Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:55

Gulnora Karimova muzlatilgan 350 million dollarni qaytarish imkonini qo‘lga kiritdimi?


Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov fikricha, Shveysariya sudining qarori muzlatilgan 350 million dollar Gulnora Karimovga qaytarilishini anglatmaydi. 
Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov fikricha, Shveysariya sudining qarori muzlatilgan 350 million dollar Gulnora Karimovga qaytarilishini anglatmaydi. 

Bloomberg nashri O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Shveysariyada bo‘lib o‘tgan sudda yutib chiqqani va bu g‘alaba unga muzlatilgan 350 million dollarni qaytarib olish imkonini bergani haqda yozdi.

Nashrga ko‘ra, Shveysariya Federal apellyatsiya sudi 3 - dekabr kuni G. Karimovani Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant shirkatining qonuniy benefitsiari deb topishga oid arizasini qanoatlantirgan.

Mazkur shirkatning Shveysariyadagi bank hisob raqamidagi pullar 2018 - yilgi jinoyat ishi doirasida muzlatib qo‘yilgan edi.

“Federal prokuratura Gulnora Karimovaning aktivlarini musodara qilishga harakat qilgani e’tiborga olinsa, bu u uchun juda muhim g‘alabadir”, degan G. Karimovaning advokati Greguar Manja.

Bu Gulnora va uning advokati uchun protsessual g‘alaba xolos

Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik tadqiqotchi Alisher Ilhomov fikricha, Shveysariya sudining qarori muzlatilgan 350 million dollar Gulnora Karimovaga qaytarilishini anglatmaydi.

Ilhomovga ko‘ra, ba’zi nashrlar Shveysariya sudi qarorini noto‘g‘ri talqin etgan.

"Men o‘zim sudning asl qarorini o‘qib chiqdim va ishontirib aytamanki, unga 350 million dollar qaytarilishi haqida gap yo‘q. Bu uning advokati uchun protsessual g‘alaba xolos. Birinchidan, uning ilgari rad etilgan apellyatsiyasi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ikkinchidan, uning o‘zi Takilant shirkati benefitsiari ekanligini tan olganligi sababli, uning advokati ham ushbu ofshor kompaniyani himoya qiladi. Ammo bu hali u va Gulnoraga o‘sha millionlarni qaytarib olish imkonini berishini anglatmaydi.

Bu jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan hal qilinadi. Sud faqat Gulnora uning oldida sudlanuvchi sifatida kelgan taqdirdagina qaror qabul qilishi mumkin.

Gap faqat sud ishtirokchisi sifatida uning huquqlarini tiklash to‘g‘risida bo‘lyapti bu yerda. O‘zbek hukumati uni qo‘yib yubormaganligi sababli, bu jarayon hali davom etadi", deb fikr bildirdi Alisher Ilhomov o‘zining Facebook sahifasida.

Jinoyat ishi bo‘yicha pullarning asl egasi Gulnora Karimova bo‘lganini yashirish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirganlikda va pul yuvishda ayblangan o‘zbekistonlik B. ismli shaxs aybdor deb topilgan.

Ayblovlar

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi shu yil 18 - mart kuni Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z hukmini e’lon qilingandi.

Sud G. Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, uni 13 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda, jazo muddatini 2015 - yil 21 - avgustidan boshlab hisoblash belgilangan.

Avvalroq Adliya vazirligi va Bosh prokuratura vakolatli idoralar ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borgan sa’y-harakatlari natijasida joriy yil 14 - mayida Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilganini ochiqlagandi.

XS
SM
MD
LG