Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:51

"Har qanaqasiga yeringizni olamiz". Qo‘rg‘ontepa prokurori 108 fermerning yeriga protest kiritdi


Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Elyorbek Nabijonov Khantex-Groop klaster korxonasining ta’sischisi hamdir.
Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Elyorbek Nabijonov Khantex-Groop klaster korxonasining ta’sischisi hamdir.

Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori 2019-2020 - yillarda chorvachilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan 108ta fermer xo‘jaligiga berilgan yerlarga tumanning avvalgi hokimi chiqargan qaroriga protest kiritdi.

Fermerlarning iddao qilishlaricha, prokuror tumanning yangi hokimi va ayni vaqtda Khantex-Groop klaster korxonasining ta’sischisi bo‘lgan Elyorbek Nabijonovning ko‘rsatmasi asosida ish ko‘rgan.

Protestda aytilishicha, tuman hokimining yer berish haqidagi qarori xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida tasdiqlanmagani sababli noqonuniy deb topilgan.

Fermerlar bu yerlarni tender asosida yutib olishgani va barcha kerakli hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilganini aytishmoqda.

Yangi hokim bo‘lgandan so‘ng fermerlarga munosabat o‘zgardi

O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirishga oid hukumat qarorlari asosida 2019-2020 - yillarda Qo‘rg‘ontepa tumanida qariyb ming gektar yerda yuzdan ortiq fermer xo‘jaligi tashkil etildi.

Ammo, fermerlarning aytishlaricha, joriy yilning yanvar oyida tumanga Khantex-Groop klaster korxonasining ta’sischisi bo‘lgan Elyorbek Nabijonov hokim etib tayinlangandan so‘ng, ularga munosabat o‘zgargan:

“Nabijonov kelganidan so‘ng yuz foiz hamma rahbarlarni almashtirib tashladi. Xanteksdagi odamlarini olib kelib, hamma joyga o‘z odamlarini qo‘ydi. Keyin fermerlarni bitta-bitta chaqirib o‘zi va o‘rinbosari orqali yerni qaytarib topshirish haqida ko‘rsatma bera boshladi. Fermerlar biz tenderda yutib olganmiz, hamma hujjatlarimiz bor desa ham baribir yeringni olaman, deb ochiq aytishdi. Bizda ularning tahdidli audio ovozlari ham bor. Klaster muassisi bo‘lgan hokim o‘z korxonasi uchun ko‘proq paxta yetishtirishni maqsad qilib qo‘ygan”.

Fermerlar taqdim etgan audioda ovozi hokim o‘rinbosari Murodjon G‘animoxunovniki deb aytilayotgan mulozim bunday deb tahdid qiladi:

“Har qanaqasiga aybingizni topib, bo‘yningizga qo‘yib, yeringizni olamiz. Aytib qo‘yaveray!”

Boshqa bir audioda esa mulozim bunday deydi:

“Menga shunday vakolat berilgan, betimga ayting-da chiqing, keting. Odam ko‘p o‘rningizga, ishlata olamiz. Bu yerdan oylik qilmasak, narigi tashkilotimizdan oylik qilib ishlatamiz”.

Fermerlarning aytishlaricha, hokim o‘rinbosari narigi tashkilot deganda Khantex-Groop klaster korxonasini nazarda tutmoqda.

"Sabzavot va chorva ozuqasi yeriga paxta ekdik"

Fermer Ikromjon Boboxonov ko‘karib turgan piyozini buzib, o‘rniga paxta ekishga majburlanganini aytadi:

“Menda 32 gektar yer bor shundan 5 gektari sabzavot, 27 gektari paxta. Ammo menga 37 gektarga paxta rejasi qo‘ydi. Mening qarorimda esa yerim hammasi bo‘lib 32 gektar. Qariyb to‘rt gektar piyozimni buzib, paxta ektirdi”.

