Qozoq ovullarida yashovchi ayollar ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent yaratib, o‘z oilalariga qo‘shimcha daromad keltirishmoqda. Ayni chog‘da ular internetda o‘quv kurslarini ham olib borishadi.
2022-yilda Aqbilek Abdirova TikTok va Instagram uchun videoroliklar suratga ola boshlaydi. U paytlar ayol eri bilan Mangistov viloyatidagi qishloqda yashardi.
2024-yil oxirida ular viloyat ma’muriy markazi – Aqtau shahridagi yangi uyga ko‘chib o‘tishdi.
Bunga qisman Aqbilekning Instagram'dagi profili orqali topgan daromadlari imkon berdi.
“Endi kontent qila boshlaganimda hech kim meni qo‘llab-quvvatlamagan. Odamlar: “Vaqtingni bekorga ketkizyapsan, bundan hech qanaqa foyda yo‘q”, deyishardi. Sekin-asta obunachilarim ko‘payib, pul ishlab topa boshlaganimdagina qarindosh-urug‘lar meni tushunishdi”, deydi 28 yoshli Aqbilek Ozodlik radiosi qozoq xizmati bilan suhbatda.
Abdirovaning ko‘p roliklari – an’anaviy oilalarga tushgan qozoq kelinlarining ro‘zg‘or yumushlari haqidagi kreativ eslatmalardir.
Aqbilek ham ular qatori har kuni supur-sidir-u pishir-kuydir bilan shug‘ullanadi, ham 3-4 soat o‘tirib video suratga oladi va montaj qiladi.
Oila shaharga ko‘chib borgach ro‘zg‘or ishlari kamayib, Aqbilek bir novvoyxonada ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha menejer bo‘lib ishlay boshladi. Bundan tashqari, homiladorlik ta’tilidagi ayollarga mo‘ljallangan o‘quv kurslari va “marafon”lar o‘tkazib, ularni ijtimoiy tarmoqlar uchun videoroliklar olishga o‘rgatadi.
“Videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylaganlik uchun hech kim bizdan pul olmaydi. Qaytaga, kontentingiz ko‘p tomosha qilinsa va uni to‘g‘ri boshqara bilsangiz, daromad olishingiz mumkin. Bu moliyaviy mustaqil bo‘lishingizga yordam beradi”, deydi Aqbilek Abdirova.
“Serqirra kelin”
Qozog‘istonda yosh ayollar haq to‘lanadigan rasmiy ish bilan birga “kelinlik majburiyatlari”ni ham bajarishadi, qaynona-qaynotaga va o‘z farzandlariga g‘amxo‘rlik qilishadi.
Bu “haq to‘lanmaydigan, ko‘rinmaydigan va qadrlanmaydigan mehnat” iqtisodiyotimizda “ikkinchi smena” sifatida tanilgan, deydi yurist va tadqiqotchi Aygerim Husaynqizi.
“Ayollarimiz: “Bu ish og‘ir emas-ku, bemalol eplayman”, deyishadi. Biroq bu ahvol uzoq vaqt davom etgan taqdirda depressiyaga olib kelishi mumkin”, deydi Husaynqizi.
Suhbatdoshimiz ayni holatni boshidan kechirgan ayollarning akkauntlari ommalashayotganini qisman shu bilan izohlaydi.
34 yashar Aygerim Omirzaqova Qozog‘iston janubidagi Jambul viloyatining Qulan qishlog‘idan.
U besh yil ichida Instagram'da 175 ming, TikTok'da esa 163 ming obunachi yiqqan. Aygerim o‘zini “serqirra kelin” deb ataydi.
Besh farzandli bu ayol ham internetda videomontaj kurslarini olib boradi, yuzlab shogird tayyorlashga ulgurgan.
Aygerim Ozodlik bilan suhbatda “dekret ta’tili davrida depressiyaga tushmaslik uchun” kontent yaratishni boshlaganini, postlari ostidagi pozitiv izohlar unga dalda bo‘lganini aytadi.
Ayol videolariga kadr ortidan ovoz beradi. Uning roliklari asosan ro‘zg‘or yumushlariga o‘ralashib qolgan ayollarga mo‘ljallangan “layfxaklar”dan iborat.
Shuningdek, u keksa va kasalmand qarindoshlarga qarash, yuvib-tarash bo‘yicha tavsiyalar ham beradi. Ayolning bu borada tajribasi bor: qaynotasi ikki yil avval insult bo‘lib tildan qolgan, to‘shakdan tura olmaydi.
“Ayol qila olmaydigan ish yo‘q dunyoda. Bizning zamonda erning topganiga yoki bolalar nafaqasiga qanoat qilib o‘tirmaslik kerak”, deydi Aygerim.
Halol kolbasa savdosi
31 yoshli Qarlig‘och Bakit qisqa vaqt ichida TikTok'da 15 mingdan ziyod obunachi yig‘di.
Erining ota-bobosi chorvador cho‘ponlar bo‘lishgan.
Ayol halol kolbasa tayyorlash kursida o‘qib chiqqach, yaqinda 1,4 million tenge (3 ming dollar)lik davlat grantini yutib olib, Olmaota viloyatida o‘z kichik biznesini yo‘lga qo‘ydi.
Uning ijtimoiy tarmoqlardagi yorqin postlari, xususan kolbasa pishirish jarayoni haqidagi videolari savdoni jonlantirishga yordam berdi. Qarlig‘och o‘z mahsulotlarini kuryer taksilar orqali yetkazib beradi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimni tanishtirib, obunachilarga o‘z hayotim haqida gapirib berganimdan so‘ng odamlar menga ishonishdi. Uyimiz shahardan mashinada to‘rt soatlik yo‘l ekaniga qaramay, u yerda anchagina mijozlarim bor, har kuni yangi mijozlar paydo bo‘lyapti”, deydi Bakit.
To‘rt farzandning onasi bo‘lmish bu ayol qaynilari maslahati bilan kontent yaratishni boshlagan ekan.
Yozda u oilasining baland tog‘ yaylovlaridagi turmushi haqida videolar oladi: tog‘da ular o‘tovlarda yashaydilar va sayyohlar uchun qimiz tayyorlaydilar.
Suhbatdoshimiz yoz faslida cho‘ponning xotini va TikTok'da kontent yaratuvchi rollarini birga olib borish qiyin bo‘lishini aytadi.
“Yaylovda aloqa yaxshi emas, shu bois bu yil ko‘k vagonchamizni olib ketdik: men signalni tutish uchun uning ustiga chiqib olaman. Kuzda qishloqqa qaytamiz, chunki bolalar maktabga borishi kerak”, deydi Qarlig‘och.