutgandik. Men oddiy musulmonman, islom qonunlarini juda yaxshi bilmayman. Ammo, musulmonlarda jinoyat va uning qurboni, to‘g‘ri va yolg‘on orasida tarafsizlik, neytralitet bo‘lishi mumkinmasligini bilaman. Nega bizning davlatimiz va o‘g‘lonlarimizni ochiqdan-ochiq o‘ldirishayotganda, BMT rezolyutsiya taklif qilganda - biz din qardoshlarimiz, deb ko‘rgan insonlar neytral qoldi yoki ruslarni dastakladi. Bu qanday musulmonlik?! Afsus, O‘zbekiston bulardan biri, dedim.

Ozodlik: Zelenskiy nima dedi?

Mustafo Jamilev: Zelenskiy: “Siz shunaqa gaplarni aytyapsizki, aslida men aytishim kerak, lekin prezident sifatida men bunday qilolmayman”, dedi.


Ozodlik: Siz endi Zelenskiyga maslahatchisiz, yaqindan gaplashasiz. Uning bugungi O‘zbekiston haqida, Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi bugungi hokimiyati haqida qarashlari qanaqa?

Mustafo Jamilev: O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz bor, tijoratimiz bor, oz bo‘lsa-da. Bizga shunday qildingiz, deya ularni o‘zimizdan uzoq tutmaymiz, albatta. Nima bo‘lganda ham O‘zbekiston davlat va bu davlatni saqlashga harakat qilishmoqda. Ammo, bizni qo‘llagan Yevropa davlatlaridan O‘zbekiston va Qirg‘iziston kabi davlatlarning farqi bor, albatta. Ya’ni, bular yordam so‘rasak, haqiqatan bizga yordam berishadi, ammo ular tarafidan bunday dastak yo‘q. Yaqinda turkiy davlatlar birligiga bag‘ishlangan bir onlayn muzokara bo‘ldi.

Turkiyadagi tashkilotlar va ba’zi Yevropa davlatlaridan vakillar ishtirok etishdi. Mustaqil turk davlatlari birligi masalalari bo‘yicha. Men aytdimki: “Bu davlatlar tom ma’noda mustaqil bo‘lmaguncha, tom ma’noda demokratik davlat bo‘lmaguncha, bunday birliklardan hech bir foyda bo‘lmaydi. Misol uchun, bizning og‘ir davrimizda qardosh deganlarimiz qanday harakat qilishyapti?! Ishqilib, Putinning jahli chiqmasin, deyishyapti. Bu qanday qardoshlik?!” dedim.

Ozodlik: Prezident Zelenskiyda Kremlning O‘zbekistonga bosimi, Rossiyadagi millionlab o‘zbek muhojirlari va sobiq sovet o‘lka bo‘lgani bois Rossiya nazoratida ostida qolayotganidan o‘zbeklarning, go‘yoki jim turishga majbur bo‘layotganiga tushunish bilan yondashish bormi?

Mustafo Jamilev: Yo‘q, Zelenskiy bunaqa gap aytmagan. Ammo Ukrainada davlat strategiyasi millatlarni qo‘llash, yordam berishga qaratilgan. Ingushlar delegatsiyasi keldi, ulardan avval chechenlar kelishdi. Har bir milliy jumhuriyatlarning o‘z mustaqil harakatlari bor. Biz ularni qo‘llaymiz. Yaqinda chechen halqiga nisbatan genotsid bo‘lganini tan oldi, ingushlarni ham tan olamiz. Chechenistonni noqonuniy bosib olingan hudud, deb tan olmoqchimiz, undan keyin Ingushetiyani. Undan keyin yoqutlar bor, buryatlar bor va albatta, tom ma’nodagi demokratiya va mustaqillikni istagan o‘zbeklarni ham har doim qo‘llaymiz.

Ozodlik: Qrim tatarlarining Ukrainadagi vaziyatga keladigan bo‘lsak. Afsuski Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilingan. Siz Qrimning kelajagini qanday ko‘rasiz?