Fermer Omadillo Yuldashevning aytishicha, u chorvasi uchun ozuqani sotib olishga majbur bo‘lmoqda:

“Bizning paxta va g‘allachilik yunalishida fermer xo‘jaligimiz bor. Jaxon banki mablag‘lari hisobidan 80000 dollar kredit olib, oilaviy chorvachilikni tashkil qildik. Qonuniy talablar asosida chorvachilik uchun olgan yerimizni yangi hokim va prokuror turli bahonalar bilan olib qo‘yishmoqchi bo‘lishyapti. Hatto yangi ajratilgan chorvachilik yerimizga ozuqa ekinlari ekish o‘rniga paxta ektirishdi. Xozir mavjud 36 bosh naslli molga ozuqani sotib olib kun ko‘ryapmiz. Bir yil paxta ekib bersak xam keyingi yilga ozuqa ekamiz deb chidab yursakda, shu yerimizni ham hokimiyat olib qo‘ymoqchi. Bu nohaqlikka chidab bo‘lmayapti. Biz yerimiz bo‘lmasa olgan kreditlarimizni qanday uzamiz. Qiynalib ketdik. Bizning birorta hujjatlarda kamchiliklarimiz yo‘q. Aybimiz, halol mehnatimiz xolos”.

"Viloyat hokimining gapi ham o‘tmayapti"

Fermer Ismoiljon Xoldarevning aytishicha, joriy yilning aprel oyida prokuror protest kiritganidan so‘ng, ellikdan ortiq fermer viloyat hokimiga shikoyat qilib borgan:

“Men ham tenderdan 2020 - yilda yerni yutib olib, chorvachilik bo‘yicha ish boshlagan edim. Aprel oyida prokuror bu yer noqonuniy olingan deb protest chiqardi. Keyin viloyat hokimiga bordik. Shuhrat Qo‘shaqboyevich tuman hokimini chaqirib koyidi, bular sabzavotchilik, chorvachilik bo‘yicha ishlaydi, birortasining yeriga tegmaysan, dedi. Xursand bo‘lib keldik. Lekin hozir yana fermerlarni bitta-bitta chaqirib, yerni topshirish talab qilinyapti”.

Fermerlarning aytishlaricha, 26 - aprel kuni Qorasuv shahrida viloyat xokimi Shuhratbek Abdurahmonovning sayyor qabulida fermerlar prokuror protesti yuzasidan arz qilgan. Viloyat hokimi fermerlarning yerlarini tuman zaxirasiga qaytarish bo‘yicha boshqa da’vo qilinmasligiga va’da bergan.

"Qonun protest kiritish darajasida buzilganmi?"

Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rejabboyev tuman hokimining 2020 - yildagi qaroriga protest kiritar ekan, shunday deb yozadi:

“...tanlov g‘olibi deb topish haqidagi tuman komissiyasining 94-sonli bayonnomasi dastlab xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasi tasdig‘iga kiritilmasdan tuman hokimining yer maydoni ajratib berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan”.

Ya’ni fermerlarga yer ajratish haqidagi xulosani komissiya ko‘rib chiqqan, barcha me’yoriy hujjatlar hozirlanganu faqat deputatlar ovoz bermay qolgan ekan. Aslida, prokuror protestining mohiyati mana shu.

Fermerlarning aytishlaricha, tenderda yutib chiqqan fermerlarning hujjatlarini to‘g‘ri qilib rasmiylashtirish yuridik shaxslarning zimmasida bo‘lishi kerak:

"Biz ariza berdik, tender bo‘ldi, komissiya ko‘rib chiqdi va erni bizag berdi. Biz yerni o‘g‘irlab olmadikku, halol tenderda yutdik. Komissiyaning qarorini deputatlar tasdiqlashi kerakligini biz qayerdan bilamiz. Agar o‘sha paytda Kengashga qo‘yilganda edi, yuz foiz tasdiqlangan bo‘lardi. Ular qo‘ymagan bo‘lsa bizda nima ayb, bo‘pti yana Kengash chaqirib tasdiqlab qo‘yaversinda. Biz bu yoqda yerimizga million-milliardlab pul tikib qo‘ydik, kreditlar oldik. Endi nima bo‘ladi. Birovning xatosi uchun biz javob bermaymiz-ku?!"

Ozodlik fermerlarning bu savollariga javob olish uchun Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rejabboyev bilan bog‘landi. Prokuror qo‘ng‘iroqning Ozodlik radiosidan ekanligini eshitganidan so‘ng, aloqani uzib qo‘ydi. Prokuror boshqa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi va ayni paytda Khantex-Groop klaster korxonasining ta’sischisi bo‘lgan Elyorbek Nabijonov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

"Bu ishlarga hokimning aloqasi yo‘q!"

