- 10-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak” suv omboridan suv sizib chiqishi omborning quyi qismida joylashgan shahar va qishloqlar aholisini sarosimaga soldi.
- Hodisadan bir sutka o‘tib rasmiylar bir-biriga zid bayonotlarni bermoqda.
- Ozodlik manbalari O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ilk bayonotdagi "suv sizib chiqish holati" to‘g‘onda yoriq paydo bo‘lishi natijasida yuz berganini aytmoqda.
- Hodisa joyidagi mutaxassisning aytishicha, hozirda suv chiqayotgan joy vaqtinchalik yopilgan va to‘g‘onni to‘liq ta’mirlash uchun "uch-to‘rt kun vaqt kerak bo‘ladi".
- Rasmiy manbalar "Hisorak" suv omborining "parametrlari o‘zgarmagani"ni ta’kidlamoqda, ayni paytda suv omborida "muhandislik tadbirlari" va "ta’mirlash ishlari olib borilayotgani" aytiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda suv omboridan katta hajmda suv chiqayotgani, odamlar yashash joylarini shoshilinch tark etayotganini ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining hodisa yuzasidan ilk bayonoti oradan bir necha soat o‘tib paydo bo‘ldi:
“Bugun, 10-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv ombori to‘g‘onining chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan.
Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida "O‘zbekgidroenergo" AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat Hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilib, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlar olib borilmoqda”.
Ammo FVV bayonoti, aftidan sarosima ichida uylarini tashlab chiqayotgan odamlarni tinchlantira olmagan. Tarmoqlarda vahima ichida mashinalarga o‘tirib qochayotgan odamlar videolari tarqalishda davom etdi.
Bu manzarada avvaliga birin-ketin hokimiyat va Favqulodda vaziyatlar vazirligi mulozimlari bevosita suv ombori yaqinida turib aholiga murojaat qilishdi. Ammo ularning suv omborida nima yuz bergani haqidagi talqinlari birinchi rasmiy bayonotdagidan farqli edi.
Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov 10-iyun kuni kechqurungi bayonotida, to‘g‘onda hech qanday avariya bo‘lmagani, suv qishloq xo‘jaligi ehtiyoji uchun qo‘shimcha ravishda chiqarilgani haqida gapirdi:
“Hisorak” suv omboridan har yili pastdagi Qamashi tumanidagi “Chimqo‘rg‘on” suv omboriga suv yo‘naltiriladi. Chunki bizning cho‘l hududlarimizda paxta va g‘alla ko‘proq ekiladi. Xuddi shunday tadbir hozir boshlangan. Daryo o‘zanlarida suv biroz ko‘tarilgani aholi tomonidan noto‘g‘ri tushunchalarga olib kelyapti. Bundan tashqari “Hisorak" suv omborida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Hammasi nazoratda, suv omborining teshilishi yoki tuynuk paydo bo‘lishiga oid vahimali joyi yo‘q. Aholidan yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslik so‘raladi”.
Ijtimoiy tarmoqlarda kun bo‘yi rasmiylar odamlarni vahimaga berilmaslik va o‘z uylariga qaytishga chaqirgan videobayonotlar tinmadi.
“Vahimaga o‘rin yo‘q, mana o‘zimiz ham mahallada turib xizmatdamiz. Hech kim uyini tashlab ketmasin, o‘g‘riliklar bo‘lishi mumkin. Suv omboridan ozroq suv sizib chiqqan ekan, uni ta’mirlab hamma uyiga qaytdi”, deydi Telegramdagi bayonotida profilaktika inspektori Jahongir Daminov.
Ammo mahalliy rasmiylarning suv ombori yorilmagani va favqulodda vaziyat yuzaga kelmagani, hamma narsa nazorat ostida ekani haqidagi qayta va qayta ishontirishlariga qaramasdan aholi tuni bilan suv bosish ehtimoli bo‘lgan qishloqlardan turnaqator mashinalarda qocha boshladi.
11-iyun kuni O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev shaxsan bayonot berib, suv omborida hech qanday texnogen hodisa yuz bermagani, suv ombori odatiy rejimda ishlayotganini aytib chiqdi.
Suv ombori to‘g‘oni yonida turib gapirgan vazirning bayonoti "tahrirlangan" edi.
Unda vazirlik oldinroq tarqatgan “qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan”i haqida hech gap yo‘q edi.