Mustafo Jamilev: Bu mavzuda biz Zelenskiy bilan ko‘p gaplashganmiz. 23-avgust kuni onlayn Qrim platformasi bo‘ldi, 66 davlat prezidenti va bosh vaziri qatnashdi. O‘sha yerda men aytdim: “Ukrainaning Qrim masalasida ko‘p xatolari bo‘ldi. 1991- yilda, sovet ittifoqi tarqalmasdan oldin referendum bo‘ldi. Qrim tatarlari O‘zbekistonda surgunda bo‘lib turgan paytda, Qrimda bizning insonlar oz edi. Bizning vatanimiz statusi bo‘yicha Rossiyadan keltirilgan odamlar qaror berdi va Qrim sovet sotsialistik jumhuriyati qurildi. O‘shanda bizning so‘zimizni tinglamadingiz, Qrim tatar jumhuriyati o‘rniga rus jumhuriyati qurildi. Shuning bilan, 2014-yilda Rossiyaning Qrimni ishg‘ol qilishini qulaylashtirdingiz. Rossiya yuzda-yuz Qrimni bosib olmasdi, deyolmayman. Ammo, buni qilish juda qiyin bo‘lardi. Chunki, 2014-yilga kelib, Qrimdagi butun hokimiyat rus shovinistlari, maxsus xizmatlari qo‘lida edi. Ammo, bundan keyin bu xatolarni hisobga olish kerak va zarur odimlarni otish kerak”, dedim.

Birinchi odim otildi, qrim tatar xalqi mahalliy xalq o‘laroq tan olindi. Ikkinchi o‘rinda, Qrim tatar xalqining Ukrainadagi maqomi bo‘yicha alohida qonun loyihasi bor. Biz uni Venetsiya komissiyasiga yo‘lladik. Uchinchi eng og‘ir ish, Ukraina Bosh qonunining 10-moddasiga Qrim bo‘yicha o‘zgartirish kiritish kerak. U yerda Qrim tatar avtonom respublikasi, deyishga hojat yo‘q. U yerga “Bu respublika Qrim tatar mahalliy xalqining Ukraina qonunchiligi doirasida o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlash orqali tuzildi”, degan jumla kiritilishi kerak va yana biz uchun eng muhimi, qrim tatar tili maqomi Qrim yarimorolida davlat tili bilan barobar bo‘lishi kerak. Ikkita- ukrain va qrim tatar davlat tili bo‘lishi kerak. Qrim tatar halqi vakillari Oliy Rada va ijro tizimlarida 100 foizdan 33 foizini tashkil qilishi kerak. Bu 33 foiz boshqa millatlar va xalqlarning o‘z istaklarini diktat qilishiga yetmaydi, ammo o‘z huquqlarini himoya qilishi uchun yetarli mexanizm bo‘ladi.

Ozodlik: Prezident Zelenskiy qanday qaraydi bu talabga?

Mustafo Jamilev: Ukraina davlatida bu borada har xil fikrlar bor. Ba’zi ortiqcha millatchilar bor. Ular: “Bu jumhuriyat qurilsa, separatizmga yo‘l ochiladi. Unitar davlat bo‘lsin, jumhuriyat bo‘lmasin”, deydi. Ammo, Zelenskiy bilan inauguratsiyadan 1 oy o‘tgach, alohida uchrashgandik. Biz o‘shanda bu masalani qo‘ydik va istaklarimizni aytdik. O‘shanda u: “Men buni qo‘llayman” dedi. Haqiqatda ham mahalliy xalqlar haqidagi qonunning qabul qilinishini 30 yillab talab qildik, ammo Zelenskiy davriga kelib qabul qilindi.

"Markaziy Osiyo davlatlari tom ma’noda demokratik bo‘lmaguncha, bunday birlashmalardan foyda ko‘rmayman. Chunki, ular Putin va Rossiyaga qarshi ish qilmaydi".

Ozodlik: Qrim tatarlarining alohida jumhuriyati bo‘lishi u yerda Rossiyaning yanada kuchli agressiyasiga yo‘l ochmaydimi?

