Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:40

General Kirillovning o‘ldirilishi: yangi tafsilot va versiyalar


General-mayor Igor Kirillov. Rossiya Mudofaa vazirligidagi brifingda. 4-oktyabr, 2018-yil.
General-mayor Igor Kirillov. Rossiya Mudofaa vazirligidagi brifingda. 4-oktyabr, 2018-yil.

O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosi general Igor Kirillovni o‘ldirishda gumonlanib hibsga olindi. FSB ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i asosida harakat qilgan: unga go‘yoki 100 ming dollar va "Yevropa davlatlaridan biriga chiqarib yuborish" va’da qilingan.

Ozodlik rus xizmati (Svoboda) muxbiri Artyom Radigin Rossiyaning bir nechta ommaviy axborot vositalarining ikki nafar gumonlanuvchi hibsga olingani haqidagi xabariga e’tibor qaratmoqda.

Kirillov va uning yordamchisi Ryazan prospektidagi uy oldida sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lbola portlovchi qurilma to‘xtab turgan samokatga o‘rnatilgan va masofadan boshqarilgan. Portlash ulashib miniladigan avtomobilga yashirilgan kameraga tushirilgan va FSBning ta’kidlashicha, tasvirlar Dneprga uzatilgan.

Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi manba Bi-bi-siga aytishicha, generalning o‘ldirilishi maxsus operatsiya bo‘lgan, ammo Ukraina rasmiy organlari buni rasman tasdiqlamagan.

16-dekabr kuni Ukraina xavfsizlik xizmati general Kirillov Ukraina harbiylariga qarshi kimyoviy qurol qo‘llaganligi haqida gumonlanganini e’lon qildi.

General Kirillovning o‘ldirilishi – harbiy jinoyatlarda gumon qilinayotgan shaxsning shu tarzda halok bo‘lishi birinchi hodisa emas. Noyabr oyida Qrimda Qora dengiz flotining 41-raketa kemalari va katerlari brigadasi shtabi rahbari Valeriy Trankovskiy bo‘lgan avtomobil portlatildi. O‘tgan yil kuzida bosib olingan Berdyanskda FSOning to‘rt nafar xodimi bo‘lgan avtomobil portlatilgandi.

Rossiyalik harbiylar va targ‘ibotchilarning o‘ldirilishi va ularga suiqasd qilinishi ortida kim turganligi haqida maxsus xizmatlar bo‘yicha ekspert va siyosatchi Gennadiy Gudkov bilan suhbatlashdik.

Rossiya davlat telekanallari ekspertlari va harbiyparvar blogerlar 2024-yil 17-dekabrni "Rossiya armiyasi uchun og‘ir kun" deb atashmoqda. Aynan shu kuni Moskvada Rossiya kimyo qo‘shinlari generali Igor Kirillov halok bo‘ldi. "Kommersant" gazetasi yozishicha, Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘limiga yo‘lak oldiga o‘rnatilgan samokatdagi portlovchi modda sabab bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, bomba masofadan turib ishga tushirilgan. Portlovchi qurilmaning quvvati, avvalroq xabar qilinganidek, taxminan 300 gramm trotil ekvivalentida baholangan.

General Kirillov Rossiya Mudofaa vazirligining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri edi. Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlanishidan oldin ham u postsovet hududida "Amerika maxfiy biolaboratoriyalari" mavjudligi haqida bir necha bor bayonot bergan. 2022-yildan keyin Kirillov muntazam ravishda brifinglar o‘tkazib, Rossiya raqiblari yaratayotgan biologik qurollarning tobora g‘ayrioddiy turlari haqida gapira boshladi. Misol uchun, u G‘arbda "faqat ruslarga ta’sir qiladigan" jangari chivinlar va viruslar ishlab chiqarilayotganini ta’kidlagan.

"Dushman qo‘li yetgan nishonga zarba berdi. Ammo teraktda aynan Ukrainada va Rossiyaga qo‘shni boshqa mamlakatlardagi Amerika biologik dasturlarini fosh etishda ovoz bo‘lgan odam halok bo‘ldi," deb yozadi "Ikki mayor" nomli Telegram kanali.

