Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:11

Farg‘ona viloyat sudi qamoqdagi bloger Olimjon Haydarovning shikoyatini ko‘rib chiqmoqda


Olimjon Haydarov o‘tgan yil 29-iyul kuni Farg‘onada qora niqob kiygan maxsus xodimlar tomonidan hibsga olingan edi.
Olimjon Haydarov o‘tgan yil 29-iyul kuni Farg‘onada qora niqob kiygan maxsus xodimlar tomonidan hibsga olingan edi.

4-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi tuhmat, haqorat qilish va tovlamachilikda ayblanib 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bloger Olimjon Haydarovning shikoyatini ko‘rib chiqishni boshladi.

Qamoqdagi bloger advokatlarining Oliy Sudga kassatsiya tartibida kiritgan shikoyati sudning Taftish instansiyasida ko‘rilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, birinchi instansiya sudining qaroridan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin.

Tomonlar natijadan qoniqmasa, ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi.

Taftish instansiyasiga jinoyat ishi nafaqat moddiy va protsessual qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llanilganligini tekshirish, balki ularga to‘liq sud tergovini o‘tkazish vakolati berilgan.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, sudning birinchi ish kunida advokatlar talabi qondirilgan:

“Advokatlarning aytishlaricha, Olimjon Haydarovni hibsga olish jarayonida bir qancha protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, qo‘liga maxsus kukun majburlab surtilgani iddao qilingan. Advokatlar qayta so‘roq qilish uchun kriminalist Ahmedovni va qo‘lga olish jarayonida ishtirok etgan tergovchi Abbosxon Qo‘qonboyevni chaqirtirishni suddan iltimos qilishgan. Sud ularning talabini qondirib, sudni keyingi dushanba kuniga qoldirgan”.

2023-yilning 1-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi bloger Olimjon Haydarovni 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargan edi.

Haydarov O‘zbekiston jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya sudlov hay’ati bloger Olimjon Haydarovga nisbatan chiqarilgan 8 yillik qamoq jazosini 28-dekabr kuni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Advokatlar blogerga qo‘yilgan ayblar "mutlaqo asossiz" ekani va sud tergovida bironta ayb o‘z isbotini topmaganini aytishgan.

Himoya tomoni Olimjon Haydarov ustidan tergov va sud jarayoni uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekanini ta’kidlab keladi.

Sudda asosan, Olimjon Haydarov o‘z chiqishlarida tanqid qilgan mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari vakillari, jumladan, Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov, shuningdek, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani IIBB xodimi hamda Farg‘ona viloyatidagi bozorlardan birining ta’sischisi Haydarovga qarshi ko‘rsatma bergan.

Qattiq tartibli koloniya

Sud hukmiga ko‘ra, Olimjon Haydarov belgilangan jazo muddatini umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi lozim edi.

Biroq advokati Dilshod Jabborovning aytishcha, Haydarov Ichki ishlar vazirligi JIEDning Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 10-sonli koloniyasiga joylashtirilgan. Bu koloniyada sud hukmi bilan jazoni o‘tash alohida qattiq tartibli rejimi belgilangan shaxslar saqlanadi.

Ozodlik suhbatlashgan IIV dagi manbaning aytishicha, qattiq tartibli koloniyalarning ham umumiy tartibli sektorlari, ayni paytda umumiy tartibli koloniyalarning qattiq tartibli sektorlari mavjud. Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan manba Haydarov qattiq tartibli koloniyaning umumiy sektoriga joylashtirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

Ammo advokati Dilshod Jabborovning fikricha, "bu yerda amaldagi qonunchilikka mutlaqo zid ishlar bo‘lmoqda va bloger so‘zsiz umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazilishi shart".

Sud hukmiga ko‘ra, Majburiy ijro byurosiga ijtimoiy tarmoqlardagi O. Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatilgan.

Olimjon Haydarovning o‘zi hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bayonotida o‘zini “siyosiy mahbus” deb atagandi.

Blogerning iddaosicha, uning qamalishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasbiy- professional faoliyati bilan bog‘liq. U o‘z faoliyati davrida yirik korrupsion sxemalarni fosh qilganini aytgan.

Demokratiya, siyosiy erkinliklar va inson huquqlarini kuzatuvchi Freedom House xalqaro nodavlat tashkiloti o‘zining 2023-yilgi hisobotida O‘zbekistonni internet erkin bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatida qoldirdi. Tashkilotga ko‘ra, prezident Mirziyoyevning ayrim islohotlariga qaramasdan O‘zbekiston avtoritar davlat sifatida qolmoqda.

Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari Olimjon Haydarovga nisbatan chiqarilgan hukmni qoralagan.

5-dekabr kuni e’lon qilingan bayonotda tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Mira Rittman “sudning Haydarovni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qarori O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi"ni aytgan.

Olimjon Haydarov Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon eng uzoq muddat qamoq jazosiga mahkum qilingan blogerdir.

XS
SM
MD
LG