Mustafo Jamilev: Yo‘q. Aksincha, agar 2014-yilda u yerda Qrim tatar jumhuriyati bo‘lsaydi, u yerdagilar “Biz Rossiyaga qo‘shilamiz”, deb ovoz berarmidi? Bermasdi.

Ozodlik: Sizning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan ham aloqalaringiz yaxshi. Hozir Erdo‘g‘on Markaziy Osiyo respublikalarida turk davlatlar birligini qurish kabi tashabbus bilan chiqdi, sammitlar bo‘ldi Samarqandda. Turkiy davlatlar tashkilotining kelajagiga qanday qaraysiz?

Mustafo Jamilev: Hali aytganimday, bu davlatlar tom ma’noda demokratik bo‘lmaguncha, bunday birlashmalardan foyda ko‘rmayman. Chunki, ular Putin va Rossiyaga qarshi ish qilmaydi.

Ozodlik: Lekin, ayni paytda, Erdo‘g‘on Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari tashabbuschisi bo‘lib chiqmoqda?

Mustafo Jamilev: Bu masalada men Erdo‘g‘onning o‘ziga ham aytdim, uning maslahatchilariga ham aytdim: “Bizga hozir tinchlik uchun tashabbus va orachi kerakmas, biz ruslar bilan bir stolga o‘tirmaymiz. Ular bizning tuproqlardan chiqmaguncha, Putin iqtidorda qolarkan, hech qanday muzokara bo‘lmaydi”. Bu qonun bilan taqiqlangan, prezidentning farmoni bor. “O‘t ochish to‘xtasin, odamlar o‘lmasin”, deyishyapti. Xo‘p, qanday qilib kelishamiz bugungi sharoitda?! Siz avval tuproqlarimizdan chiqing, keyin muzokaraga o‘tiraylik!

Ozodlik: Bu murakkab vaziyat qanday natija bilan tugashi mumkin, sizningcha?

Mustafo Jamilev: Biz aslida Qrim yarimoroli va butun Donbassdan ularni diplomatik yo‘l bilan chiqarishga ko‘p urindik, bo‘lmadi. Bundan keyin ham bo‘lmaydi. Ammo, rus askarlarining vahshiy harakatlari, tinch aholimizni ommaviy o‘ldirishlaridan keyin muzokara bo‘lmaydi, degan qaror chiqdi. Shuning uchun bunday tashabbuslarni biz qabul qilmaymiz.

Ozodlik: Hozir Yevropa davlatlarida, har holda xalqida so‘nggi bir yarim yil ichida yordam berish ortidan zo‘riqish, qarshilik kuzatilmoqda. Bunday yordam qancha davom etishi mumkin, Ukraina Rossiyaga qarshi yana qancha turib bera olishi mumkin sizningcha?

Mustafo Jamilev: Aslida qarshi chiqqanlar bo‘ldi. Diplomatlar bilan gaplashganimizda shu masaladagi xavotirlarni bildirganimda, ular: “Bunday ovozlar doim bo‘lgan. Lekin yordamni davom etyapmiz-ku?! Bundan keyin ham bunday ovozlar chiqishi mumkin”, deyishadi. Shu bois, bu borada qattiq xavotirimiz yo‘q. Hatto, Tramp ham aqlga zid gaplar aytdi: “Prezident bo‘lsam, Qrimni Rossiyaga bergan bo‘lardim, shu bilan urushni to‘xtatgan bo‘lardim”, deb. Hoy, Qrimni kimga beryapsiz, o‘rniga Kaliforniyani bering! Qaysi haq bilan bizning tuprog‘imiz ustida savdo qilyapsiz?!

Ozodlik: O‘zbekistondan kelayotgan qrim tatarlari hali ham bormi?

