O‘zbekistonda o‘z farzandini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etgan ota-onalarga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga bundan buyon bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bunday chora “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarda ko‘zda tutilgan.
Joriy yil 20-fevralida imzolangan qonun bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolasini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi, ular tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlarga yoxud maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’limni amalga oshirayotgan shaxslarga diniy ta’lim olish uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, farzandini noqonuniy diniy ta’limga jalb etgan ota-ona birinchi marta jarimaga tortilganidan keyin bir yil davomida bu ishni takroran sodir etsa, unga nisbatan BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solinishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga tortilishi mumkin.
O‘zbekiston Oliy Majlis Senati 20-fevral kuni to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullab, imzolash uchun prezidentga yuborgan.
Yetti bob, 41 banddan iborat mazkur konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsad va vazifalar belgilangan. Hujjatda, jumladan O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash va jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat ekani qayd etilgan.
Ayni paytda 35 milliondan ziyod musulmon yashaydigan O‘zbekistonda davlat sanoqli diniy ta’lim maskani bilan aholining, xususan, diniy ta’limga ehtiyoj sezgan yoshlarning talabini qay yo‘l bilan qoplashi noma’lum bo‘lib qolmoqda.