Украинага босқин: 1029 -кун | Москвадаги “кимёвий генерал” қотиллигида ўзбекистонлик гумонланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:56 0:00

Bundan tashqari, Rossiya telekanallari studiyalaridagi mutaxassislar kimyoviy qurollarning kelajagi va yonuvchi qurilmalarning keyingi rivojlanishidan xavotirda. General Kirillovning o‘limi "davlat ahamiyatidagi yo‘qotish" deb baholanmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi va Federal xavfsizlik xizmati qotillikda gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, u O‘zbekiston fuqarosi. FSBning ta’kidlashicha, uni Ukraina maxsus xizmatlari yollagan. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan shaxsga 100 ming dollar to‘lash va’da qilinganini ma’lum qildi.

General Kirillovni o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida allaqachon xabar bergan Rossiya Tergov qo‘mitasi va FSB versiyasi bir-biriga mos kelmasligi haqida siyosatchi, FSBning sobiq polkovnigi Gennadiy Gudkov shunday deydi:

Muhim savol: Ukraina va xavfsizlik xizmati qasos harakatini tan oladimi yoki yo‘q?

– Tojikistonlik yoki o‘zbek fuqarosini yollash Ukraina xavfsizlik xizmati nomidan bo‘lishi ham, biror betaraf mamlakat nomidan yollash qulayroq bo‘lsa, begona bayroq ostida o‘tkazilishi ham mumkin edi. Razvedka xizmatlarida shunday usullar qo‘llaniladi. Bu yerda muhim savol tug‘iladi: Ukraina va uning xavfsizlik xizmati bu qasos harakatini tan oladimi yoki yo‘q? Agar ular mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishsa, demak, hech qanday shubha yo‘q. Agar ular mas’uliyatni o‘z zimmalariga olmasalar va buni inkor eta boshlasalar, ko‘plab qo‘shimcha taxminlar paydo bo‘ladi.

- Nima uchun Ukraina siyosatchilari va maxsus xizmatlari versiyalari bir-biriga mos kelmayapti?

Bir generalning o‘rniga boshqasini qo‘yish qiyin emas – Rossiyada bunday generallar juda ko‘p. Balki, ular shunday qilsak, turli fikrlar paydo bo‘ladi, hamma chalkashib ketadi, har xil taxminlarni muhokama qila boshlaydi, deb o‘ylashgandir. Men bu yerda qandaydir teraktni ko‘rmayapman. Terakt – bu hokimiyatni ag‘darishga, faoliyat yuritayotgan tuzilmalar va organlarni yo‘q qilishga qaratilgan harakat. Bu holda biz urushga aloqador bo‘lgan, urush targ‘ibotida faol ishtirok etgan generalning nishonga olinganini ko‘rishimiz mumkin. Lekin maqsad nimaligini tushunmayapman. Istalgan odamni istalgan joyda qo‘lga tushira olishimizni ko‘rsatish – bu juda shubhali vazifa, chunki g‘alaba qozonmasdan turib hammani qo‘lga tushirib bo‘lmaydi.

Gennadiy Gudkov
Gennadiy Gudkov

Bir generalning o‘rniga boshqasini qo‘yish bir zumda bo‘ladi, ayniqsa Rossiyada bunday generallar juda ko‘p. Agar u boshqa hech kim bajara olmaydigan ishni qiladigan noyob konstruktor bo‘lganida tushunardim, shunday bo‘lsa butun soha qulab tushib, to‘xtab qolishi mumkin edi. Hozir bunday odamlar borligiga uncha ishonmayman. Albatta, hozir xavfsizlik choralari kuchaytiriladi, qo‘riqchilar qo‘yiladi, bunga soliq to‘lovchilarning pulini ayashmaydi, kuch va mablag‘ni haqiqiy ishdan chalg‘itib, ma’lum shaxslarning xavfsizligi bilan shug‘ullanishadi. Ammo agar Ukraina xohlasa, dushmanlar bilan g‘alaba qozonganidan keyin hisob-kitob qilish mumkin.

- Hozirda Rossiya generallari va boshqa yuqori martabali harbiylarni qo‘riqlashda qanday tizimli muammolar bor?

