Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:31

G‘arib Do‘stlik. O‘zbekiston chegarasidagi abgor qozoq qishlog‘i


Turkiston viloyati, Keles tumani, Do‘stlik qishlog‘i. 5 -oktabr 2021 - yil.
Turkiston viloyati, Keles tumani, Do‘stlik qishlog‘i. 5 -oktabr 2021 - yil.

Do‘stlik (Dostik) qishlog‘i O‘zbekiston bilan chegara yonginasida joylashgan. Rasman bu yerda salkam 2.5 ming aholi yashaydi, ammo ishsizlik sababli ko‘pchilik shaharga ko‘chib ketgan. Do‘stlik O‘zbekistonga juda bog‘lanib qolgan – sug‘orish uchun suv qo‘shni mamlakatdan keladi, lekin Sardoba suv ombori o‘pirilganidan beri suv hajmi kamayib, ekin-tikin qilish katta muammoga aylandi. Qishloqning bundan bo‘lak muammolari ham yetarli.

CHANGU LOY KO‘CHALAR, YAROQSIZ SUV

Turkiston viloyatining Keles tumaniga qarashli Do‘stlik qishlog‘ida infratuzilmadan faqat elektr, loyqa suv va yagona asfalt ko‘cha bor xolos. Qishloqdan O‘zbekiston hududi – chegara minoralari va harbiy texnikalar yaqqol ko‘rinib turadi. Do‘stlikka kirib-chiqadigan har bir kishi chegara nazoratidan o‘tishi kerak.

Darvoqe, qishloq bolalari chegaradagi simto‘siq yoqalab maktabga qatnashadi. Ota-onalar alag‘da bo‘lishadi‑yu lekin boshqa iloji yo‘q.

“Yo‘ldan yurishadigan bo‘lsa, juda uzoq. Ham yozda tizza bo‘yi tuproq, qishda loy kechishga to‘g‘ri keladi. Tuzukroq yo‘l qurib berishlarini qachonlardan beri kutamiz, loaqal bolalar uchun maktab avtobusi biriktirishsa, yaxshi bo‘lardi”, deydi 66 yoshli pensioner Gulsim Qaldarbekova.

Gulsim Qaldarbekova nevarasi bilan.
Gulsim Qaldarbekova nevarasi bilan.

2019 - yilda Do‘stlikka suv o‘tkazishgan edi, lekin u ichishga yaroqsiz bo‘lib qolgan. Turg‘unlar aytishicha, yerosti suv zaxiralari kamayib, jo‘mrakdan loyqa suv oqadigan bo‘lib qolgan. Toza suvni esa sotib olishadi. Har bir oila har oy 5-6 tonna suv uchun taxminan 7 ming tangadan to‘laydi. Ko‘plar uchun bu kattagina pul. Sug‘orish ham bir tashvish: o‘tgan yili Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilganidan so‘ng O‘zbekistondan suv kelishi kamayib ketgach, odamlar tomorqa qilmay qo‘ygan. Suvsizlikdan hatto ko‘chadagi dov-daraxtlar ham qovjiramoqda.

Keles tumani akimati mulozimi Abubakir Saparov Ozodlik bilan suhbatda aholi ekinlarini sug‘orishi uchun suv olish masalasida qo‘shni davlat bilan muzokara olib borilayotganini aytdi.

“TOPGANIMIZ TOMOG‘IMIZGA YETMAYDI”

44 yoshli Saragul Isqulova bolalari bilan qurib bitkazilmagan uyda yashaydi. Joy qilib olingan yagona hujraga to‘shalgan gilam unniqib ketgan. Bolalar gilamda o‘tirib dars qilmoqda. Xonadagi yagona derazaga eski choyshab tutilgan. Yog‘och yashik ustida kichkina televizor turibdi.

“Ikki yildan beri shu ahvolda yashaymiz. Erim birinchi guruh nogironi. Doimiy ishi yo‘q, mardikorlik qilib ro‘zg‘or tebratyapti. Qishda shu ham yo‘q. O‘zim ishlay desam, sog‘lig‘im yaxshi emas”, deydi Saragul.

Saragulning eri O‘zbekiston fuqarosi ekan. O‘zbekiston qozoq puli qiymatida taxminan 20 ming tanga nafaqa to‘larkan. Mol-hollari yo‘q, dehqonchilik qila olishmaydi. Akimat har oy 60 ming tanga ijtimoiy nafaqa berib turgan ekan, lekin yozda uni to‘xtatib qo‘yibdi.

“Topganimiz yeb-ichishimizga yetmaydi. Qishloqda suv yo‘q – uni sotib olamiz. Pulimiz bo‘lmaganda qo‘shnilardan suv so‘raymiz. Nafaqani uzib qo‘yishdi, kunlik ish yo‘q, u yog‘iga qanday yashaymiz – hayronman”, deydi ayol.

