Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:37

Huquqsizlik hududi. Qodirov Chechenistoni qay jihatlari bilan yodda qoladi?


5 - oktabr kuni Chechenistonda respublika rahbari Ramzan Qodirovning 45 yoshga to‘lishi keng ko‘lamda nishonlandi. Shu kuni butun respublika bo‘ylab ko‘plab yangi binolar – savdo markazlari, masjidlar, diniy ta’lim muassasalari ochildi. “Kavkaz.Realii” mazkur sana bahonasida Chechenistonda shaxsga sig‘inish mafkurasi o‘rnatilishi solnomasini eslatmoqda.

Checheniston poytaxtida shahar tashkil qilingan kun bilan respublika rahbarining tavallud kuni bitta sanaga to‘g‘ri keladi. Holbuki tarixiy nuqtai nazardan rus generali Aleksey Yermolov qurdirgan Grozniy qal’asiga 5 - oktabr sanasining hech bir daxli yo‘q. Qal’aga 1818 - yil 22 - iyunda asos solingan, 1869 - yilda esa u Tersk viloyati tarkibidagi Grozniy shahriga aylantirilgan.

2005 - yili chechen deputatlari Grozniy nomini 2004 - yil 4 - mayda o‘ldirilgan Ahmat Qodirov xotirasi hurmatiga Ahmatqal’a deb o‘zgartirmoqchi bo‘lishgan edi. Ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu tashabbusni qo‘llamagan.

2007 - yilda Ramzan Qodirov iqtidorga kelgach Grozniy meriyasi poytaxt tashkil topgan kunni respublika rahbarining tug‘ilgan kunida nishonlashga qaror qildi. Koronavirus pandemiyasiga qadar bayramga albatta dunyoga mashhur bir yoki bir necha kishilar taklif qilinardi. Grozniyga qadam ranjida qilib, Qodirovni muborakbod etganlar orasida aktrisa Hilari Suonk, aktyorlar Jerar Depardye va Stiven Sigal kabi mashhurlar bor, Rossiya estradasining son-sanoqsiz yulduzlarini-ku gapirmasa ham bo‘ladi.

Chechenistonning ramzanlashuvi

So‘nggi yillarda Chechenistonda aholi maskanlari va qishloq ko‘chalarini qayta nomlash jarayoni jadal davom etmoqda. Bi-bi-si surishtiruviga ko‘ra, respublikada Qodirov oilasi vakillari ismi berilgan 346 ta katta-kichik ko‘chalar mavjud. Qodirov tug‘ilib-o‘sgan qishloqqa yaqinlashganingiz sayin uning nomi qo‘yilgan ko‘chalarga ko‘p duch kelasiz. Ko‘cha va maydonlar, tumanlar va boshqa aholi maskanlarini qayta nomlash bilan bir paytda Checheniston hukumatidagi deyarli barcha yuqori lavozimlarga Ramzan Qodirovning yaqin qarindoshlari “ekib chiqildi”.

Respublika rahbarining otasi, onasi va o‘zi sharafiga tanlovlar o‘tkaziladi, qo‘shiqlar va she’rlar to‘qiladi, kitoblar nashr etiladi. Huquqbonlar Ramzan Qodirov otasi shaxsini ilohiylashtirayotgani haqida bir necha marta bong urganlar. Ahmat Qodirov portreti va unga oid deb iddao qilinuvchi iboralarga respublikada har qadamda duch kelish mumkin. Ota-bola Qodirovlarning fotosuratlari har bir chechen amaldorining nafaqat ishxonasida, uyida ham bo‘lishi lozim. Davlat idoralari esa respublika rahbarining ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlari ostiga qoldirilgan xayrixoh mazmunli izohlar va layklar bo‘yicha muntazam hisob berib turishga majbur.

Ramzan Qodirovning otasi ismi tilga olinarkan, uni “birinchi prezidentimiz” deb atash va “Alloh unga rahm qilsin”, deb qo‘shib qo‘yish ham farz, ham qarz. Chechenistonliklarga “to‘ng‘ich Qodirovni butun dunyo taniydi va u buyuk ulamo sifatida shuhrat qozongan”, degan tushuncha majburan singdiriladi.

