Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2024, Тошкент вақти: 00:58

"Ham tilanchilik, ham talonchilik". "Open byudjet" majburiy mehnatning yangi ko‘rinishiga aylanmoqda


"Open byudjet" uchun ovoz yig‘ish jarayoni. Aprel, 2023
"Open byudjet" uchun ovoz yig‘ish jarayoni. Aprel, 2023

Shu kunlarda O‘zbekistonda “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz yig‘ish qizg‘in pallaga kirgan. “Ochiq byudjet” portalida davom etayotgan ovoz berish jarayoni 15-sentabrda yakunlanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, “Tashabbusli byudjet”ning joriy yil 2-mavsumi uchun 1,02 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Mamlakat bo‘yicha 9426 ta mahalladagi infratuzilmani yaxshilash uchun 50 mingga yaqin taklif kelib tushgan bo‘lib, undan 33 mingdan ziyodi ovozga qo‘yilgan.

Ozodlikka joylardan yo‘llanayotgan shikoyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga qaraganda, bu mavsumda ham “Ochiq byudjet” uchun ovoz berishda majburlov va g‘irromliklar kuzatilmoqda.

“Опен бюджет”дан ютган пулимизни берсин”. Дарбанд қишлоғи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:02 0:00

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi 16-maktabdan tahririyatga murojaat yo‘llagan pedagoglar maktab direktori fan o‘qituvchilariga 50 tadan, sinf rahbarlariga 100 tadan ovoz yig‘ish majburiyati yuklaganini aytadi.

“Paxtadan qutulgan o‘qituvchilar “Ochiq byudjet” uchun ovoz yig‘ishga tutildimi? O‘z ishlarimiz qolib, o‘quvchilarga dars berish o‘rniga ovoz yig‘amizmi?”,- deydi pedagoglar.

Boshqa viloyatlarda ham o‘qituvchilar tahdid va tazyiq ostida uyma-uy yurib ovoz yig‘ayotgani aytilmoqda.

Jamiyatning himoyasiz qatlami bo‘lib qolayotgan tibbiyot sohasi vakillari ham “ko‘pga kelgan to‘y”dan chetda emas.

“Open byudjet”ga ovoz berib ketasizmi, deydi hali poliklinikaga kirar-kirmasimdan. Bir raqamga – bir ovoz-da, deb xijolat bo‘lib o‘tib ketdim. Har bir kasalni avval ovoz berdirib, keyin qabul qilyapti shifokor. Hamshiralar dod deb yotibdi. “Norma” qo‘yib qo‘ygan, qayerdan shuncha ovoz to‘playmiz deb. Lekin normadagi ovoz to‘plansa, o‘zlari ishlayotgan joy ta’mirlanishiga, sharoitlari yanada yaxshi bo‘lishiga umid qilyapti”, deb yozdi taniqli bloger Dima Qayum ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

“Registonda o‘tirsam, yonimga ikki ayol keldi. Vrachlar ekan. “Iltimos, xola, “Open byudjet”ga ovoz to‘playapmiz. Kasalxonaga medtexnika olmoqchimiz. Shunga ovoz bering”, deyishdi. Nima ham derdim, ovoz berdim. “Open byudjet” degani mabodo tilanchilik emasmi?” deya hayratini yashirmadi tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Ovoz yig‘ish uchun bir litr paxta yog‘idan tortib 15 ming so‘m pulgacha – sinovdan o‘tgan turli rag‘bat usullari qo‘llanyapti.

“Mahallamizda 3000 ga yetmaydigan aholi bor. “Open byudjet” bo‘yicha yosh-u qari oyoqqa turgan. Kimdir Toshkentga kimdir, yana qaysidir joyga otlangan, ayniqsa, yoshlar kecha-kunduz yugur-yugurda. 40 million so‘mga yaqin xarajat qilinyapti. “Pepsi”, suv, sovun, soda, paxta yog‘i – kim ovoz bersa, xohlaganini oladi”, deydi Sobir Shohimardonov ismli foydalanuvchi.

Jurnalist Norqobil Jalilov ko‘cha-ko‘yda ovoz yig‘ib yurganlarni “tilanchi talonchilar” deb atagan.

“Kunimiz kimlarga qoldi-ya! Nafas olishgayam qo‘ymayapti odamni! Bir mashina kungaboqar yog‘i, “Kola” va yana nimadir... Bir baklajka yog‘ – bitta ovozmish! Manavilar huv tupkaning tagidan poytaxtga ovoz yiqqani kelibdi! Tashkilotchilar, o‘lganlaring yaxshimasmi shunday soxta ovoz to‘plagandan ko‘ra? Ko‘cha-ko‘yda, hatto hojatxonadayam boshingizga kevolib “Open byudjet”ga ovoz bering!” deb turganlarni jazolash kerak!”, deydi N.Jalilov.