Bu voqeaga bevosita aloqador, “O‘zagroinspeksiya”ning Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘limi boshlig‘i, muammoni o‘rganayotgan ishchi guruh a’zosi Orifjon Qayumov Ozodlik bilan suhbatda prokurorning protestiga tuman hokimining aloqasi yo‘qligini aytdi:

“Hali tuman hokimi qaror chiqari, hech qaysi fermerning yerini olib qo‘ymagan. Prokuror protest kiritgan, lekin hali ijro bo‘lmagan. 19 fermer chaqirtirilib, protest nima sababdan ekanligi o‘qib eshittirildi. Yerlarni olib qo‘yish tuman hokimi vakolatida ham emas. Avval deputatlar kengashi ko‘rib chiqadi, keyin protest tuman sudiga yuboriladi. Tuman hkoimi aksincha sabzavot yetishtirish ko‘paysin deyapti. Agar prokuratura protest kiritgan bo‘lsa, uni asoslab berish uning vakolati”.

Qonun nima deydi?

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risda”gi Qonunning 59-moddasiga ko‘ra, agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim.

Bunda manfaatdor shaxsning ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonish sababli kelib chiqqan yoki muqarrar bo‘lgan mulkiy zararning o‘rni qoplanishi aytilgan.

Ammo, fermerlarga ko‘ra, prokurorning protestida tuman hokimining qaroriga asosan yerga sarflangan mablag‘larni qoplab berish masalasi hal etilmagan va prokuror birgina xalq deputatlari Kengashi komissiya xulosasini tasdiqlamagani uchun qarorni bekor qilish haqida protest kiritishday qattiq chora qo‘llamasdan, balki yuqoridagi qarorni faqat normativ hujjatlarga muvofiqlashtirib qo‘yishni so‘rasa yetarli.

"Tumanni monopoliya qilib oldi"

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi davlat korxonalaridan birida ishlaydigan, ismi sir saqlanishini iltimos qilgan mulozimning iddao qilishicha, hokim Elyorbek Nabijonov uzoq yillar Davlat soliq qo‘mitasini boshqarib kelgan general Botir Parpiyevning o‘g‘li, bankir Bobur Parpiyev bilan birga ishlagan:

“Bu hokim shu paytgacha qudratli bo‘lib turgan shaxslarning ishonchli odami. Hatto viloyat hokimi ham bu bilan hisoblashadi. O‘zi klaster egasi, yana uni tumanga hokim qilib qo‘yishdi. Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvchi yo‘q deb, kim ayta oladi. Bu ochiq ko‘rinib turgan narsa. Hokim bo‘lib kelganidan so‘ng noqonuniy tekshirishlar qilib, korxona va idoralarni o‘zining, ya’ni Xanteks auditlariga tekshirtirdi. 41 rahbarni ishdan bo‘shatib, barchasiga o‘zining yaqinlarini qo‘ydi. O‘zining o‘rinbosarlari, tashkilotlar rahbarlari, bozorqo‘mlar hammasiga Xanteks odamlari rahbar bo‘ldi. Tumanni butunlay monopoliya qilib oldi. Endi navbat fermerlarning hosildor erlariga keldi. Prokuror orqali mana shu ishlarni boshlab yubordi”.

Ozodlikda Elyorbek Nabijonovning Botir Parpiyev yoki uning o‘g‘li Bobur Parpiyev oilasiga yaqinligini tasdiqlovchi hujjat yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 - yil mayida Andijondagi selektor yig‘ilishida "viloyatning yarmini xususiylashtirib olgan odam hammasini qaytaradi", deb aytgan. Buning ortidan Davlat soliq qo‘mitasining uzoq yillik rahbari, general Botir Parpiyev lavozimidan olingandi. Bir vaqtning o‘zida uning Tashqi va Ichki ishlar vazirligi tizimidagi bir necha yaqinlari ishdan bo‘shatilgan.

74 yashar iste’fodagi general o‘tgan yil fevralida hukumatga qaytarilgan - Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan.

XS
SM
MD
LG