Линклар

Шошилинч хабар
05 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:37

Enter Engineering: Rossiyalik xodim maoshi undirildi, yuzlab ishchi hanuz maoshsiz


Enter Engineering shirkatining yuzlab ishchilari hanuz maoshsiz qolmoqda. Farg‘ona.
Enter Engineering shirkatining yuzlab ishchilari hanuz maoshsiz qolmoqda. Farg‘ona.

Maoshlar kechikishi yoki berilmasligi tizimli muammoga aylangan O‘zbekistondagi Enter Engineering shirkatining rossiyalik xodimiga oyligi undirib berildi. O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va banlik vazirligi bayonotida aytilishicha, Ilya Pus o‘tgan yil iyun oyidan noyabr oyigacha oyligi to‘lanmay kelingani haqida Chilonzor tuman bandlik bo‘limiga arz qilgan.

Shundan so‘ng unga bir necha oy davomida to‘lanmagan 57 ming dollar miqdoridagi ish haqi undirib berilgan.

"2025-yil 13-yanvar kuni ENTER ENGINEERING korxonasi xodimi Pus Ilya Nikolayevich 2024-yil iyun oyidan noyabr oyiga qadar to‘lanmay kelayotgan oylik ish haqini undirishda amaliy yordam so‘rab Chilonzor tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qildi. Murojaat belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, xodimga 57 ming AQSH dollari miqdoridagi oylik ish haqi va hisob-kitob pullari undirib berildi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Enter Engineering shirkati sahifasida may oyida e’lon qilingan xabardan ayon bo‘lishicha, Ilya Pus Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasiga rahbarlik qilgan.

Yuzlab ishchi hanuz maoshsiz

Ayni paytda O‘zbekiston bo‘ylab davlatning qurilish, energetika va boshqa sohalardagi yirik buyurtmalarini bajarib keladigan Enter Engineering shirkatining yuzlab ishchisi yana ish tashlash bilan tahdid qilmoqda. Ular olti oydan beri maoshlari berilmaganidan norozi. Rahbariyatidan oyliklarini berishni talab qilmoqda.

“Sentyabr 30 foiz, oktyabr 100 foiz, noyabr 100 foiz, dekabr (maoshlari) 100 foiz - umuman berilmagan”, - deydi Enter Engineering'ning ismini ochiqlashni istamagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

Eriell Group va Enter Engineering shirkatlarida so‘nggi uch yil ichida oyliklar kechikishi doimiy tus olgan.

Ishchilar da’vosicha, ish haqini so‘rab rahbariyatga shikoyat qilganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda.

4 миллиард долларлик Uzbekistan GTL заводини қураëтган минглаб ишчи ғалаëн кўтарди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:26 0:00

Ishchilar oylik maoshlari kechikishi bilan birga to‘lanadigan mehnat haqidagi ulkan tafovutdan ham norozi.

Enter Engineering korxonasi xodimi Ilya Putsga 2024-yil iyun oyidan noyabr oyiga qadar to‘lanmay kelayotgan 57 ming AQSH dollari undirib berildi. Demak bu ishchining oyligi sal kam 10 ming AQSH dollari ekani ayonlashadi.

“Men svarshchik, jaziramada tinim bilmay ishlaymiz. 5 million so‘m oylik. Shuni ham ko‘p ko‘rishyapti. Qozog‘istonlik, hindistonlik, turkiyalik, rossiyalik ishchilar ham bor. Ularga to‘rt-besh baravar ko‘p beradi. Hozir ularni oyligi ham kechikyapti. Shikoyat qilib borsangiz, arizangni yoz, ketaver deydi”, - deydi Enter Engineering'ning Ozodlik gaplashgan ishchisi.

Eriell Group va Enter Engineering shirkatining O‘zbekiston bo‘ylab 200 dan ortiq obyekti bor. Katta-kichik bu obyektlarda qurilish, ta’mir, qayta ta’mir yoki modernizatsiya loyihalari amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning turli hududlarida ishlayotgan shirkat ishchilari o‘zlarining Telegram kanalida besh oydan buyon maosh ololmayotganidan yozg‘irishadi.

Shirkatning xorijlik ishchilari ham oyliksiz qolganliklarini aytishgan.

