Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:57

“Hamma yaxshi narsalar – poytaxtga”. Qashshoq viloyatlar hisobiga gullayotgan Nur-Sulton (VIDEO)


Qozog‘iston poytaxti markazi
Qozog‘iston poytaxti markazi

1997 - yil dekabrida Qozog‘istonda Aqmola shahri yangi poytaxt etib belgilandi, keyinroq uni Astana, so‘ng Nur-Sulton deb nomladilar. Poytaxtni ko‘chirish tashabbusi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevdan chiqqan edi. O‘shandan beri poytaxtga pul tinimsiz oqib keladi – bu Qozog‘istonning boshqa mintaqalari ishlab topgan va, adolat yuzasidan, mahalliy shaharlarni rivojlantirish uchun hududlarning o‘zida qolishi kerak bo‘lgan pullardir.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali ana shu mavzuni o‘rgandi.

FAVVORA SOVG‘A QILIShDI, LEKIN EVAZIGA HECH NIMA OLISHMADI

Semey haqini poytaxt “yeb qo‘yayotgan” shaharlardan biri. Ushbu shahar Qozog‘istonda mutafakkir Abay Qo‘nonboyev hamda adib Shokarim Xudoyberdiyevning vatani o‘laroq taniqli. Biroq Rossiya chegarasidan atigi 50 chaqirim berida joylashgan Semey muammolarga g‘arq bo‘lmoqda. Abgor ahvoldagi yo‘llar, tashuvchilarning surunkali ish tashlashlari, chiqindi tashish muammosi – mahalliy va respublika OAVlarida, ayniqsa, mana shu uch mavzu ko‘p tilga olinadi.

SSSR davrida Semey shahri yaqinida yadro quroli sinovlarini o‘tkazishardi. Sovet Ittifoqidagi eng yirik poligonlardan biri bo‘lgan Semipalatinsk poligoni maydoni qariyb 18 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Mazkur poligon havosi olti yuz martadan ortiq yadro va termoyadro qurilmalari portlashidan larzaga kelib, zaharli chang bulutlariga xo‘p to‘yingan. Sovuq urushning radiofaol merosi ushbu tuproqlarda yashayotgan millionlab odamlarga nasib qildi. Semeyda yashovchilardan ko‘pchiligining sog‘lig‘i joyida emas.

“Qalqonsimon bez – adenoma. Prostata bezi – adenoma. Qizilo‘ngach – qizilo‘ngach churrasi”, deya tibbiy daftaridagi tashxislarni sanaydi Semipalatinsk yadro poligonidagi sinovlar ishtirokchisi, semeylik Vladimir Sulima.

Uning tanasida tibbiy tekshiruvlar orqali tasdiqlangan 20 dan ziyod surunkali xastalik bor – barchasi yadro portlashidan hosil bo‘lgan ionli nurlarning organizmga salbiy ta’siri oqibatidir.

Yer ustida atom bombasi portlatilishini Sulima birinchi marta o‘quvchilik chog‘larida kuzatgan edi, 17 yoshida esa u yadro poligoniga ishga kirgan. Vladimir ishlaydigan 113-sonli ekspeditsiyaning vazifasi ulkan quduqlarni burg‘ulab kovlashdan iborat edi – keyinchalik bu quduqlarga yadro zaryadi joylanardi. Har bir smenaga burg‘ulash uchun atigi 20 daqiqa berilar, vaqt tugashi bilan guruhni shosha-pisha evakuatsiya qilishardi. 1968 - yil kuzida Vladimir hamkasblari bilan birga sinov maydonida qolib ketadi. Bu paytda u 5erda radiatsiya sizib chiqa boshlaganini xayoliga ham keltirmaydi.

“O‘sha kuni ishda ushlanib qoldik, kelganimizda allamahal bo‘lgandi. Maydonga keldig-u hech narsadan bexabar, o‘sha yerda tunab qoldik. Ertalab bizni dozimetriya xizmati (nurlanish darajasini o‘lchovchi mutaxassislar – tahr.) qidirib keldi. Bu yerga qanday kelib qoldinglar, deb surishtira boshlashdi: ma’lum bo‘lishicha, shtolnyada avariya yuz berib, radiatsiya tepaga sizib chiqqan, kechasi butun maydon evakuatsiya qilingan ekan”, hikoya qiladi Sulima.

