Marhum prezident Islom Karimovning qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib 13 yildan ko‘proq qamoq muddatini o‘tayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘tgan yil oxirida Toshkentdagi ayollar qamoqxonasidan manzil koloniyaga o‘tkazilgan.
Bu haqdagi ma’lumotni Ozodlikka O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi bir-biridan mustaqil manbalar tasdiqladi.
Ayni paytda mahalliy nashrlarda ham yoyinlangan xabarning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.
Ozodlik manbalarining bildirishicha, 52 yashar Gulnora Karimova 2024-yilning 20-dekabr kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 21-sonli koloniyadan 42-sonli manzil koloniyaga o‘tkazilgan.
“Gulnora 5-6 chemodan bilan koloniyadan xursand chiqib ketdi. O‘ziga yaqin bo‘lib qolgan mahkumalar bilan quchoqlashib xayrlashdi. Gulnorani GUINdan kelgan odamlar va koloniyamiz rahbari Gulruh Karimova kuzatib qo‘ydi”, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ismini ochiqlamaslikni so‘ragan koloniya xodimlaridan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gulnora Karimova jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudining unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 74-moddasi (Jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) asosidagi ajrimi bilan 19-dekabr kuni koloniyadan ozod qilingan.
Ozodlik Gulnora Karimovaga nisbatan jazoni o‘tash tartibi o‘zgargani haqidagi ma’lumot yuzasidan Ichki ishlar vazirligi, Jazoni ijro etish Departamenti va Ombudsman idorasidan na tasdiq va na raddiya ololdi.
Ozodlik manbalarining tushuntirishicha, qarorga koloniya ma’muriyatining belgilangan jinoiy jazoning uchdan bir qismi o‘talgani haqidagi taqdimnomasi asos qilib olingan.
“Aslida bu modda koloniya tartibini buzgan shaxslarga qo‘llanilmasligi kerak. Gulnora jazoni o‘tash tartibini surunkali buzuvchi mahkumalardan biri edi. U jazoni o‘tash davrida bir necha marta qoidalarni buzgan, hayfsan olgan va ogohlantirilgan. Lekin unga gumanizm qo‘llanildi”, deydi Toshkentdagi ayollar koloniyasi vakili.
Otasining qamog‘ida
Bir paytlar O‘zbekistonni chorak asrdan ko‘proq vaqt qattiqqo‘llik bilan boshqargan otasining siyosiy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan Gulnora Karimova oxirgi marta 2020-yilda Toshkent shahar sudi tomonidan 13 yil-u 4 oyga ozodlikdan mahrum qilingandi.
U jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, Karimovaga nisbatan 2013-yilda ish ochilib, 2015-yilda 5 yillik ozodlikni cheklash jazosi, 2017-yilda esa 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari protestiga asosan unga nisbatan belgilangan qamoq jazosi 5 yillik ozodlikni cheklash bilan almashtirilgan.
Uy qamog‘ida Karimova bir qator qoidalarni buzgani uchun qayta qamoqqa olingan. 2020-yilda unga yangi ayblovlar bilan 13-yil-u 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni 2019-yildan beri 21-ayollar koloniyasida o‘tab kelayotgan edi.
Gulnora Karimovaning yaqinlari, jumladan, hanuz hokimiyatga yaqin deb ko‘riladigan sobiq birinchi xonim Tatyana Karimova uning manzil koloniyaga o‘tkazilgani borasidagi xabarlarga munosabat bildirgani yo‘q.
O‘tgan yillarda Karimovaning advokati hamda farzandlari unga nisbatan qamoqxonada bosimlar bo‘layotgani, mahkuma bilan uchrashuvga ruxsat berilmayotganidan shikoyat qilib kelishgan, ammo rasmiylar bu iddaolarni rad etgan.
2023-yilning 16-iyun kuni Gulnora Karimova bilan uchrashtirilmagani haqida onasi Tatyana Karimova Facebookda post qoldirgandi:
“Nevaram Imonni 25 yoshni qarshi olgani bilan tabriklayman. Baxt, farog‘at, mehr-muhabbat tilayman. Lekin, afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas... KIN-21 ayollar koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi”.
Ijtimoiy tarmoq faollari esa bu shikoyatomuz postga hamdardlik bilan emas, aksincha, “Nima eksang, shuni o‘rasan” qabilidagi g‘azabnok ayblovlar bilan munosabat bildirishgan.