Huquqbonlar fikricha, Qodirovlar shaxsiga sig‘inish mafkurasi kuchga tayanadi: “neft polki” deb ataluvchi qo‘shin, mahalliy ekstremizmga qarshi kurash markazi, Rosgvardiya qoshidagi maxsus vazifani bajaruvchi bo‘linmalar – barchasi shaxsan respublika rahbarining amr-farmonida. Amalda Qodirov, Rossiyaning boshqa mintaqalari rahbarlaridan farqli o‘laroq, o‘z armiyasiga ega.

Huquqbonlarga qarshi urush

Qodirov davrida mashhur huquqbonlik tashkilotlari birin-ketin Chechenistondan siqib chiqarildi, mahalliy inson haqlari kurashchilari esa hokimiyatning o‘zlariga munosabatini tushungach yo respublikadan chiqib ketdi yoki o‘zlari ham shu tizimning bir qismiga aylandi.

Huquqbonlarga yo‘llangan ilk “mujda”lardan biri “Memorial” tashkiloti Checheniston bo‘limi rahbari Natalya Estemirovaning o‘ldirilishidir. Bu jinoyat 2009 - yil 15 - iyul kuni sodir etilgan.

2014 - yil dekabrida Grozniyda “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” ofisi yoqib yuborildi. Tashkilot huquqbonlari jangarilarning qarindosh-urug‘lari respublikadan quvib chiqarilayotgani va sobiq jangarilarga qarashli uylarga noma’lum qurolli to‘dalar tarafidan o‘t qo‘yilayotgani kabi shov-shuvli holatlarga oid ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanayotgan edi.

2015 - yilning yanvarida niqoblangan bir necha kishi “Memorial”ning Gudermesdagi idorasiga bostirib kirib, markazning ikki xodimasini tuxumbo‘ron qildi.

2016 - yil martida “Grozniy-Siti” mehmonxonasi eshigi yonida “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” boshlig‘i Igor Kalyapinga hujum qilindi.

O‘sha yili “Kavkazskiy uzel” nashri jurnalisti Jalauddin Geriyev qamoqqa olinib, sud qilindi.

2018 - yil yanvarida Chechenistonda “Memorial” ofisi boshlig‘i, 60 yoshli huquqbon Oyub Titiyev qo‘lga olinib, alal-oqibat sud orqali qamoqqa tiqildi.

2020 - yil fevralida “Novaya gazeta” jurnalisti Yelena Milashina hamda uning hamrohi, advokat Marina Dobrovina Chechenistonda hujumga yo‘liqdi.

Mustaqil huquqbonlik tashkilotlariga muntazam hujumlar, mahalliy telekanal va matbuotda ularni olabo‘ji qilib ko‘rsatish shunga olib keldiki, Chechenistonda huquqbonlik faoliyati butunlay barham topdi – mahalliy hukumatning niyati ham shu edi.

Qatllar va qiynoqlar

Huquqbonlar faoliyati har tomonlama cheklab qo‘yilganidan so‘ng respublikada yashirin qurolli guruhlarga a’zolikda gumon qilinayotganlar yoki chechen hukumatiga qarshilik ko‘rsatganlarga xayrixoh fuqarolarni ommaviy ravishda sudsiz jazolash avjiga chiqdi.

2017 - yilda jurnalist Yelena Milashina Chechenistonda o‘nlab mahalliy aholi sudsiz qatl etilgani haqidagi surishtiruvini e’lon qilgan edi. Maqolada, jurnalist ma’lumotiga ko‘ra, kuchishlatar tuzilmalarning Grozniydagi bazalaridan birida otib o‘ldirilib, respublikadagi turli qabristonlar, jumladan, nasroniylar mozorlariga imi-jimida ko‘mib yuborilgan 27 kishining ism-familiyasi tilga olingan.

Milashina o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, qatl etilganlarning umumiy soni 56 nafargacha bo‘lishi mumkin.