Mustafo Jamilev: Juda oz, juda oz. Aksincha, keyingi 10 yildan beri Qrimdan tatarlar chiqib ketyapti. Taxminimizcha, 30 ming tatar Ukraina tuproqlarini tark etdi. Bu katta raqammasdir, ammo qrim tatar xalqining 100 dan 10 foizi degani bu. Ammo, bu davom etyapti. Biz ularga: “Iltimos, vatanni tark etmang, shuncha yil kurashdik u yerni qaytarish uchun”, deyapmiz. Ammo, ular ham haqli ravishda bizga e’tiroz bildiryapti: “Siz Kiyevda tinchlikda o‘tirib bizga qol, deyapsiz. Ammo ertaga kelib bizning bolalarimizni o‘limga yuborishsachi”, deyishyapti. Ular ham haqli. Imkoni bo‘lgan ko‘plab yoshlarimiz turli o‘lkalarga ketishdi. Turkiyada minglab, Yevropa o‘lkalarida ham ko‘p. Bu hol halqimizning sochilib ketishiga olib keldi.

Ozodlik: Bu urush bir kun bitadi. Endi urushdan keyin Ukrainani tiklash kerak bo‘ladi. Urushdan keyin, aksar taxminlarga ko‘ra, Rossiya qiyin iqtisodiy ahvolda qoladi, sanktsiyalar ostida. Ukrainaga esa investitsiya keladi va Rossiyadagi muhojirlar oqimi Ukrainaga yo‘nalishi kutilyapti. Hozir, O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida shunday so‘zlashuvlar boshlandimi?

Mustafo Jamilev: Yo‘q, bu masaladan hech xabarim yo‘q. Aslida O‘zbekiston masalasi o‘rtaga chiqmaydi, odatan. Har xil diplomatik tadbirlarda O‘zbekiston elchisi bilan ko‘rishamiz. Ammo sovuq ko‘rishuv bo‘ladi. Chunki, bizning vaziyatimizda ularning tarafsiz qolishi – bizga dushmanlar safida turganday bir gap.

Ozodlik: Siz o‘zingiz bu borada kelajakni qanday ko‘rasiz, o‘zbekistonliklarning Ukrainani tiklashda ishtiroki qanday bo‘ladi?

Mustafo Jamilev: Birinchidan, Rossiya bugungi chegaralarida qolmaydi, taxminimizga ko‘ra. Agar yutqazsa, dezintegratsiya bo‘ladi. Ko‘p o‘lkalar buni kutishyapti. Kreml ham buni tushunib turibdi. Bundan tashqari, agar prezidentimizning 10 moddali talabi qabul qilinsa - unda Xalqaro sud qilish ham bor, trillionlab dollar tovon puli undirish ham bor – u holda Rossiyaning gaz va neftdan olgan daromadi tovon pulini to‘lashga ketadi. Oxir-oqibatda, bugun Putinga shon-sharaflar, deyayotgan odamlar cho‘ntagidagi pulni berishiga to‘g‘ri keladi. Hozir buni tushunishmayapti, lekin vaqti kelib ko‘rishadi. Kundan kunga Rossiyaning qarzi ortyapti, buni biz va Yevropa hisob-kitob qilyapti. Shu manoda, urushdan keyin Ukrainaga katta sarmoya kiradi, chunki demokratik o‘lka sifatida butun dunyo e’tiborini qozondi.

Ozodlik: O‘zbekistonga oxirgi marta qachon borgandingiz, yana borgingiz keladimi?

Mustafo Jamilev: Mening O‘zbekistonga oid xotiralarim Toshkent turmasi bilan bog‘liq. Men 1989-yilda bu davlatdan chiqdim va qaytib bormadim. Agar demokratik o‘lka bo‘lsa, borgan bo‘lardim. Ammo, bugungi rejim bor ekan, qiyin.

Ozodlik: Toshturmada qanday munosabatda bo‘lishgan?

Mustafo Jamilev: Birinchi marta, talabalikdan quvishdi va meni sovet armiyasiga olishmoqchi bo‘lishdi. O‘shanda men voyenkomatga borib: “Meni ishonchsiz odam, deb universitetdan quvdingiz, ammo endi bu ishonib bo‘lmaydigan odam qo‘liga qurol bermoqchisiz, mantig‘ingizni tushunmayapman”, dedim. “Kim sizga qurol beramiz dedi, belkurak beramiz”, deyishdi. “Avtomat bo‘lsa borardim, lekin belkurakka rozimasman”, dedim. Unda rad etganingiz haqida yozib bering, deyishdi.