“Open byudjet”ni baribir qabul qilolmadim. Bu pulini to‘lagan somsamni olishim uchun meni yalintirishdan boshqa narsa emas. Ishimni chetga surib, ovoz yig‘ish uchun harakat qilib yugurishim, kerak bo‘lsa, yana sarf-xarajat qilishim – aqlga sig‘mas holat”, deydi tadbirkor Jaloliddin Sa’dinov.
“Open byudjet” qilib xalqni qiynamay qurib yoki ta’mirlasa nima bo‘larkan?! Qozog‘istonga masjid qurib beribmiz, Ozarbayjonlarga maktab! O‘zbekiston shunchalik boyib ketdimi nima balo! O‘zimizga kelganda, gadoydek, sadaqa so‘rayotgandek ovoz yig‘ishimiz kerak”, deya jig‘ibiyron bo‘ladi Dilshod Abduqodirov.

Mahalliy matbuotning yozishicha, viloyatlarda allaqachon ovoz to‘plab berish xizmatini ko‘rsatuvchi o‘rtakashlar paydo bo‘lgan.

Bu mashmashalar satira va yumorga ham mavzu bo‘lmoqda.

Hajviy guruhlardan biri hatto hojatxonaga kirayotganlardan ham ovoz undirishga urinayotgan uddaburon obrazi orqali vaziyatni bor bo‘yicha ko‘rsatishga urindi.

Karikatura ustasi Habibulla Mo‘ydinov bu mavzuda bir necha hajviy surat ishladi.

Hududlarda fuqarolarning byudjet shakllantirishda faolligini oshirishga qaratilgan “Tashabbusli byudjet” amaliyoti 2021-yildan joriy etilgan. Yo‘l qurilishidan maktab, shifoxona ta’miriga qadar – turli loyihalar “eng ko‘p ovoz” tamoyili asosida tanlovda yutib chiqadi.

Loyiha muxoliflari ovoz berishda soxtakorlik va g‘irromlik avj olganini tanqid qilayotgan bo‘lsa, yana bir guruh faollar bu amaliyot O‘zbekistonda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim bosqich ekaniga ishonadi.

“Qanchalik tanqid qilinmasin, men “Open byudjet”ni katta yutuq deb bilaman. “Open byudjet” – qaysidir mahalladagi muammo yechilganidan ko‘ra kattaroq narsa. Bu O‘zbekistonda faol fuqarolik jamiyati, siyosiy ong, saylovlar madaniyati shakllanishi uchun muhim. Bugun fuqaro hech bo‘lmasa mahalliy muammosini o‘z ovozi bilan hal qila bilishiga, uning ovozi muhimligiga ishonsa, ertaga u umumiy saylov tizimiga ham ishona boshlaydi. O‘z ovozi bilan o‘z huquqlarini himoya qilishi mumkinligiga ishonchi ortadi”, deydi noshir va bloger Firuz Allayev.

“Odamlar 1-2 mlrd so‘m pul uchun quruvchilardan, ish bitgach, qolganlardan yon-atrofni ko‘z qorachig‘idek asrashni talab qilayotgan bo‘lsa, har yili o‘ttiz milliard AQSH dollari miqdoridagi davlat byudjetini tasdiqlab beruvchi shol parlamentimiz shunday talabchan bo‘lsa, nimalar bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring endi!” deb yozadi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.

Iqtisodchi Botir Qobilov fikricha, “Open byudjet” doirasida aholi qonunchilik idorasi qilishi kerak bo‘lgan ishni qilyapti.

“O‘zbekistonliklar o‘z soliqlari taqsimlanishi, mahalliy saylovlar va fuqarolik jamiyati qurishga qiziqish bildirmaydi, biz boshqachamiz, biz unga-bunga tayyor emasmiz” mazmunidagi shablon gaplarni ba’zida eshitamiz. Shu gaplar to‘g‘ri emasligiga dalilni aynan “Tashabbusli byudjet” loyihasi ko‘rsatib bermoqda desam ham bo‘ladi. Biroz bo‘lsa ham fuqarolik jamiyati paydo bo‘layotgani, fuqarolar o‘z soliqlari taqsimotida faollashib borayotganlari faqat va faqat yaxshi emasmi?!” deydi Qobilov.

Shu bilan birga, faollar “Ochiq byudjet”ni amalga tatbiq etish mexanizmi isloh qilinishi kerak degan fikrda. Jumladan, ijtimoiy soha vakillarini ovoz yig‘ishga majburlovdan xalos etish hamda “bir kishi – bir ovoz” prinsipini ta’minlash uchun ID.UZ orqali ovoz berishni yo‘lga qo‘yish, IMEI yoki JSHIR (jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami) orqali identifikatsiya qilish taklif etilmoqda.

Bog‘cha, maktab, shifoxona va QVPlarni “Ochiq byudjet”ga qo‘yish amaliyotidan voz kechish, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni muhofaza etish va rivojlantirishni davlat o‘z zimmasiga olishi kerak, deb hisoblaydi faollar.

XS
SM
MD
LG