G‘azo sektorida uzoq kutilgan o‘t ochishni to‘xtatish bitimi 19-yanvar kuni kuchga kirdi. Bir soatlik kechikishdan so‘ng uch nafar isroillik garovga olinganlar ozod qilindi.
HAMAS asirligidan uch nafar isroillik ayol ozod qilinganidan bir necha soat o‘tgach, 20-yanvar kuni Isroil rasmiylari rejalashtirilgan bir nechta almashinuvlarning birinchisida 90 nafar falastinlik mahbus – barchasi ayollar yoki voyaga yetmaganlar – ozod qilinganini ma’lum qildi.
Bir necha oylik muzokaralardan so‘ng 15-yanvarda kelishilgan bitim va garovga olinganlarni ozod qilish G‘azodagi 15 oylik mojaroni tugatishga qaratilgan ko‘p bosqichli jarayonning birinchi qadami hisoblanadi.
Mojaro Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan HAMAS Isroil janubiga hujum qilib, 1200 ga yaqin odamni o‘ldirgan va 251 kishini G‘azoga garovga olganida boshlandi. Isroil bunga javoban G‘azoda vayronkor urush boshladi. Bu esa G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, 46 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi.
Bitimga ko‘ra, o‘nlab isroillik garovga olinganlar 1000 ga yaqin falastinlik mahbuslarga almashtiriladi va og‘ir gumanitar inqirozga duch kelgan G‘azoga shoshilinch gumanitar yordam yetkazib beriladi.
19-yanvar kuni bitim kuchga kirganidan deyarli uch soatga kechikdi. Isroil ozod qilinadigan dastlabki uch garovga olinganlarning ismlarini olmaganini ma’lum qildi. HAMAS esa kechikishni "texnik sabablar" bilan izohladi.
Kechikish paytida Isroil G‘azodagi hujumlarini davom ettirdi. Falastin fuqaro mudofaasi favqulodda xizmati hudud bo‘ylab bir nechta hujumlarda kamida 19 kishi halok bo‘lganini xabar qildi.
O‘t ochishni to‘xtatish tasdiqlanganidan so‘ng, AQSH prezidenti Jo Bayden o‘z lavozimini tark etishidan bir kun oldin so‘zlagan nutqida ma’muriyati uzoq vaqtdan beri intilayotgan kelishuvni olqishladi.
"Bu kelishuvga erishish yo‘li oson bo‘lmadi va uzoq vaqt talab etdi," dedi u Janubiy Karolina shtati Charlston shahridagi Qirollik missioner baptistlar cherkovida qisqa nutq so‘zlarkan.
Bayden, o‘t ochishni to‘xtatishning uzoq muddatli muvaffaqiyati keyingi ma’muriyatga ham bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. Donald Tramp 20-yanvar kuni tush paytida prezidentlik lavozimini egallaydi.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda shunday deb yozdi: "Bugun garovga olinganlar ozod qilina boshlaydi! Birinchi navbatda uch ajoyib yosh ayol ozod etiladi."
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen shunday dedi: "Garovga olinganlarning o‘z oilalari bilan qayta uchrashuvini ko‘rish qalblarimizni umidga to‘ldiradi. Bu Isroil va Falastin xalqi uchun yangi davrning boshlanishi bo‘lsin."
Shu bilan birga, Isroilning o‘ta o‘ng qanot "Yahudiy kuchi" partiyasi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga norozilik sifatida hukumatni tark etayotganini e’lon qildi. Bu harakat bosh vazir Binyamin Netanyaxuni parlamentda zaiflashtiradi.
G‘azo bo‘ylab bayramlar bo‘ldi va ba’zi falastinliklar o‘t ochishni to‘xtatish boshlanganidan keyin o‘z uylariga qayta boshladi.
Falastinlik yozuvchi va tahlilchi Zohir al-Koshifning aytishicha, hududda "yengillik va baxt hissi" hukm surmoqda. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, aksariyati vayronaga aylangan G‘azodagi ko‘pchilik noaniq kelajak oldida turibdi.
"Biz haqiqiy yordam va kelajagimiz uchun aniq istiqbolni kutyapmiz. Bu keng ko‘lamli vayronagarchilik, qashshoqlik va ochlik soyasida mavhum ko‘rinadi," dedi G‘azo shahrida yashovchi Koshif.
Bitimning birinchi bosqichida olti haftalik o‘t ochishni to‘xtatish boshlanadi. Bu vaqtda Isroil qo‘shinlari G‘azoning ayrim qismlaridan chiqib ketadi. HAMAS Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar evaziga 90 ga yaqin isroillik garovga olinganlarning 33 nafarini ozod qiladi.
Mojaro natijasida ko‘chirilgan falastinliklarga kelishuvning birinchi bosqichida o‘z uylariga qaytishga ruxsat beriladi. Shuningdek, HAMAS nazoratidagi anklavga gumanitar yordam yetkazila boshlaydi.
Bitimning ikkinchi va uchinchi bosqichi bo‘yicha keyingi muzokaralar kelishuv amalga oshirilishining 16-kunida boshlanadi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, bu bitimning uzoq muddatga cho‘zilishi uchun birinchi jiddiy sinovga aylanishi mumkin.
Shartnomaning ikkinchi bosqichi qolgan garovga olinganlarni ozod qilishni va eng muhimi, urushni tugatishni o‘z ichiga oladi. Bitimning yakuniy bosqichi G‘azo hududini qayta tiklashga qaratilgan.
Isroil-Hamas urushi Yaqin Sharqning geosiyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirdi. Bir paytlar hukmron kuchlar bo‘lgan Eron va Rossiya sezilarli darajada zaiflashdi, Isroil esa mintaqaviy ta’sirini kengaytirdi.
Tel-Avivdagi Bar Ilan universiteti katta o‘qituvchisi Menaxem Kleynning aytishicha, ko‘plab isroilliklar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga nisbatan "aralash tuyg‘ularni" his etmoqda.
"Ular garovga olinganlar qaytib kelganidan juda xursand. Boshqa tomondan, urushdan ko‘zlangan maqsad amalga oshmaganidan hafsalalari pir bo‘lmoqda. Isroil HAMASni tugatmadi. Shuning uchun kelgusida urushni davom ettirish va HAMASni yo‘q qilish, butunlay tugatishni kutishadi," dedi hukumatning sobiq maslahatchisi Kleyn.