– Hozir Solovyov gapirayotgan gaplar xuddi men hozir kimgadir televideniyeni qanday qurish kerakligini o‘rgatishni boshlaganimga o‘xshaydi. Ehtimol, xuddi shunday qayg‘uli bo‘lardi. Qo‘riqlash to‘g‘risida federal qonun bor, unda davlat tomonidan qo‘riqlanishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxati keltirilgan. Federal qo‘riqlash xizmati deb nomlanadigan butun bir vazirlik mavjud, u yerda odamlar ko‘p, birgina Putinning o‘zida qo‘riqlash va xavfsizlikning turli bosqichlarida 13 mingdan ortiq odam ishlaydi. TQF – bu tezkor-qidiruv faoliyati. Biror generalni himoya qilish uchun qanday tezkor-qidiruv faoliyati kerak? Bu ayg‘oqchilik ishi-ku. Harbiylarda qanday ayg‘oqchilik ishi bo‘lishi mumkin?

Rossiyada qo‘riqchilar ko‘p, Rosgvardiyaning soni 400 ming kishi, ko‘plab idoraviy va idoralararo qo‘riqlash xizmatlari bor. Davlat korporatsiyalarida o‘z xavfsizlik bo‘linmalari mavjud. Bu qo‘riqchilar mamlakati, chunki hokimiyatdagilar o‘z xalqidan qo‘rqadi. Ko‘pgina harbiy generallar oddiy fuqarodek yashaydi, ular unchalik qattiq qo‘riqlanmaydi. Yordamchi keladi, mashina keladi, olib ketadi, olib keladi, it bilan yaqin atrofdagi parkka sayrga chiqishi mumkin.

- Generallar o‘zlarini yomon qo‘riqlashayotganiga qanday qarashadi?

– Nima, har bir generalning o‘z xavfsizlik xizmati bo‘lishi kerakmi? Bunday xizmatlarni tuzish oson emas-ku. O‘ylashimcha, shunchaki xavfsizlik choralarini kuchaytiradilar, qo‘riqlanadigan shaxslar sonini ko‘paytiradilar. Agar 10 ming generaldan bittasi o‘ldirilsa, vahima bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Eng yaxshi yo‘l – urushni tugatish, qo‘shinlarni olib chiqish va hammasi tugaydi. Ammo bu maslahat ma’nosiz, chunki mamlakatni boshqarayotgan odamlar – bu cheksiz hokimiyat bilan taxtda o‘tirgan sayyoradagi asosiy terrorchilardir. Butun dunyo ulardan qutulolmay xalak.

– OAV vakillarini yo‘q qilish haqida gap ketganda, qochqin ukrainalik deputat Ilya Kiva esga tushadi. 2023yil dekabr oyida Moskva viloyati Odinsovo shahrida politsiya uning jasadini ensasida o‘q teshigi bilan topdi. Masalan, Vladlen Tatarskiy kabi targ‘ibotchilarning o‘ldirilishi, Zaxar Prilepinni o‘ldirishga urinish – ularni o‘ldirishgani yoki o‘ldirishga urinishgani uchun ularning so‘zlari televizorda kamroq yangraydimi?

– Men bu taktika va strategiyada katta muvaffaqiyat va foyda ko‘rmayapman. Menimcha, u ko‘proq zarar keltiradi. Qiynoqlarni uyushtirgan koloniya boshlig‘i o‘ldirilganini tushunish mumkin. Lekin konstruktorning o‘rinbosarini o‘ldirishdi-yu, nima o‘zgardi? Men bu faoliyatni tushunmayman, ayniqsa, agar Ukraina buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olsa.

Крокусдан сўнг: Россиядаги ўзбек мигрантлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:37 0:00

Avval g‘alaba qozonishimiz, sudni, ochiq, halol tribunalni qo‘lga kiritishimiz kerak, bu tribunalga, albatta, harbiy jinoyatlarning , bunga so‘z va targ‘ibot bilan yordam berganlar, odamlarni chalg‘itganlar, bu jinoyatlarning barchasini oqlaganlar borishi kerak. Terrorizmni oqlaganlik uchun modda bor, agar Rossiyada hokimiyat almashsa, uni bekor qilish kerak emas. Istalgan kanalni yoqsak, buni oddiy ko‘z bilan ko‘rishimiz mumkin. Dmitriy Medvedevning "Ukraina yo taslim bo‘ladi, yoki biz uni millat sifatida yo‘q qilamiz" degan so‘zlarini eslang. Rossiyada hozir terrorizm, natsizm va fashizm to‘liq oqlanmoqda, – deydi siyosatchi Gennadiy Gudkov.

XS
SM
MD
LG