“O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, Hisorak suv ombori "shtatniy" rejimda ishlayapti. Bu yil ob-havoning seryog‘in kelganligi va kunlarning isib ketib, tog‘lardagi qorlarning erishi tezlashganligi Hisorak suv omborining yon bag‘irlarida joylashgan, o‘zining yo‘li bilan kelayotgan suvlarning birmuncha ko‘payishi holati sezilgan. Lekin suv omborining birorta parametri o‘zgarmagan”, deydi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev.
Ozodlik suhbatlashgan shahrisabzliklarga ko‘ra, hodisadan bir sutka o‘tgan bo‘lsa-da, suv ostida qolishdan qo‘rqib uylarini tark etgan odamlarning aksariyati hali ham uylariga qaytmagan.
Suv omboridan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Shahrisabz shahridagi bozorda esa odamlar odatdagidan kam, ko‘pgina do‘konlar ochilmagan.
Qashqadaryo viloyati hokimiyatiga yaqin, bir-biridan mustaqil ikki manbaning Ozodlikka bildirishicha, ombor to‘g‘onida texnogen hodisa yuz bergan.
Ismi sir qolishini so‘ragan mahalliy mulozimlardan biri hodisani mana bunday ta’rifladi:
“Kecha tuman hokimi paxtaga suv haydayapmiz, deb yolg‘on aytdi. Hech qachon Qamashidagi suv omboriga bu ombordan suv haydalmaydi. Bu - xalq vahimaga tushmasligi uchun o‘ylab topilgan gap. Xitoyliklar suv omboridan suv tushadigan yana bir tunnel qurishayotgan edi. Qurilish ishlari uchun ular tog‘ jinslarini bir necha marta portlatgan. O‘sha portlashlardan to‘g‘onning betoni darz ketgan va suv o‘sha yerdan oqib chiqqan. Aytishlaricha, hozir o‘sha suv chiqayotgan joy vaqtinchalik yopilgan, lekin uni butunlay mustahkam yopish uchun uch-to‘rt kun vaqt kerak ekan. Hozir, hamma kattalar-u mutaxassislar shu yerda”.
“Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv ombori joylashgan Miraki qo‘rg‘onchasining ismi sir qolishini so‘ragan yashovchisiga ko‘ra, tuni bilan qorishtirilgan sement ortilgan mashinalarning qatnovi to‘xtamagan:
“Men o‘zim shu mahallada yashayman. Tuni bilan tayyor sement qorishmasi bor, sisternasi aylanib turadigan moshinalar oqimi tinmadi. Mening o‘zim yuztadan ortig‘ini sanadim. Bilmadim, ichkarida nima qilishdi, lekin bugun vaziyat tinchidi”.
Ozodlikka 11-iyun kuni kelgan videolarda tunnel ichida panjara qurayotgan mutaxassislarning ishlayotgani aks etgan. Videoni taqdim etgan “Hisorak” suv ombori ishchisining so‘zlariga ko‘ra, bu panjaralar beton quyish va shu joyni butunlay betonlab tashlab, "suvning yo‘lini to‘sish uchun qilinyapti".
Hisorakning to‘g‘on konstruksiyasi yadroli, tosh-tuproq to‘kmali bo‘lib, balandligi 138,5 m, uzunligi 660 metr, to‘g‘on usti eni 16 metrni tashkil etadi. To‘g‘onning ustki qismi temir-beton plitalar bilan qoplangan.
Garchi mahalliy rasmiylar aholini vahimaga berilmaslikka chaqirayotgan bo‘lsa-da, yaqin o‘tmishda suv inshootlarida yuz bergan texnogen falokatlarni yaxshi eslaydigan o‘zbekistonliklar, aftidan, rasmiylarning bayonotlariga ishonqiramasdan qarashmoqda.
2020-yilning 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.
To‘g‘on yorilishi oqibatida yuz bergan toshqin O‘zbekiston tarixidagi eng yirik aholini evakuatsiya qilish amaliyotiga sabab bo‘ldi - yuz minglab odam xavfsiz hududga ko‘chirildi.
2021-yil 10-may kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati yopiq sud majlisida «Sardoba ishi» bo‘yicha 17 kishiga hukm o‘qigan edi.
To‘rt yil avvalgi toshqindan jabr ko‘rgan aholi vakillari toshqin oqibatlarini bartaraf etishda mahalliy hokimiyat tomonidan korrupsiya va zo‘ravonlik holatlaridan shikoyat qilgan. Bu kabi holatlar hanuzgacha davom etayotgani aytiladi.
Oradan ikki yil o‘tib, 2020-yilning 22-iyun kuni ertalab O‘zbekiston janubidagi To‘palang suv omboridagi avariya oqibatida minglab odam uy-joylarini tashlab chiqqan edi.