“Sovet armiyasida xizmat qilishdan bosh tortaman. Chunki, bu armiya sovet davtlatini - vatanni tashqi dushmandan himoya qilish uchun tuzilgan. Mening esa vatanim yo‘q, uni mendan sovet hukumati tortib oldi”.

Men esa: “Sovet armiyasida xizmat qilishdan bosh tortaman. Chunki, bu armiya sovet davtlatini - vatanni tashqi dushmandan himoya qilish uchun tuzilgan. Mening esa vatanim yo‘q, uni mendan sovet hukumati tortib oldi”, deb yozib berdim. O‘shanda birinchi marta bir yarim yilga qamaldim. Ammo, u paytdagi Jinoyat kodeksida 191-modda bor edi - sovet tuzumiga tuhmat va ichki hamda tashqi siyosatiga putur yetkazuvchi materiallarni tuzish, degan ayblov bilan keyingi mahkamalarning asosiy qismi O‘zbekistonda bo‘ldi.

Ozodlik: Demak, O‘zbekistondan asosan og‘ir xotiralar qolgan?

Mustafo Jamilev: Og‘ir xotiralargina emas, porloq xotiralar ham bor. U yerda do‘stlarim ko‘p, bolalik yillarim o‘tdi. Biz o‘zbek qishlog‘ida edik, men top-toza o‘zbek tilida gaplashardim. Ruscha bir necha so‘z bilardim - salom, xayr va ozgina so‘kinishni bilardim.

Ozodlik: Uyda o‘zbekcha ovqatlarni pishirasizmi, bo‘sh vaqtlaringizda?

Mustafo Jamilev: Uyimizda palov ko‘p, manti ko‘p pishiriladi. Aslida palov, manti bizning milliy oshxonamizga kirdi, davom ettiryapmiz. Lag‘mon bor, garchi bu uyg‘ur taomi.

Ozodlik: Bir kun kelib, Qrim alohida jumhuriyat bo‘lsa, O‘zbekiston bilan aloqalari qanaqa bo‘ladi?

Mustafo Jamilev: Inshaalloh, juda yaxshi bo‘ladi. Biz necha yillar davomida O‘zbekistonda mehmon bo‘ldik, nonini yedik. U yerda bizning qarindoshlar, millatdoshlarimiz bor. Aloqalarni jonlantirishga harakat qilamiz albatta. Ammo u yerda rejim o‘zgarishi kerak. Agar hozirgiday totalitar bo‘lib qolsa, qiyin bo‘ladi.

Ozodlik: Hozir mudofaa vaziri bo‘lgan Rustam Umerovning O‘zbekiston haqida fikri qanaqa? O‘zbekiston bilan hamkorlik tarafdorimi?

Mustafo Jamilev: Rustam Umerov biznesmen edi. O‘zbekiston va Qozog‘istonda bir necha firmalari bor edi. Ammo, Rustam shunaqa odamki, bunaqalar dunyoda kam. Rustamning dunyoning turli davlatlarida aloqalari ko‘p. Urush boshlanganidan keyin o‘sha aloqalari vositasida Ukrainaga yordam keltirdi. Bir kuni 23 millionmi-26 million dollarmikin, shartnomaga erishibdi, ammo byudjetda pul yo‘q. O‘zbekiston va Qozog‘istondagi firmalarini shartta sotib, puliga qurol olib, davlatga berdi. Bunaqa odamlar kam. Ammo, hech qayerda bu haqda matbuotga gapirmadi, gapirmaydi, u shunaqa odam.

Ozodlik: Ukrainani ona vatanim, deb hisoblaydi demak. Samarqandni eslaydimi?

Mustafo Jamilev: Samarqandni eslaydi. Ammo, Ukraina... Biz juda yaxshi tushunamizki, agar biz bu urushda yutqizsak - Qrim ruslar qo‘lida qolsa - xalqimiz uchun hech qanday kelajak yo‘q. Yo Qrimni tark etadi, yoki ruslashib millat o‘laroq yer yuzidan yo‘q bo‘ladi. Shuning uchun qo‘limizda borini davlatga beramiz!

XS
SM
MD
LG