Undan keyinroq Grozniydagi Lermontov nomidagi Rus drama teatri aktyori Timur Debishevning sarguzashtlari e’lon qilindi. U 2018 - yil noyabrda “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita”ga Grozniy politsiya bo‘limi uni so‘roqqa chaqirib, kaltaklaganidan shikoyat qilgan. Aktyor, telefon raqami narkotik moddalar sotishda gumon qilinayotgan bir qizning telefonidan topilgani uchun shu ko‘ylarga solingan ekan. Debishevning arz qilishicha, politsiyachilar bangilarning aloqa ma’lumotlarini talab qilarkan, uni tok bilan qiynaganlar, boshini devorga urganlar, bo‘qqanlar, tahqirlaganlar va xodimlardan birini opichlab ko‘tarishga majbur qilganlar.

2018 - yil dekabrda avstriyalik ekspert, xalqaro huquq professori Volfgang Bendek Yevropa Kengashi Xavfsizlik tashkiloti (YeKXT) uchun Chechenistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga doir hisobotini taqdim etdi. Uning surishtiruvi Chechenistonda mahalliy aholini ommaviy ravishda noqonuniy qamoqqa olish tizimli tus olganini tasdiqladi.

2019 - yil martda Qiynoqlar oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi Rossiyani Checheniston hamda Shimoliy Kavkazning boshqa respublikalaridagi vaziyat bo‘yicha hamkorlik qilishdan bosh tortishda ayblab chiqdi.

“Bizda xo‘rozlar yo‘q, hatto bunaqa so‘z ham yo‘q”

Taxminiy siyosiy muxoliflarini sudsiz qatl etgandan so‘ng Checheniston hukumati LGBT vakillarini ta’qib qilishni boshladi. Avstriyalik ekspert Bendekning YeKXT uchun tayyorlagan hisobotida bu mavzuga oid ma’lumotlar ham keltirilgan. U chechen geylariga qarshi kampaniyani ham respublika, ham federal hukumatning nuqtai nazari bilan bog‘laydi. Ekspert ta’qiblar uchun javobgarlik eng avvalo Ramzan Qodirov hamda Checheniston parlamenti raisi Magomed Dovudovlar zimmasida ekanini ta’kidlagan.

2021 - yil 19 - aprel kuni dunyoning 29 mamlakati o‘z tashqi ishlar mahkamalari saytida Checheniston Respublikasi hududida LGBT vakillarining ta’qib etilishiga bag‘ishlangan xalqaro surishtiruvga oid tavsiyalarni e’lon qildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida barcha mamlakatlar, jumladan, Rossiya Chechenistonida LGBT-hamjamiyat vakillarini himoya qilishga chaqirdi: “LGBT vakillari ochiqcha mehr-muhabbat bilan va qo‘rquvlarsiz yashay olishlari uchun barchamiz ularning himoyasiga otlanishimiz lozim”, dedi u.

Qodirov bunga javoban Chechenistonda “xo‘rozlar yo‘q”ligiga ishonch hosil qilishi uchun Amerika prezidentini o‘z yurtiga taklif qildi (“xo‘roz”, ya’ni “petux” Rossiyada qamoqxona lahjasidan iste’molga kirgan so‘z bo‘lib, “popugi pasaytirilgan” mahkumni yoki passiv gomoseksualni anglatgan. – tahr).

Chechen rasmiylarining LGBTga munosabatini Checheniston bosh vaziri o‘rinbosari Jambo‘lat Umarov ta’riflab berdi. U respublikada geylar ta’qib qilinayotgani haqidagi gaplarni “g‘art uydirma” deb atadi. “Bizda hech kim gomosekualizmni na ma’naviy, na boshqa tomonlama, na mafkuraviy yoki jismoniy idrok eta oladi, chunki bugungi Chechen Respublikasida bunaqa hodisa yo‘q”, dedi mulozim.

