Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:30

Faollar: NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Karimov davridagidan ham qiyinlashdi


Nukusdagi "Chiroq" inson huquqlari nodavlat tashkiloti faollari.
Nukusdagi "Chiroq" inson huquqlari nodavlat tashkiloti faollari.

O‘zbekistonda hukumat rasmiylarining fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi bayonotlariga qaramay, faollar nodavlat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda sun’iy to‘siqlar va qarshiliklarga duch kelayotganliklarini aytishmoqda.

Paxta yig‘im-terimida mehnat huquqlari buzilishi monitoringi bilan shug‘ullanuvchi qoraqalpog‘istonlik inson huquqlari faoli Azimboy Otaniyozov qariyb ikki yildan buyon o‘zi rahbarlik qiladigan “Chiroq” inson huquqlari nodavlat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazishga urinib keladi.

Otaniyozov NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish so‘roviga o‘tgan oy Adliya vazirligidan ikkinchi marta rad javobi oldi.

“Ikki yildan beri paysalga solib kelishyapti. Hamma so‘ragan hujjatlarni olib borib beramiz, u yetishmaydi, bu yetishmaydi, deb qaytarishadi”, - deydi huquq faoli.

“DXX roziligisiz hech narsa qilisholmas ekan”

Otaniyozov nodavlat tashkilotini Qoraqalpog‘istondagi o‘ndan ziyod faol bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidenti va boshqa hukumat rasmiylarining so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyatining ahamiyati to‘g‘risidagi bayonotlaridan ilhomlanib, tashkil etganini aytadi.

“Biz qonuniylik tarafdorimiz. Qonun ustuvorligi, so‘z erkinligi, adolatli boshqaruv bo‘lishi kerak, deyishyapti. Shuning uchun tashkilotimizni ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qilyapmiz, lekin natija bo‘lmayapti. Hozir NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish o‘sha eng qattol diktator deb ko‘rilgan Karimov davridagidan-da qiyin bo‘lib qolgan.

Imlo xatolari bor ekan, deydi, mahalladan spravka yetishmaydi, deydi. Holbuki, Adliya vazirligining o‘sha javob xati imlo xatolariga to‘la.

Adliya vazirligi mas’ul xodimlaridan biri bilan gaplashsam, “akajon, ro‘yxatga olish bizga bog‘liq narsa emas, davlat xavfsizlik xizmatlari ham tekshiradi, ularning roziligisiz hech narsa qilolmaymiz”, dedi. Hujjatlarni ikki nusxada topshiramiz, bir nusxasi DXXga ketar ekan.

Biz bu nodavlat notijorat tashkilotini ezgu maqsadlarda ochganmiz. Maqsadimiz jamoat manfaatlari yo‘lida harakat qilish va Qoraqalpog‘iston xalqining muammolarini hal etishga ko‘maklashishdan iborat. Yaqinda yana bir marta Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tish uchun hujjatlarni topshiraman va umid qilamanki, bu oxirgisi bo‘ladi”, - deydi Otaniyozov.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tishda muammolarga duch kelayotgan faqat “Chiroq” tashkiloti emas.

O‘zbekistonlik huquqshunos Shuhrat G‘aniyev aprel oyida Adliya vazirligidan o‘zining Buxorodagi “Gumanitar-Huquqiy Markazi”ini ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘qqizinchi marta rad javobini oldi.

Uning arizasi “davlat bojini to‘lamagan” degan vaj bilan rad etilgan.

Biroq faol barcha hujjatlar talabga muvofiq taqdim etilgani va boj ham to‘langanini aytgan.

Byurokratik chig‘iriq

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti shu yil boshida e’lon qilgan hisobotida ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga yuz tutayotgan o‘ndan ziyod mustaqil guruhlar ro‘yxatini keltirgan.

Ular orasida “Adolatni tiklash”, “Inson huquqlari uyi” va “Oltin qanot” kabi mustaqil tashabbus guruhlari bor.

Hatto Farg‘onadagi daydi hayvonlar uchun boshpana beruvchi “Men tirikman” nohukumat-notijorat tashkilotining arizasi ham rad etilgan.

Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi tadqiqotchisi Linn Shvayzfurz O‘zbekistonda NNTlarga ro‘yxatdan o‘tishda to‘sqinlik qilinayotganidan taassuf bildirdi.

-O‘zbekistonda NNTlar ro‘yxatdan o‘tishi uchun byurokratik chig‘iriqdan o‘tkaziladi. Barcha lozim hujjatlar taqdim etilganda ham, ularning arizasi arzimagan grammatik xatolarni sabab qilib, rad qilingan hollar bo‘lgan. Bir tomondan, O‘zbekiston hukumati mamlakatga kelayotgan sarmoyador shirkatlarni o‘n daqiqada, kerak bo‘lsa, onlayn ro‘yxatga olamiz deydi, majburiy mehnat yoki inson huquqlari bo‘yicha nohukumat nodavlat tashkilotlari esa, ro‘yxatga olinishni yillab kutishyapti. NNTlar jamiyatga kerak. Ularning ovozisiz muammolarni hal etish mushkul, - deydi Shvayzfurs.

