Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:07

Germaniyaga “ishga yuborilgan” o‘zbek talabalar ko‘chada qoldi


O‘zbek talabalari ikki haftadan beri Myunxen vokzalida tunayotganini aytishadi.
O‘zbek talabalari ikki haftadan beri Myunxen vokzalida tunayotganini aytishadi.

Xususiy bandlik agentliklari orqali Germaniyaga ishga kelgan yuzga yaqin o‘zbekistonlik ko‘chada qolgan.

Ikki haftadan beri Myunxen vokzalida tunayotgan o‘zbekistonliklardan birining Ozodlikka aytishicha, "Turon World Cooperation" hususiy bandlik agentligi ularga Germaniyada Ferienjob dasturi doirasida uch oylik ish va’da qilgan.

Xizmatlar uchun o‘zini “Abdulloh” deb tanishtirgan shaxs har bir kishidan 700 dan 1000 dollargacha pul olgan.

Muhojirlar aldanganliklarini Germaniyaga kelib bilishgan.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan o‘zbekistonlik talaba uch haftadan buyon vokzalda tunayotganliklarini aytadi:

“4-iyundan beri vokzalda yotibmiz. Shu oyni boshida kelganmiz. "Uch oylik ish, oyiga kamida 1000 yevro oylik olasizlar" deyishgan. Kelsak bular va’da qilgan ish yo‘q. Germaniyadagi RAJ-Personal services "sizlarni tanimaymiz" deyapti. "Turon World”dagilar ishimizni cho‘zib kelyapti. Bizdan pul olgan Abdulloh degan odam telefonni ko‘tarmaydi. Xullas, bizni chuv tushirishdi”, - deydi ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik yigit.

"Turon World Cooperation" hususiy bandlik agentligi Ozodlik bilan suhbatda Germaniyada ko‘chada qolgan o‘zbekistonliklarni ishga jo‘natganini rad etdi.

Ferienjob dasturi doirasida o‘zbekistonlik talabalar Germaniyaga uch oydan ortiq bo‘lmagan muddatga ishlash uchun kelishlari mumkin.

Ferienjob dasturi bo‘yicha xorijliklarni mavsumiy ishga joylash bilan Germaniyaning Bremen shahridagi Raj Personal shirkati shug‘ullanadi.

Shirkat menejeri Roy van den Xurk ayrim o‘zbekistonlik muhojirlar bilan yuzaga kelgan vaziyatni "achinarli", deb atadi.

“O‘zbekistonliklar uch oyga mavsumiy ishlarga kelishi mumkin. Talabalar bu yerda ishlab, mahalliy aholi madaniyatini o‘rganishadi va pul topishadi. Bu talabalar uchun juda yaxshi imkoniyat. Hozir to‘rt yuz o‘zbekistonlik bizda ishlayapti. Yana shunchasi kelasi hafta keladi.

Lekin, ba’zi o‘zbekistonliklar bizga oldindan xabar qilmasdan kelyapti, bu yerga kelib “ish topib ber” deyapti. Bizda ularga ish yo‘q. Ularga qandaydir odamlar bizni manzilimizni aytishgan, ba’zilariniki hujjatlari soxta, bulardan pul ham olishgan. Buni eshitish juda achinarli. Chunki, buning uchun haq olinmaydi, bepul dastur bu. Afsuski, kimlardir bundan pul ishlashni maqsad qilgan. Shuning uchun Germaniyaga kelishdan oldin bizga bog‘lanishlarini tavsiya qilamiz”, - deydi Bremen shahridagi Raj Personal shirkati menejeri Roy van den Xurk.

O‘zbekistonlik bloger va ijtimoiy faol Nikita Makarenko Germaniyaga ishga jo‘natilga va ko‘chada qolgan o‘zbekistonliklar vaziyatini o‘rgangan.

“O‘zbekistondagi "Turon World Cooperation" hususiy bandlik agentligi litsenziyasi o‘tgan yili tugagani, lekin shunga qaramay bu agentlik odamlarni chet elga yuborish bilan shug‘ullanib kelganini aniqladik. Hozir jami 300 odam sarson bo‘lyapti. Shulardan yuz nafari Germaniyaga uchib ketgan. 200 nafari bu yerda. Hammasi bu agentlika pul to‘lagan, lekin ish yo‘q. Shartnomalar “World Shahrisabz” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Fuad invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati va boshqa 33 ta yuridik shaxs nomiga tuzilgan. Xizmatlar uchun har bir kishidan 700 dan 1000 dollargacha pul olingan. Ya’ni, 100 ming dollardan ortiq pul undirilgan hammasidan. Ba’zi yigitlar 4- iyundan beri temir yo‘l vokzallarida yashamoqda. Ularning barchasiga Germaniyadagi bir kompaniyaning manzili berilgan. Elchixonamiz xabardor. Frankfurtdagi Bosh konsullik 15-iyundan buyon ushbu shaharda bo‘lgan 8 kishini uyga joylashtirdi, ovqatlantirgan. Bu holatga O‘zbekistondagi huquq tartibot idoralari e’tibor qaratishi va aybdorlarni jazoga tortishi kerak”, - deb yozdi Nikita Makarenko 28-iyun kuni o‘zining Telegram - kanalida.

"Ishsizlik sabab odamlar osongina aldanib qolyapti"

O‘zbekistonda "Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunga uch yil avval kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, xorijdan ish topib beradigan xususiy agentliklar o‘z mijozidan xizmat haqi olishi mumkin emas.

Qonunga binoan agentliklar bu haqni ishchiga ish berayotgan xorijiy shirkatdan undirishi lozim.

Ammo, qonuniy o‘zgarishlarga qaramay xususiy bandlik idoralari mijozlardan haq undirishi davom etmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiylariga ko‘ra, qonunga kiritilgan o‘zgarishlar fuqarolarning bandlik agentliklari va ish beruvchilarga aldanib qolishi va firibgarlik oldini olish maqsadida qabul qilingan.

O‘tgan yili O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan yuzdan ziyod xususiy bandlik agentligidan 50 tasining litsenziyasi bekor qilingan edi.

O‘ndan ortiq shirkatga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

2019-2020-yillar davomida Ozodlik radiosi qator xususiy bandlik agentliklari o‘zbekistonliklarni aldagani to‘g‘risidagi maqolalarni e’lon qilgan. Buning ortidan ularning ayrimlari faoliyati to‘xtatilgan, ayrimlariga nisbatan esa jinoyat ishlari ochilgan.

XS
SM
MD
LG