Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:55

Fermerlardan yerni topshirish haqida majburan ariza yozdirib olinmoqda


Shavkat Mirziyoyev 2018 - yilda Bo‘ka tumaniga borgan va fermerlar bilan gaplashgan edi.
Shavkat Mirziyoyev 2018 - yilda Bo‘ka tumaniga borgan va fermerlar bilan gaplashgan edi.

Toshkent viloyat, Bo‘ka tumanidagi fermerlardan yerni “o‘z ixtiyori bilan davlat zaxirasiga o‘tkazish” haqida majburiy ariza yozdirib olinmoqda.

Ozodlikka gapirgan fermerlarning aytishlaricha, garchi ular paxta topshirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri klaster bilan shartnoma qilgan bo‘lsa-da, viloyat va tuman hokimliklari ichki ishlar xodimlari yordamida fermerlarni bir joyga qamab, ariza yozdirib olmoqda.

Fermerlar bundan asosiy maqsad, ularning yerlarini klasterga olib berish ekanligini iddao qilishayotir.

Tuman hokimining yordamchisi bunday holat bo‘lganini inkor qildi.

Bo‘ka tumanida shu paytgacha o‘ttizdan ortiq fermerdan yerini “o‘z ixtiyori bilan davlat zaxirasiga topshirish” haqida ariza yozdirib olinganini shu voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri Ozodlikka aytdi:

“Birinchi ommaviy ariza yozdirish 17 - oktabr kuni bo‘lgan edi. Shaxsan viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqovning o‘zi fermerlarni zernoskladga qamab olib “bugun yakshanba, kechgacha vaqtim bor, hammang yerni topshirish bo‘yicha arizangni yozasan”, dedi. Yigirmatacha fermer yozib berdi, keyin nimadir bo‘ldi, yig‘ilishni to‘xtatib, ketivordi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bo‘kalik fermerning aytishicha, oradan bir hafta o‘tib tuman hokimi fermerlardan ariza olishni davom ettirgan:

“21 - oktabr, payshanba kuni edi. Tuman hokimi Nizomiddin Abbosov va militsiya boshlig‘i fermerlarni kollejga yig‘di. Hammadan “fermer xo‘jaligi balansidagi yer maydonini tuman zaxira fondiga topshiraman” degan ariza yozdirib oldi. Hech qanday sabab ko‘rsatilmagan, faqat rozilik bo‘lsa bo‘ldi ekan. Vaholanki, Yer kodeksi 24-moddasining o‘ninchi qismiga ko‘ra, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi. Bular esa o‘zlari qonun, o‘zlari sud va o‘zlari ijro etuvchi bo‘lib olgan!”

O‘zbekiston prezidenti joriy yil 9 - iyunida “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, ayni hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yerni olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlangan edi.

Ammo fermerlarning aytishlaricha, hokimlar prezident farmonini ham pisand qilmay, o‘zboshimchalik bilan ish tutmoqda:

“Bu yerda oddiy ish tartibi bor. Fermer klaster bilan shartnoma qiladi. Shartnomani bajarsa yaxshi, ortig‘i bilan bajarsa 30 foizlik qo‘shimcha mukofot oladi. Bajarolmasa, jarimasini to‘laydi. Hokimlik ikki mustaqil subyektning orasiga suqulib nima qiladi? Nima qiladi ularning ishlariga aralashib? Chunki hokimlikning bundan manfaati bor. Fermerlarni o‘z yerlaridan voz kechishga majbur qilib, bu yerlarni hech narsani eplolmayotgan klasterga olib berishdir. Bu yerda men boshqa narsa ko‘rmayapman. Majburiy ariza yozdirib olish Karimov davrida ham, Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lganda ham bor edi va uning prezidentlik davrida ham davom etyapti”.

O‘zini Bo‘ka tumani hokimining yordamchisi Temur deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda, fermerlardan yerni topshirish bo‘yicha ariza yozdirib olinayotganini inkor etdi:

“Bu noto‘g‘ri ma’lumot, hozir hokimlarning yer olish yoki yer berish vakolati yo‘q. Bizda bunaqa holat hali kuzatilmagan!”

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, Andijon viloyatining Andijon tumanida ham fermerlardan erlarini tuman zaxirasiga qaytarish haqida majburiy ariza yozdirib olingan:

“Bizda ham fermerlarni chaqirib, besh kun ichida paxta shartnomasini bajaraman, bajarolmasam, yerimni topshiraman” degan mazmunda ariza yozdirib olindi. Maqsad yerni tuman zaxirasiga olib, boshqa yangi fermerga pullash. Har yili shunday qilishadi”, deydi andijonlik fermerlardan biri.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda fermerlarning yerlarini hokimlar zo‘rlik bilan tortib olish holatlari ko‘p kuzatilgan.

Garchi qonunda fermerlar yerlarini faqat sud qarori bilan olish belgilab qo‘yilgan esa-da, yerlari noqonuniy olib qo‘yilgan fermerlardan shikoyatlar kelishi davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG