Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:14

Hokimlik fermerlarga kredit olishni, kreditga kartoshka sotib olishni buyurdi. Kartoshka chirib ketdi


Оқдарëлик фермерлар сотиб олган уруғлик картошка чириб кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:43 0:00

Oqdaryolik fermerlar 2020 - yilning yozida 21 foizlik kreditga sotib olgan urug‘lik kartoshka chirib ketgan edi

Samarqand viloyat, Oqdaryo tumanilik fermerlar ularga ekish uchun yaroqsiz kartoshka sotgan kompaniyadan pul undirilgunga qadar majburlab berilgan 21 foizlik kreditning tanini hamda uning ustama foizini undirishni to‘xtatib turishini bankdan so‘ramoqda.

“Agrobank”ning Oqdaryo tuman filiali rahbari kredit fermerlarga majburlab berilganini rad etdi, kreditni qaytarishni to‘xtatib turish mumkin emasligini bildirdi.

Tuman hokimligi matbuot xizmati masala o‘rganilayotganini bildirar ekan, urug‘lik kartoshkaning sifatsiz ekanligini oldindan hech kim bilmaganini urg‘uladi.

“Biz, Oqdaryo tumanilik fermerlar 2020 - yil yozida SamGold MChJ dan majburiy ravishda kartoshka urug‘ini “Agrobank”ning 21%li krediti orqali oldik. SamGold MChJ bergan kartoshka urug‘lik kartoshka emas, u yeydigan va muzlatilgan kartoshka ekan. Natijada olgan kartoshkamiz hammasi chirib ketdi...” deb boshlanadi Ozodlikka kelgan xat.

Bozorda 3000 so‘m, majburiy kreditga 6200 so‘mlik kartoshka

Tumandagi “Ikrom javohir dalasi” fermer xo‘jaligi rahbarining Ozodlikka 4 - yanvarda aytishicha, u ham “Agrobank”dan 21%li qarz ko‘tarib, 2020 - yilning 11 - iyunida 4 800 kg kartoshka sotib olgan. Biroq kartoshka uch kundayoq chirib ketgan.

“Har kilosini 6200 so‘mdan olishga majbur qilishdi. Bankdan qarzim 29 mln. 760 ming so‘m. Buning ustiga foizi ham bor”, dedi fermer. Aytishicha, u SamGolddan bir kilo kartoshkani 6200 so‘mdan sotib olgan kunlarda bu mahsulotning bozordagi narxi 3000 so‘m edi.

Urug‘lik kartoshka uchun 4 403 082 000 so‘m kredit ajratilgan

Ma’lum bo‘lishicha, bu mavzuni Samarqand viloyat “Zarafshon”gazetasi 2020 - yil, sentabrda har tomonlama o‘rganib, katta maqola e’lon qilgan. Gazeta muxbiri suhbatlashgan fermerlar kredit ham, bu kreditga urug‘lik kartoshka ham ularga majburlab berilganini aytgan.

Tuman hokimligi matbuot xizmati o‘zining Feysbukdagi sahifasida 6 - iyun kuni xabar qilishicha, o‘sha kungacha birgina “Bobur mahallasi dehqonlariga ta’minotchi “Sam Gold” MChJ tomonidan 60 tonna urug‘lik kartoshka yetkazib berilgan”.

Sifatsiz urug‘lik kartoshkadan Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jaliklari hamda xususiy tomorqa egalari ko‘rgan zarar ko‘lami “Zarafshon” gazetasi keltirgan mana bu ma’lumotlarda aks etgan:

“Tumandagi fermer xo‘jaliklariga “Agrobank” tuman filialidan 600 tonna urug‘lik uchun 3 mlrd 972 mln 854 ming so‘m, tomorqachilarga “Mikrokreditbank” tuman filialidan 55 tonna urug‘lik uchun 344 mln 100 ming so‘m va Xalq banki tuman filialidan 175 tonna kartoshka uchun 1 mlrd 86 mln 128 ming so‘m kredit mablag‘i ajratilgan”.

Jami 4 403 082 000 so‘m ajratilgan va bu pul yaroqsiz urug‘lik kartoshka sotib olishga sarflangan.

Oqdaryolik fermerlarning viloyat prokuroriga arizasi
Oqdaryolik fermerlarning viloyat prokuroriga arizasi

Majburiy kredit va majburiy kartoshka

Oqdaryolik fermerlar 4 - yanvarda Ozodlikka yaroqsiz kartoshka urug‘ini mahalliy rahbarlarning bosimi ostida olishga majbur bo‘lganini aytishdi. Fermerlarning bunday iddaosini “Zarafshon” gazetasi ham o‘z materialida keltirgan.

“Sifatsiz urug‘ni ko‘rib, buni olmaymiz, o‘zimiz yaxshi urug‘ topib, tanlab olamiz deganimizda, tuman mas’ullari “shu urug‘ni olmasang, yeringni topshir”, deyishdi”, degan gazetaga “Ozodjon” fermer xo‘jaligi rahbari Ravshan Rahmatov.

Oqdaryo tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Alisher Majidov 4 - yanvarda Ozodlik savollariga javob berarkan, fermerlar iddaosini rad etdi:

“Hozirgi zamonda birovni biror narsani sotib olish mumkin ekanmi?! Axir bu ixtiyoriyku! Fermer yoki dehqon olmayman, desa olmasligi mumkin edi. Bunday bo‘lib ketishini na hokimlik, na fermer bilgan. Kelgan kartoshka sifatsizligini bilsa, hokim ham o‘rtaga tushmas ediku?!”

Matbuot xizmati rahbarining gapidan kelib chiqib, Ozodlik “Demak, kartoshka masalasida hokim o‘rtaga tushgan ekan-da?” deb so‘radi. Alisher Majidov bunga javoban “Axir hokim hamma narsadan xabardorku! Lekin bu “o‘rtaga tushdi” degani emas”, dedi.

Oqdaryolik fermerlar “viloyat va tuman hokimlarining og‘zaki topshirig‘iga binoan, “Agrobank” hech qaysi fermerdan so‘ramay, kartoshka urug‘iga kredit papka kilib, ularga pul chiqarib berganini” 4 - yanvarda Ozodlikka aytdi. Xususan, “Ikrom javohir dalasi” fermer xo‘jaligi rahbarining aytishicha, avval hisobiga kredit tushgan, shartnoma esa, keyin rasmiylashtirilgan.

Xuddi shunday fikr “Zarafshon” gazetasi maqolasida ham keltirilgan:

“Bank xabarim yo‘q holda, roziligimsiz shartnoma tuzmasdan fermer xo‘jaligimiz nomiga 26 mln 660 ming so‘m kredit chiqargan”, degan gazetaga “Ozodjon” fermer xo‘jaligi rahbari Ravshan Rahmatov.

Agrobank”ning Oqdaryo tuman filiali rahbari Dilshod Tolliyev fermerlar iddaosini rad etarkan, 4 - yanvarda Ozodlikka bunday dedi:

“Oldindan shartnoma tuzmasdan kredit bera olmaymiz. Bu texnik jihatdan mumkin emas”.

Fermerlarning aytishicha, ular “Agrobank”dan olgan kreditlar “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi tomonidan sug‘urta qilingan. Bu masalada ham Ozodlik ikki xil talqinga guvoh bo‘ldi.

Kompaniyaning Oqdaryo tumanidagi filiali xodimi (o‘zini tanishtirishni istamadi) urug‘lik kartoshka mojarosidan xabari borligini bildirarkan, “biz kreditlarning qaytarilmasligini sug‘urta qilganmiz, hosilni emas”, dedi.

Lekin “Agrobank”ning Oqdaryo tuman filiali rahbari Dilshod Tolliyev sug‘urtani kreditlar qaytarilmasligiga emas, hosilga bog‘ladi:

“Men “O‘zagrosug‘urta” bilan gaplashdim. "O‘sha paytda (kartoshkaning yaroqsizligi aniqlangan kunlar – tahr.) biz borib monitoring qilganmiz" deyapti. Kartoshka unib chiqqanidan keyin sovuq urib ketsa, shunga o‘xshash ofatlar oqibatida hosil bo‘lmay qolsa, to‘lab beramiz deyishdi”.

Oqdaryolik fermerlarning aytishicha, ularga yaroqsiz urug‘lik kartoshka sotgan SamGold MChJ rahbari Abdulla Rizoqulovning ishi shu kunda tergovda. Bu ma’lumotni hokimlik matbuot xizmati ham, “Agrobank” tuman filiali rahbari ham tasdiqladi. Aytilishicha, fermerlarning sifatsiz urug‘lik kartoshka bilan bog‘liq muammosi tergov natijalariga bog‘liq.

Muammo ildizi qayerda?

“Zarafshon” gazetasi bu mavzuni anchayin puxta o‘rganganiga guvoh bo‘ldik. Gazeta, xususan, chet eldan keltiriladigan urug‘lar sifatini tekshirish ishi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganiga ham e’tibor qaratgan.

Biroq mustaqil iqtisodchilar fikricha, oqdaryolik fermerlarnikiga o‘xshash muammolarning ildizi O‘zbekistonda hanuz hukm surayotgan ma’muriy-buyruqbozlikka, korrupsiyaga borib taqaladi, ya’ni hokimlar ishlab chiqaruvchiga, xususan fermerga nimani, qachon, kimdan olib ekishni, hosilni kimga, necha puldan sotishni buyurishda davom etar ekan, bunday muammolar paydo bo‘laveradi.

Iqtisodchi olim Saparboy Jubayev avvalroq Ozodlik bilan suhbatda iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi islohotlarni yakuniga yetkazish uchun qonunlarni o‘zgartirish kerakligini aytgan edi.

“Eh-hee, bank tizimi to‘g‘risidagi, aktsiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonunlarni, davlat boshqaruviga oid qonunlarning hammasini o‘zgartirish kerak. Hokimlar hech bir ishlab chiqaruvchi subyektning ishiga aralashmasligi kerak. U yoki bu qonun u yoqda tursin, Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak. Chunki hokimlarning vakolatlari Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan va ular bekor qilinishi kerak. Shahardagi ishlab chiqaruvchiyu qishloqdagi fermer – barcha-barchasi mutlaqo mustaqil bo‘lishi kerak. U hokimning, prokurorning, melisa va soliq boshliqlarining ko‘ziga qarab turmaydigan bo‘lishi kerak”.

XS
SM
MD
LG