Vladimirning so‘zlashicha, poligonda ishlash uchun uning guruhiga deyarli hech qanaqa himoya vositalari berilmagan. “Kishi boshiga bittadan oddiy respirator va bir juftdan qo‘lqop berishardi, jo‘ngina askariy qo‘lqop. Yana askarcha ust-bosh ham”, eslaydi u.

Sovetlar davrida radiatsiya halokatli darajada xavfliligi to‘g‘risida Semey aholisiga lom-mim deyilmagan: bu axborot “maxfiy” degan yozuv bilan qo‘riqlanardi. Shaharda saraton va nur kasalliklaridan vafot etuvchilar ko‘p edi, lekin hech kim buning sababini tushunmasdi. Poligonda butun yoshligini va salomatligini yo‘qotgan Sulima hozirda 170 dollar nafaqaga kun kechirmoqda.

1992 - yilda Qozog‘iston hukumati “Semipalatinsk yadroviy poligonida sinovlar oqibatida jabrlangan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish to‘g‘risida” qonun qabul qildi. Hujjatda 50 va 55 yoshdan nafaqaga chiqish, ekologik ustama olish hamda sanatoriy va kurortlarda bepul davolanishga doir normalar belgilangan edi. Ammo besh yildan so‘ng qonun bekor qilindi. O‘shanda Semeyda “Avlod” nomli nohukumat tashkilot tuzildi: uning a’zolari tarixiy adolatni tiklashga va yadro poligonidagi sinovlarning barcha jabrdiydalariga imtiyozlar joriy etilishiga erishish uchun harakat qilishmoqda. Biroq tashkilot vakillari davlat amaldorlari bilan kurashda hozircha faqat yutqizmoqda.

“Davlat bizga imtiyoz berishdan manfaatdor emas: buning uchun pul sarflash kerak bo‘ladi-da axir. Ularga buning nima keragi bor? Undan ko‘ra bizni ko‘mib tashlash osonroq ular uchun, – yozg‘iradi Semipalatinsk yadro poligonida o‘tkazilgan sinovlarning yana bir jabrdiydasi Aziza Sobirxonova. – Davlatimiz Semipalatinsk poligonidan zararlanganlarning hammasi tezroq qirilib bitishini xohlayotgandek tuyuladi menga: juda uzoq yashayapmiz, davlatga malol kelyapmiz”.

Ko‘plab semeyliklar noroziligini yashirmaydi: Qozog‘iston poytaxti kun sayin ko‘rkamlashib, rivojlanib borayotgan paytda – hukumat shaharga asos solingan kunga bag‘ishlangan reklama panellarining o‘ziga yuz million tangadan ortiq mablag‘ sarflayotgan pallada ular o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash uchun necha yillardan beri kompensatsiya undira olmay halak.

Va bu byurokratik sansalorliklar nafaqat Semipalatinsk poligoni sobiq ishchilarining kompensatsiya pullariga, balki Semey aholisiga nafi tegishi mumkin bo‘lgan boshqa loyihalarga ham taalluqli.

Danil 15 yoshda, o‘spirin autizm turiga mansub xastalik bilan og‘rigan. U pensioner buvisi Galina bilan yashaydi: buvining aytishicha, bir necha yil muqaddam qozog‘istonlik mashhur psixolog Flyura Smashnikova Semeyda mana shunaqa bemor bolalar uchun reabilitatsiya markazi ochishni taklif qiladi. Loyiha davlat idoralari bilan qariyb kelishib bo‘linadi, byudjetdan mablag‘ ajratilishini va qurilish boshlanishini kutish qoladi xolos.