Shu oy boshida qozog‘istonlik xodimlar o‘tgan yilning may oyidan buyon oylik maoshlarini ololmayotgani haqida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov nomiga jamoaviy murojaat bilan chiqishgandi.

Nusxasi Ozodlikda bo‘lgan murojaatnomada qozog‘istonliklar o‘zlariga 2024-yilning may oyidan buyon maosh to‘lanmayotgani, shu tufayli ular va oilalari qiyin ahvolda qolganlaridan shikoyat qilishgan. Ular o‘z mamlakati elchisidan Enter Engineering Pte.Ltd va UZLITI Engineering MCHJ bilan yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish, o‘zlarining qonunchilikda ko‘zda tutilgan mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat qonunchiligini buzgani uchun shirkat rahbariyatini javobgarlikka tortish bo‘yicha chora ko‘rilishi bo‘yicha ko‘mak so‘rashgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qozog‘istonliklarning elchiga murojaatidan keyin ham ishchilarning maoshlari to‘lab berilmagan.

Enter Engineering'ning Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi 200 dan ortiq obyektlarida 52 mingdan ortiq ishchi ishlaydi.

Ularning 12 mingga yaqini Qozog‘iston, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Eron va boshqa mamlakatlardan kelgan.

Ular orasida qurilish muhandislaridan tortib geolog konchilargacha bor. Ishga qabul qilinganlarida oyiga 2 million so‘mdan 5 million so‘mgacha oylik va’da qilingan.

“Oylik kechikishini so‘rasangiz hech kim sababini aytmaydi. Eshitishimga ko‘ra, Enter Engineering shirkati prezident Mirziyoyevning eng yaqin odamiga tegishli. Shuning uchun oylik ustida tortishishni foydasi yo‘q, deyishdi menga. Lekin, bir narsani aytaman, bu shirkat kimga tegishli bo‘lsa ham ishchilarini peshona terisini, ularning bolalarini rizqini urib qolyaptimi ohiri voy bunaqa shirkatni, uzoqqa bormaydi”, - degandi Ozodlikka Enter Engineering'ning turkiyalik xodimi Tufan Chiftji.

Bundan oldin Ozodlik bilan bog‘lanib, muammolari haqida gapirgan ishchilar bosim kuchaygani, ishdan bo‘shatish tahdid qilinganini aytishgandi.

Enter Engineering kompaniyasi 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u O‘zbekistonda neft va gaz, sanoat va fuqarolik obyektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Agar shuncha imtiyozlar bilan bu shirkat ishchilariga oylik to‘lay olmayotgan ekan, unda pullar kimga yoki qayerga ketyapti?

Britaniyadagi Ulster universiteti professori Kristian Laslett bu savolning javobini O‘zbekiston iqtisodiyotida tizimli tus olgan muammolardan izlash kerakligini aytadi.

ERIELL va Enter Engineering kompaniyalari ishchilariga oylik bermayotgani haqidagi xabarlarni eshitib hayron bo‘lmadim. Chunki O‘zbekiston yaqin tarixida bir-biri bilan chambarchas bog‘langan xususiy kompaniyalar o‘zbek energetika sektorini ochko‘zlik bilan talab kelayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bunga eng yorqin misol sifatida Shveysariya shirkati sifatida 2000-yillarda faoliyat yuritgan va mamlakatdagi ulkan neft gazni talon-toroj qilgan Zeromax kompaniyasini aytish mumkin. Bugungi kunga kelib bu shirkat taqdiri nima bilan poyoniga yetganini hammaga ayon. Shveysariya politsiyasi va boshqa manbalar ZeroMax kompaniyasiga tegishli aktivlarning bir qismi birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimova nomi bilan bog‘liqligini aniqlagan. Hozir u qamoqda. Zeromax shirkati esa 2010-yildayoq inqirozga uchrab, yopilgan", - deydi Lasslett.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining yirik sohalarida tuzilayotgan shartnomalar shaffof emas va mahalliy byudjet hamda ishchi-xodimlarning manfaatlarini ko‘zlamaydi.