Do‘stlik ahli o‘zaro so‘zlashuvda o‘zbekcha so‘zlarni ko‘p qo‘llashadi. Sababi, asosan o‘zbek telekanallarini ko‘rishadi. Qozog‘istonnikidan esa faqat “Qozog‘iston” va “Xabar” rasmiy kanallari ko‘rsatar ekan.

QISHLOQDAN BEZGANLAR KO‘P

Do‘stlikdan ketishni xohlovchilar ko‘p. Qishloqda devoriga “Sotiladi” deb yozilgan bir talay uy bor. Odamlar aytishicha, ilgari qishloqda amallab kun ko‘rish mumkin edi, lekin hozir bu yerda qolishdan ma’no yo‘q.

“Burun O‘zbekiston ko‘p suv berardi. Hamma yoq yam-yashil edi, bog‘, tomorqa qilardik. Hozir suv deyarli qurigan, hamma narsa qovjiramoqda. Tortib kelingan ichimlik suvi esa iste’molga yaroqsiz. Shuni ham kun ora berishadi. Ko‘chadan mashina o‘tsa bo‘ldi, hamma yoq chang-to‘zonga burkanadi”, deydi qishloq turg‘uni, 48 yoshli Zamira Elchibek.

Zamira Elchibek
Zamira Elchibek

Zamiraga ko‘ra, qishloqliklarning yagona tirikchilik manbai chorva bo‘lib qolgan. Aksar xonadonlar 3-4 boshdan qoramol va bir nechtadan qo‘y boqadi. Ilgari achchiq qalampir yetishtirisharkan. O‘zbekistondan suv kelishi to‘xtaganidan beri ekmay qo‘yishibdi. Qo‘lidan ish keladiganlar allaqachon Olmaota, Chimkent va Nur-Sultonga jo‘nab ketishgan.

“Ish bo‘lmasa bunaqa joyda tirikchilik qilish juda og‘ir. O‘tgan yili qalampir ekkandik, suv kamligi uchun yaxshi bitmadi. 30 sotixdan bor-yo‘g‘i to‘rt qop hosil oldik. Kilosini 50-60 tangadan sotdik – atigi 10 ming tanga bo‘ldi”, davom etadi ayol.

Zamiraning to‘rt farzandi bor. Eri haydovchi bo‘lib ishlaydi. Qish va yozda pul topgani shaharga ketadi. Voyaga yetgan ikki o‘g‘li bekor yuribdi. Qishloqda bog‘cha, maktab va harbiy qismdan boshqa hech qayerda ish yo‘q. O‘g‘illari bahor va kuzda mardikorlik qiladi, qishda yana ishsiz.

Pensioner Abdilda Eshmukanov 24 yil muqaddam O‘zbekistondan ko‘chib kelgan. Uning aytishicha, qishloqda ko‘plab oilalar pensiya va nafaqa pullariga kun kechiradi, ammo qimmatchilik va ishsizlik odamlarni juda horitgan.

“Ko‘chib ketsammikan, deb o‘ylab qolaman ba’zida. Na suv bor, na yo‘l, ishni esa gapirmasa ham bo‘ladi. Ekin-tikin qilolmaysan. Bir paytlar o‘tqazgan daraxtlarim qurib borayapti. Chorvachilik ham nari-beri – yem-xashak narxi kun sayin oshyapti”, noliydi qariya.

AKIMAT MUAMMODAN XABARDOR, AMMO...

Ushkin qishloq okrugi akimi Galimjon Boydo‘sov Do‘stlik, Ushkin va Qoralas qishloqlarining abgorligini tan oladi. Va bu barcha muammolarni mablag‘ yetishmovchiligi bilan izohlaydi.

“Hamma muammolar pul bilan hal bo‘ladi. Keles tumani tashkil qilinganiga endi uch yil bo‘ldi. Yangi tuman, endi oyoqqa turyapti. Ana, Ushkinda 80 foiz yo‘llarni asfalt qildik. Gaz tortib keldik. Do‘stlik bilan Qoralas undan bir yarim chaqirim narida, lekin u yerlarga hali gaz bormagan. Gaz bormagunicha yo‘l ham qurilmaydi”, deydi akim.

Akimga ko‘ra, ilgari okrugda 7.5 ming kishi yashagan bo‘lsa, hozir 6 mingga bormaydi. U aholi mehnat migratsiyasi hisobiga kamayayotganini aytadi. Ketayotganlarning aksariyati yoshlar ekan.

Aholining 60 foizi mehnatga layoqatli bo‘lsa-da, 6 ming kishidan atigi 300 nafari doimiy ish joyiga ega – ular bog‘cha, maktabda va akimat idorasida ishlashadi. Qolganlar “o‘zini o‘zi band qilgan”. Yil boshidan beri manzilli ijtimoiy yordam oladigan oilalar soni 53 tadan 120 taga yetdi, deydi Boydo‘sov.

XS
SM
MD
LG