“Lekin mablag‘ baribir ajratilmadi. Loyiha savil qoldi. O‘sha kezlar Astanada EKSPO-markaz qura boshlashgan edi, balki haqqimizni shunga sarflab yuborishgandir. Qop-qop va’da berishgandi, oqibatda esa ikki qo‘limizni burnimizga tiqqancha qoldik. Nachora, davlatimizga EKSPO-markaz ko‘proq zarur ekan”, zorlanadi Galina Akimova.

Qozog‘iston poytaxtida EKSPO-2017 butunjahon ko‘rgazmasini tashkil qilish va o‘tkazishga uch milliard dollardan ziyod mablag‘ xarjlangan. Loyiha mamlakat taraqqiyotiga kuchli turtki berishi kutilgan edi, ammo keng ko‘lamli tadbirga hozirlik ketma-ket mojarolar va shov-shuvli hibsga olishlar bilan bir paytda kechdi. Bugun, oradan to‘rt yil o‘tib ayon bo‘lyaptiki, EKSPOning va’da qilingan samarasi va olamshumul rejalar faqat qog‘ozda qolib ketibdi. Ammo mablag‘dan benasib qolgan Qozog‘iston mintaqalari ko‘lami kichikroq bo‘lsa-da, hayot-mamot masalasiga doxil loyihalarni ro‘yobga chiqarish imkonini boy berdi.

Boz ustiga, Qozog‘istonda mintaqaviy byudjetlardan poytaxt foydasiga “urib qolinadi”, shuningdek, hududlar vaqti-vaqti bilan Nur-Sultonga “nimadir hadya etishga”majbur etiladi. Masalan, 2018 - yilda Semey shahri mansub Sharqiy Qozog‘iston viloyati mamlakat boshkentida shaharning tug‘ilgan kuniga atab salkam 940 million tangaga ulkan favvora qurib bergan edi.

Favvora diametri 73 metrga teng aylana shaklida yasalgan. Kompozitsiya markazida bir paytlar Amir Temur yasattirgan va hozirda Qozog‘istonning Turkiston shahrida saqlanuvchi ulkan qozonga o‘xshash qilib ishlangan “To‘yqozon” idishi joylangan: undagi suv biqirlab ko‘tarilib turadi va suv qaynayotgan kosa ko‘rinishini beradi.

Nur-Sultondagi To‘yqozon favvorasi
Nur-Sultondagi To‘yqozon favvorasi

2020 - yili, Abay Qo‘nonboev tavalludining 175 yilligi nishonlanishi arafasida Nur-Sulton akimati Semeyga javob hadyasi sifatida markaziy sohilbo‘yi ko‘chasini rekonstruksiya qilib berishni va’da qildi. Ammo, doim bo‘lgani kabi, bu safar ham mulozimlarning so‘zi bilan amali boshqa-boshqa bo‘ldi: keyinroq esa uncha tantanavor bo‘lmagan sharoitda, sovg‘a bekor bo‘lganini, byudjetda buning uchun aqcha yo‘qligini bildirdilar.

“Akimat Abay Qo‘nonboyevning 175 yillik yubileyiga bag‘ishlab turli tadbirlar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi va buning muhimligini e’tirof etadi. Biroq, yuzaga kelgan murakkab iqtisodiy vaziyat hamda byudjet xarajatlari cheklanganligi munosabati bilan yuqorida qayd etilgan loyihani moliyalash ma’qul ko‘rilmadi”, deya ma’lum qilgandi Nur-Sulton akimatining matbuot xizmati.

QOZOG‘ISTON SHIMOLI: CHIRIGAN UYLAR VA SUVSIZ HAYOT

Petropavlovsk – Shimoliy Qozog‘istondagi yana bir shahar, u mamlakat agrar sohasining yuragi hisoblanadi. Qozog‘iston yillik g‘alla hajmining 25 foizi va moyli ekinlarning uchdan bir qismini aynan shu viloyat beradi. Biroq butun mintaqaning byudjeti birgina Nur-Sulton shahri byudjetidan ikki yarim baravarga kam!