Xalqaro tergov va muzlatilgan milliardlar
Gulnora Karimova Yevropa va AQSHdagi qator xalqaro jinoyat ishlari va surishtiruvlar figuranti sanaladi.
O‘tgan oy boshida Shveysariya prokuraturasi badavlat mijozlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Lombard Odier bankini og‘irlashtiruvchi shartlar bilan pul yuvishda ayblagan.
Financial Times nashrining rasmiylarga tayanib yozishicha, bank bir necha yil davomida, jumladan, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning jinoiy faoliyatini yashirishga ko‘maklashish bo‘yicha “hal qiluvchi rol”lardan birini o‘ynagan.
Prokuratura taxminicha, 2023-yil sentyabrida ayblov e’lon qilingan Karimova yirik miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib, ularni Shveysariyadagi “Ofis” deya tanilgan tashkilot orqali yuvgan. Gulnora Karimovaning o‘zi mazkur ayblovlarni rad etgan.
Lombard Odier bankining sobiq xodimiga ham ayblov e’lon qilingan. Prokuratura bu ishni 2016-yildan buyon yuritib kelmoqda.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimovaning davlat va odamlarga keltirgan zarari 1 trln. 270 mlrd 200 mln so‘m, 1 mlrd 651,8 mln AQSH dollari, 26,1 mln yevro deb baholagan.
AQSH Adliya vazirligi huzuridagi prokuratura idorasining Nyu-York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019-yilning 7-mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e’lon qilgan edi.
Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSH birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanadi.
Adliya vazirligi baënotida ta’kidlanishicha¸ Karimova AQSHning xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.
Xorijdagi surishtiruvlar ortidan Gulnora Karimovaning Shveysariya banklaridagi bir milliard dollarga yaqin mablag‘i muzlatilgan edi.
2022-yilning fevralida O‘zbekiston Adliya vazirligi Karimova o‘zlashtirgan mulkni mamlakatga qaytarish doirasida Fransiyadan 10 million AQSH dollari O‘zbekistonga qaytarilgani, yana 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar "O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor" ekanini bildirgan.
Ammo bu pullarning taqdiri noma’lum, ularning nimaga va qanday sarflangani borasida ochiq hisobot mavjud emas.
Jamoatchilik faollari avval-boshdan qaytarilayotgan bu pullarning xalqqa yetib borishiga jiddiy shubha bilan qarashgan.
Ozodlik surishtiruvi 2023-yil oktyabrida, o‘z vaqtida Gulnora Karimovaning jinoiy sherigi sifatida ayblangan Rustam Madumarov O‘zbekiston DXX zobitlari nazorati ostida Gulnora Karimovaga aloqador bank hisobraqamidan pullarni olish uchun Hong Kongga safar qilganini o‘rtaga chiqargan.
Ozodlik manbalarining ta’kidicha, Madumarovga Gulnora Karimovaga aloqador bank hisobidagi pullarni boshqa xususiy hisoblarga o‘tkazish missiyasi yuklatilgandi.
O‘zbekiston rasmiylari Ozodlik surishtiruvi yuzasidan izoh bermagan.
Mirziyoyev qamog‘ida
2016-yilda hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev avvaliga omma o‘ngida o‘zini Islom Karimovning shogirdi va u boshlagan ishlarning davomchisi sifatida taqdim etgan bo‘lsa-da, amalda uning siyosiy merosidan masofalanishga qaratilgan qator ishlarni amalga oshirgan.
Jumladan, mamlakat qamoqxonalaridagi o‘nlab siyosiy mahkumlarni ozod qilgan, minglab odamlarni qora ro‘yxatlardan chiqargan.
Tatyana Karimovaning o‘zi haqida esa Mirziyoyev “Farg‘onalik kelinlar” bir vaqtlar vodiyni g‘orat qilgani" haqida gapirgandi.
Ijtimoiy tarmoq faollari va oddiy o‘zbekistonliklar ko‘pincha Mirziyoyev qizlarining otasi administratsiyasi va hukumatda yuqori lavozimlarga tayinlanishi hamda kuyovlarining biznes manfaatlari bilan Gulnora Karimovaning boshiga tushganlar o‘rtasida parallel o‘tkazishadi.