O‘tgan hafta bosh yashinqaytargich missiyasini yana o‘z qo‘liga olgan Alisher Qodir navbatdagi antihaqiqat bilan bo‘lishdi: Emishki, tillaqatori milliardlab kub gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqni kosasi oqarmaydi.
Albatta, isitish va ovqatga gaz yoqadigan xalq va kosa oqarishi o‘rtasida hech bir pruf yo‘q. Bir gramm o‘zining gazi yo‘q gurjilar gaz yoqadi, vatani gazni ustidagi ozarlar gaz yoqadi, butun dunyodan gaz sotib oladigan nemislar, britanlar, gollandlar gaz yoqadi. Lekin ularning kosasi oqargan. Demak, gazni yoqish yoki qayta ishlash bu tanlov, tanlovni esa erkin bozor beradi. Alisher Qodirni kim va qanday saylagan bilmayman, lekin u siz va biz uchun tanlab bermoqchi: gaz yoqma, kosang oqarmaydi.
Ayni paytda:
1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish mumkinligini eslatgan Alisher Qodir (eslatmasa, bilmasmidik) 4 mlrd.dollarga qurilgan va aynan shunaqa mahsulotlar ishlab chiqarishi kerak bo‘lgan GTL zavod dekabrdan aprelgacha ishlamasligini negadir yodga olmagan.
GTL va kimyo zavodlardan tortib issiqxonalargacha gazdan uzilib, o‘zbekning subsidiyalanayotgan gazi bir to‘da oligarxlar tomonidan eksport qilinayotgani Alisher Qodirni hayratga solmagan. Nega Alisher Qodir gaz eksportini to‘xtatishni so‘ramaydi? Alisher Qodir O‘zbekistonni talayotgan oligarxlardan qo‘rqadimi yo ularning fe’lan advokatimi?
Alisher Qodir o‘risniki (balki aslida o‘zimizniki) deyilgan gazni Gonkongda joylashgan o‘rtakashdan “import” qilinayotganini juda yaxshi biladi, lekin paralamentda qo‘r to‘kib o‘tirib, g‘ing‘ demaydi.
Alisher Qodir millat va uning kosasi haqida qayg‘urar ekan, nafaqat O‘zbekiston, butun Markaziy Osiyo gaz infratuzilmasi yuragi bo‘lishiga qaramay, shimol oligarxiyasiga sovg‘a qilib yuborilgan Gazli omborini o‘zbek xalqiga qaytarilishini, ya’ni milliylashtirishni talab qilmaydi.
Nega Alisher Qodir oxirgi 8 yil ichida bir to‘p energoshotirlar tomonidan oligarxiyaga sovg‘a qilib yuborilgan konlar, ulushlar va aktivlarni taftish qilish, sxemalar qonuniyligini o‘rganish, energolyustratsiya masalasini paralamentga chiqarmaydi?
Nimaga?
Bular Alisher Qodir saylov dasturida yo‘q, Alisher Qodir saylovchilariga o‘zbek xalqini talayotgan o‘g‘ri oligarxiyaga qarshi kurashaman, deb va’da bermagan, deysizmi?
Unda, nima Alisher Qodir 4 oy avvalgi saylov-palov kampaniyasida aholi gazdan uzilmasa, xalq kosasi oqarmasligini ochiq-oydin aytganmidi? Shunga xalqdan mandat olganmidi?
Yo bularning hammasi negizida oqni qora deb e’lon qilish va siyosiy ikkiyuzlamachilikdan iborat antiutopiya yotadimi?
“Gaz o‘rniga elektr” bu yangi ijtimoiy kelishuv emas, navbatdagi qopqon
Alisher Qodir og‘zi bilan ilgari surilayotgan gaz o‘rniga elektr energiyasi ishlatish narrativi gaz ta’minoti yomonlashishdan to‘xtamayotgan bugungi realliklarda go‘yoki qanaqadir murosadek, ta’bir joiz bo‘lsa, taklif etilayotgan “yangi ijtimoiy kelishuvdek” ko‘rinadi. Lekin bu qopqon, agar aldov bo‘lmasa.
Bu narrativ qopqon va aldov ekanini anglashingiz uchun ayrim mulohazalar:
Birinchidan, aholiga gaz yetkazishni kamaytirish (eksportni to‘xtatish emas!) masalasini, afsuski, allaqachon yopiq kabinetlarda muhokama qilish boshlangan. Aholidan yulib olingan gaz qanday taqsimlanadi va kimning cho‘ntagini boyitadi, degan savolga ochiq javob yo‘q, lekin gaz eksporti to‘xtamayotganidan, gazga oid yangi shishirilgan loyihalarni yasash avj olayotganidan ishora topsangiz bo‘ladi.
Ikkinchidan, 2 yil avval qabul qilingan strategiyaga ko‘ra, gaz qazib olish 2030-yilgacha 62 mlrd.kubga yetkazilishi kerak. Buning uchun davlatning, byudjetning trillionlab so‘mi, milliardlab dollari o‘zlashtirilmoqda. Agar strategiya vazifasi kuchda ekan, yaqin 4 yilda gaz qazib olish 20 mlrd.kubga oshsa, aholiga gaz berishni qisqartirish nima uchun? 62 mlrd.kub gaz qazib olish vazifasi bajarilmasa, unda javobgarlik kimda bo‘lishi kerak? Aholidami yo energorassomlarda?
Uchinchidan, endi to‘qqiz qaytganlar yana bir dumalab, plastinkani teskari aylantirib, 2030-yilgacha gaz qazib olish 30 mlrd.kubgacha, 2035-yilgacha 20 mlrd.kubgacha qisqaradi degan navbatdagi yolg‘on kartina chizishmoqda. Shu paytgacha, 8 yil davomida qazishni oshiramiz, deya milliard va trillionlarni o‘zlashtirganlar endi importni oshiramiz, yangi magistral gaz quvurlarini quramiz va ta’mirlaymiz, deya navbatdagi milliardlarni sovurishga o‘tishmoqchi (sousiga mazasini pudrat qirollari emadigan navbatdagi qimmatlashtirilgan energetik loyihalar). Qizig‘i, 8 yil davomida qazishni oshiramiz deya yolg‘on va’dalar berib kelgan to‘da ham o‘shalar, endi qazish 2 karra pasayib ketadi, importni 5 karra ko‘tarishga to‘g‘ri keladi deyotgan ham o‘sha to‘da. Hech qanday jazosiz. Nima uchun milliardlarni o‘zlashtirish uchun qayta va qayta to‘qilayotgan yolg‘onlarga aholi balogardon bo‘lishi kerak? Energokasofatlar emas?
To‘rtinchidan, shonli energetiklarga oid qaysi so‘z va va’da bajarilgandiki, bu taklif va’dasida turishsa. Uzoqqa bormaylik, gazlashmagan uy xo‘jaliklari uchun elektr energiyasiga 50 foizlik chegirma va’dasi amalga oshdimi? Gaz o‘rniga elektr energiyasi taklifini qabul qilishingiz mumkindir, lekin bilingki, katta ehtimol bilan, gaz aniq bo‘lmaydi, lekin evaziga elektr ham barqaror bo‘lmaydi. Narxini-ku gapirmay qo‘ya qolay.
Siz shunga rozimisiz?
Otabek Bakirov
Iqtisodchi, bloger
(Telegramdagi Bakiroo kanalidan olindi)
Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.