Petropavlovskda ko‘plab uylar avariya holatida bo‘lib, aholisini ko‘chirib, ularni buzib tashlaydigan fursat allaqachon yetgan. Ayrim uylarda yashovchilar chiroqni yoqib uxlashlarini aytishadi – devorlar yiqila boshlagan paytda kvartiradan qochib chiqish osonroq bo‘lsin deb...

Ammo Petropavlovsk ma’murlari avariya holatidagi uylar ahlini boshqa joyga ko‘chirishga shoshilgani yo‘q: mahalliy akimat yangi uylar qurilishiga mablag‘ yetishmasligini bahona qilmoqda, odamlarning o‘zlarida ham yangi uy sotib olish uchun moddiy imkoniyat yetishmaydi, albatta.

Petropavlovskdagi avariya holatidagi uylardan biri
Petropavlovskdagi avariya holatidagi uylardan biri

“Hojat qilish uchun salkam yerto‘lagacha tushishimizga to‘g‘ri keladi. Bu yerda chiriyapmiz, mana shu ikki qavatli vayronalarda chirib bityapmiz. Yashovchilar hammasi – pensionerlar. 30-35 yillab elevatorda va zavodda ishlaganmiz. Lekin shu yoshimizda yashayotgan sharoitimizga qarang?” deydi petropavlovsklik Tamara Shevchenko.

Shimoliy Qozog‘iston viloyatida, Petropavlovskdan o‘n chaqirim masofada qozog‘istonliklarga yaxshi tanish Yakor qishlog‘i joylashgan. Bu qishloq – aholisi ichimlik suv yo‘qligi muammosi haqida birvarakayiga bir necha tilda dunyoga ma’lum qilganidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgan edi. Qishloqliklar bugun ham ovqat pishirish uchun suvni do‘kondan sotib oladi. Tomorqani sug‘orish uchun esa yomg‘ir suvlarini yig‘adilar – 21 asrda shunaqasi ham bo‘lar ekan. Umuman, Qozog‘istonda bir milliondan ziyod kishi sifatli ichimlik suvdan bebahra yashamoqda.

Suvoqava mutaxassislari Yakor ahliga tushuntirishicha, qishloqqa suv keltirish uchun 20 kilometrli quvurni yangilash lozim. Iyun oyida bu ishlarga 475 million tanga (bir million dollardan ko‘proq) zarurligini aytishgandi. Bugungi kunda esa ushbu summa qariyb 10 foizga o‘sgan. Yakor qishloq okrugi akimatida ta’mir ishlari 2022 - yilda bajarilishiga va’da berishmoqda, ammo qishloq aholisi bunga ishonmayapti.

Tabiiyki, Nur-Sulton akimati Qozog‘istonning boshqa mintaqalaridagi muammolarni hal qilib berishga javobgar emas va mintaqalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ olmaydi. Shunga qaramay, bir kishining xohish-irodasiga ko‘ra Qozog‘istonning bosh siyosiy markazi bo‘lmish shaharda bugungi kunda trillionlab byudjet mablag‘lari to‘planmoqda. Nur-Sulton yillik byudjetining o‘zi bir trillion tangadan ortiq. Va ko‘p hollarda poytaxt akimati ushbu mablag‘ni qozog‘istonliklarda qator savollar tug‘diradigan shubhali loyihalarga sovuradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Nur-Sulton akimati imijini targ‘ib qilishga yuz millionlab tanga ajratilmoqda. Bundan ham ko‘p mablag‘ni poytaxt amaldorlari xizmat avtomobillari va o‘z maqom xonalari uchun jihozlar sotib olishga sarflaydilar: joriy yilning o‘zida Nur-Sulton akimati byudjet hisobidan yuqori narxlarda jami ikki million dollardan ortiq qiymatli turli mollar xarid qilgan. Holbuki, bu pulga Petropavlovskda yangi uylar qurish, Semeyda reabilitatsiya markazi ochish va yadro poligonidagi sinovlardan zararlangan qanchadan-qancha fuqarolarga moliyaviy ko‘maklashish mumkin edi.

XS
SM
MD
LG