"Olib borgan tadqiqotimda meni hayron qoldirgan qiziq bir narsaga duch keldim. Ya’ni, O‘zbekistonda qurilish, gaz-kon sanoati va boshqa bir qator sohalarda tuzilgan so‘nggi shartnomalar boyliklarni talashga imkon yaratadigan qilib, kompaniyalar uchun juda qulay shartlarda tuzilmoqda.

Tabiiy bir savol tug‘iladi: Agar shuncha imtiyozlar bilan bu shirkat ishchilariga oylik to‘lay olmayotgan ekan, unda pullar kimga yoki qayerga ketyapti?

Bizga ma’lumki, ERIELL va Enter Engineering kabi kompaniyalar o‘tgan yillar davomida sanksiyalardan boshi chiqmayotgan Rossiya moliya giganti Gazprom banki tomonidan moliyalashtirib kelingan.

Bundan kelib chiqadiki, menimcha, bu boylikning katta qismi O‘zbekiston iqtisodini emas, aksincha Rossiya iqtisodiyotini rivojlantirmoqda. O‘z navbatida bu pullar Kreml urush mashinasini ishlab turishiga ham hissa qo‘shayapti, deyish mumkin".

Олмалиқдаги Enter Engineering ишчилари иш ташлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:15 0:00

Ayni paytda Lasslettning aytishicha, O‘zbekistonning gaz-kon va qurilish sohalarida davlatning yirik buyurtmalarini qo‘lga kiritayotgan kompaniyalarning asl benefitsiarlari jamoatchilik ko‘zidan yashirilgan.

"Ochiq manbalarda kompaniya egasi sifatida samarqandlik ishbilarmon Baxtiyor Fozilov ko‘rsatilgan.

Izlanishlarim mobaynida Fozilov general polkovnik Rustam Inoyatov (O‘zbekiston sobiq MXXsi rahbari-tahr.) ning o‘g‘liga tegishli kompaniyaga ham aloqadorligiga ishora qiluvchi ma’lumotlarga duch keldim.

Bu Inoyatovning o‘g‘li va unga yaqin odamlar ham ushbu kompaniyalarning benefitsiarlari bo‘lishi mumkinligini va talon-toroj qilinayotgan boylikdan bahramand bo‘lyapti, degan xulosani beradi. Hozircha ularning hech biri bu ayblovlarni na tan olgan, na rad etgan.

Ammo, bu yerda eng muhim bir jihat, bu xususiy shirkatlar qo‘lga kiritayotgan foyda kompaniya ishchilari va o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar uchun emasligi aniq.

Bu holat shubhasiz, bir vaqtlar bankrotga uchrab, izidan ko‘plab norozi kreditorlar qoldirgan Zeromax taqdirini eslatadi”.

O‘n minglab ishchiga oylab maosh bermayotgan har ikki kompaniya - Enter Engineering va Eriell Ozodlikning qator surishtiruvlari markazida bo‘lgan Kremlga yaqin oligarx, “daxlsizlik” immunitetiga ega “qudrat egasi” Baxtiyor Fozilovga tegishli.

Bu shirkatlar O‘zbekistonning kon-metallurgiya, gaz va neft, turizm, turli ishlab chiqarish obyektlari modernizatsiyasi, ayrim yirik binolar ekspluatatsiyasi kabi 228 ta loyihani qo‘lga kiritgan."

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda ishchi-xodimlarning huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligi mehnat huquqlarining muntazam buzilishi va majburiy mehnatga sabab bo‘layotganini ta’kidlab keladilar.

“O‘zbekistonda mehnat huquqlari, jumladan oylik-maoshlar bo‘yicha ish beruvchilar zimmasiga javobgarlik yuklovchi, oyliklar kechiksa ishchilarga katta miqdorda kompensatsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan qonunlar qabul qilingan. Lekin, mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligi qog‘ozdagi bu islohotlarni yo‘qqa chiqarmoqda. Mustaqil kasaba uyushmalari yo‘q O‘zbekistonda nimani ko‘ryapmiz, oyliklar berilmayapti, mehnat huquqlari buzilyapti. Ishchilar ishdan haydalishidan qo‘rqib hech bir joyga shikoyat qilolmaydi, shikoyat qilsa ishidan ayrilishini biladi. Hamma muammo mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligidan kelib chiqyapti”, - deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

XS
SM
MD
LG