Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:36

Fermerlar bug‘doyga sepgan ammofos alebastr bo‘lib chiqdi


Ammofos
Ammofos

O‘tgan yilning oktabr oyida Qashqadaryo viloyat “Koson Agrosifat klaster” MCHJ tomonidan fermerlarga tarqatilgan ammofos mineral o‘g‘iti qalbaki bo‘lib chiqdi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, ular yerga ammofos deb sepgan mineral o‘g‘it suvoqchilik uchun ishlatiladigan alebastr ekanligi aniqlangan.

O‘n million so‘mdan yuz million so‘mgacha zarar ko‘rgan fermerlarga qalbaki dori o‘rniga na boshqa mineral o‘g‘it berilgan va na pullari qaytarilgan.

Oktabr oyida “Koson Agrosifat klaster” MCHJ fermerlarga bug‘doyzoriga sepish uchun “ammofos” mineral o‘g‘iti tarqatdi. Kimdir bir tonna, kimdir 4-5 tonna olib sepdi, yeriga qarab.

Lekin fermerlar bu ammofos avvalgi yillardagiga o‘xshamasligini payqab qoldi, chunki dorining o‘ziga xos spetsifik hidi yo‘q edi. Fermer ishchisi yumaloq shakl berilgan dorini olib qo‘lida ezg‘ilab ko‘rdi, ezilib ketdi.

Fermerlarning aytishicha, odatda, haqiqiy ammofos toshday qattiq bo‘lib, faqat suv va namlik ta’sir qilganda uqalanadi.

video5253935808460635476.mp4
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:22 0:00

“Tayloqov” fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Tayloqov ham klasterdan olgan to‘rt tonna ammofos o‘g‘itining 2 tonnasini yerga sepib bo‘lganidan keyin uning qalbakiligini bilib qolganini aytadi:

«Bizga klaster qalbaki ammofos berdi. Unga hamma doverennostlarni olib, pulimizdan ushlab qoldi. Endi uni na yangisiga almashtirib beradi, na pulimizni qaytaradi. Prokuratura ham, klaster ham kelib ko‘rdi, lekin hech kim indamayapti».

Fermer Lochinbek Ro‘ziboyev Ozodlik bilan suhbatda olgan ammofos deb olgan bir yarim tonna alebastrni bilmasdan bug‘doyzoriga sepib yuborganini aytdi:

«Laboratoriya qilishdi, uning natijalari klasterning qo‘lida turibdi. Yuz foiz alebastr bo‘lib chiqdi. Biz hatto ta’mini totib ham ko‘rdik, odatda ammofosning o‘ziga xos hidi va sho‘rtak bo‘ladi. Men bir yarim tonna olib, bilmay hammasini sepib yuborganman».

“Asl bahor ziynati” fermer xo‘jaligi rahbari Abduvali Jumaniyozov besh yarim tonna ammofos o‘g‘iti olgan. Uning aytishicha, bu 50 million so‘mdan ko‘p mablag‘ bo‘ladi. Klaster korxonasi esa alebastr bo‘lib chiqqan mineral o‘g‘itning o‘rniga na tozasini beradi, na pulini qaytaradi:

«Qariyb olti tonna ammofos oldim. Sepayotgan jarayonda ukam menga telefon qilib, bu tuproq, ammofos emas deyapti. Klaster keldi. Tekshirdi, aniqladi, 70 foizi alebastr bo‘lib chiqdi, 30 foizi esa ammofosga qorishtirilgan ekan. Klaster tan oldi va haqiqiy ammofos bilan ta’minlaymiz, dedi. Lekin to‘rt oydan buyon bu ishni cho‘zib yurishibdi. Men o‘zim hozir 50 million so‘m zarar ko‘rib o‘tiribman».

Fermerlar ayni paytda, mushkul vaziyatga tushib qolgan.

Birinchidan, ular ammofos deb olgan dorini, ba’zilari hammasini, ba’zilari yarmini yerga sepib qo‘yishgan. O‘nlab fermer 10 million so‘mdan 100 million so‘mgacha dori olgan. Klaster qolgan dorilarni qaytarib olmagan.

Ikkinchidan, bu vaziyatdan Koson tuman hokimligi ham, tuman prokuraturasi ham xabardor. Fermerlarga berilgan dori Toshkentda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib alebastr ekanligi aniqlangan, lekin bu xulosa fermerlarga berilmagan.

Uchinchidan, fermerlar esa bug‘doyzori mineral o‘g‘itsiz qolib, ekin rivojlanmay sarg‘ayib qolayotganidan tashvish tortmoqda.

Ozodlik 10-yanvar kuni “Koson Agrosifat klaster” MCHJ rahbari Jomurod Fayziyev bilan bog‘lanib, bu holatga izoh so‘radi.

Fayziyev avtomobil rulida ekanligi, o‘n minutdan keyin batafsil ma’lumot berishini aytdi. O‘n minutdan so‘ng esa Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

11-yanvar kuni Ozodlik yana Jomurod Fayziyev bilan bog‘landi. Bu safar Fayziyev uzr so‘rab yarmarkada ekanligi, Toshkent vaqti bilan soat 19da qo‘ng‘irog‘imizni kutishini aytdi. Ammo soat 19da ham Ozodlik qilgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Qalbaki bo‘lib chiqqan ammofoslar qoplangan qoplarda uni Qozog‘istonda ishlab chiqarilgani yozilgan.

Ammo u nega respublikaga kiritilganda laboratoriya sinovidan o‘tkazilmagani, nega klaster fermerlarni yana sifatli o‘g‘it bilan ta’minlamagani yoki pullari qaytarib berilmagani kabi savollar ochiq qolmoqda.

Fermerlar esa to‘rt oydan beri sarson bo‘lib yuribdi. Ularning iddao qilishicha, klaster omborida yana 300 tonnadan ortiq ana shunday qalbaki “ammofos” turibdi.

XS
SM
MD
LG