Ozodlik nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyevaga bog‘landi.

O‘rinboyeva masalani o‘rganib, javob berishini aytdi.

Rasmiylar nima deydi?

Adliya vazirligining nodavlat tashkilotlar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Madaminov ikki oy avval “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish faqatgina arizalarning mamlakatdagi huquqiy me’yorlarga rioya qilinmasligi bilan bog‘liqligini ta’kidlagan edi.

Fuqarolar vazirlik qaroridan yoki ariza ko‘rib chiqilishidan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishlari mumkinligini aytgan.

Ammo Madaminovga ko‘ra, sudlarga hech qanday shikoyat kelib tushmagan.

Nukuslik faol Azimboy Otaniyozov esa sudlarga arz qilish natija berishiga ishonmasligini aytadi.

“Adliya vazirligi u yetishmaydi, bu yetishmadi deb arizamizni rad etayotgan ekan uning sudlaridan qanaqa adolat kutish mumkin”, - deydi Otaniyozov.

O‘zbekiston Adliya vazirligiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 10 mingga yaqin nodavlat, milliy va mintaqaviy tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan.

Ularning aksariyati davlat tomonidan tashkil etilgan yarim hukumat NNTlar ekani aytiladi.

Mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish esa og‘ir va imkonsiz jarayon.

Yolg‘on statistika

O‘zbek rasmiylari oxirgi to‘rt yilda olib borilgan islohotlar natijasida ochiqlik va fuqarolik jamiyati sari muhim qadamlar qo‘yilganini ta’kidlab kelda.

Ammo Britaniyadagi Sasseks Universitetining Rivojlanish Tadqiqotlari Instituti tahlilchisi Dilmurod Yusupovga ko‘ra, o‘zbek rasmiylarining mamlakatda 10 mingga yaqin nodavlat tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgani haqidagi iddaolari "yolg‘on".

“Hukumat bir xil nodavlat tashkilotning viloyat, tuman va shahar bo‘linmalarini alohida NNT sifatida hisoblaydi. 10 ming deya aytilayotgan raqamning siri shundaki, har bir nodavlat notijorat tashkiloti mahalliy adliya organida ro‘yxatdan o‘tishi va alohida yuridik shaxs sifatida hisoblanadi. Masalan, feministlar va ayollar huquqlari faoli Irina Matviyenko Xorazm viloyatida Adliya vazirligi tomonidan nashr etilgan nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat reestrini tahlil qilib, 10 ming nodavlat notijorat tashkilotining raqamini 10 barobar oshirib yuborish mumkin, degan xulosaga keldi. Ammo aslida va xalqaro me’yorlarga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotining filiali alohida NNT hisoblanmaydi, chunki u bir xil tashkilotdir”, - deya aytgan Yusupov o‘tgan oy "Diplomat" nashri bilan suhbatda.

Tahlilchi hisob-kitobicha, xozirgi kunda O‘zbekistonda o‘z tashabbusi bilan tuzilgan nodavlat notijorat tashkilotlari soni 3 mingdan oshmaydi.

Bu 34 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan mamlakat uchun juda oz.

Solishtirish uchun, Qirg‘izistonda har 10 ming kishiga 28dan ortiq, Qozog‘istonda 12 dan ortiq, Tojikistonda uchdan ortiq va O‘zbekistonda uchdan kam nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistndagi qiyinchiliklarga qaramay, o‘tgan yil ohirida Shvetsiyadagi “Markaziy Osiyoda demokratiya va inson huquqlariga ko‘mak tashkiloti” bir necha yillik urinishlardan so‘ng O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olindi.

Tashkilot rahbari Po‘lat Oxunovga ko‘ra, Shvetsiya hukumati va parlamenti hamda xalqaro bosimlar natijasida bunga erishilgan.

“2017 - yildan beri tashkilotimizni ro‘yxatdan o‘tkazishga urinib keldik. Shvetsiya hukumati va parlamenti a’zolarining o‘zbek rahbariyatiga tinimsiz yozishmalari natijasi o‘laroq tashkilotimizni O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilishiga erishdik. Biz o‘ylaymizki, boshqa tashkilotlarga ham O‘zbekistonga qaytishiga ruxsat berilishi kerak”, - deydi Po‘lat Oxunov.

O‘zbekistonda mahalliy va xorijiy nohukumat tashkilotlarining faoliyati yagona qonun hujjati- "Nodavlat nohukumat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinadi.

2005 - yil mayidagi Andijon voqealaridan so‘ng xalqaro tashkilotlar ko‘magi bilan ochilgan o‘nlab nohukumat tashkilotlari yopilgan, xalqaro nodavlat tashkilotlari mamlakatdan chiqarib yuborilgandi.

XS
SM
MD
LG