Jinsiy orientatsiyasi tufayli Chechenistonda ta’qibga olingani haqida ochiq gapirishga jur’at etganlarning dastlabkilari – grozniylik Amin Jabroilov hamda Omsk viloyatida tug‘ilgan Maksim Lapunovdir. Ikkisi ham qo‘lga olinib, bir qancha vaqt qamoqxona kameralarida saqlangan, ulardan LGBT-hamjamiyatning boshqa vakillarining ismlarini aytib berishni talab qilganlar, kaltaklaganlar va tok bilan qiynoqqa solganlar.

Keyinchalik ayon bo‘ldiki, Chechenistonda LGBTga mansubligi tufayli nafaqat erkaklar, ayollar ham ta’qib qilingan ekan. Uyidan qochib ketgan Aminat Lorsanova o‘z oilasida uni muttasil kaltaklashgani va biseksuallikdan majburan “davolashgani” haqida so‘zlab bergandi. 2021 - yilda Halimat Taramova ham qochib ketdi, bundan oldin esa u oilasida qiynoq va tahdidlar ostida yashayotganini ro‘y-rost aytgan edi.

Qodirov tanqidchilarining o‘ldirilishi

Chechenlarning Rossiyadan tashqaridagi dastlabki qotilliklaridan biri Yaqin Sharqda sodir etilgan. 2004 - yil 13 - fevralda Qatarda bir paytlar chechen ayirmachilari tuzgan Ichkeriya Respublikasi prezidenti vazifasini bajargan Zelimxon Yandarbiyev o‘ldirildi.

  • Ramzan Qodirov Chechenistonda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Yevropa va Osiyo mamlakatlarida chechen faollarini o‘ldirish va ularga hujum qilish keng tus oldi.
  • 2009 - yil 13 - yanvarda Vena markazida 26 yoshli Umar Isroilov otib o‘ldirildi.
  • 2017 - yil 8 - sentabr kuni Kiyev shahri markazida Gruziya fuqarosi, chechen millatiga mansub Timur Maxauriga suiqasd qilindi.
  • 2017 - yil 30 - oktabrda Kiyevda chechen ayoli Amina Okuyevani o‘ldirib ketishdi.
  • 2019 - yil 23 - avgustda Zelimxon Xangoshvili otib tashlandi.
  • 2020 - yil yanvarda Fransiyada bloger Imron Aliyevni (taxallusi: Keksa Mansur) bo‘g‘izlab o‘ldirishdi.
  • 2020 - yil iyunda Vena shahri chekkasida Mamixon Umarov (Venalik Anzor) otib o‘ldirildi.

Qodirovning muxoliflarini Turkiya hududida ham o‘ldirishgan. Xusan, 2008 - yilda – Hoji Edilsultonov hamda Islom Jonibekov, 2009 - yilda – Ali (Musa) Asayev, 2011 - yilda – Berg-Hoji Musayev, Rustam Altemirov va Zaurbek Amriyev, 2013 - yil mayda – Madad Unlu, 2015 - yil noyabrda – Abdulvohid Edilgeriyev hamda 2016 - yil mayda Ruslan Isrofilov yo‘q qilingan.

Chechenistonning o‘zida ham vaqti-vaqti bilan qandaydir jangarilar yo‘q qilingani haqida xabarnomalar e’lon qilingan, ammo ko‘p hollarda ularning qurolli qarshilik harakatiga qanday aloqasi borligi isbotlanmay qolganki, bu huquqbonlar va o‘lganlarning yaqinlari yollagan advokatlarda shubha uyg‘otgan. Shuningdek, Qodirov iqtidorga kelganidan so‘ng Chechenistonda jangarilikda taxmin qilinganlarning oila a’zolarini respublikadan badarg‘a qilish va uylarini yoqib yuborish amaliyoti boshlandi.

2021 - yil sentabrda Qodirov sobiq ayirmachilar sirasidan bo‘lmish safdoshlarini G‘arbda istiqomat qilayotgan va respublikaning Rossiyadan mustaqil bo‘lishi g‘oyasi tarafdori bo‘lgan chechen siyosatchilariga nisbatan salbiy fikrlar bildirishga majbur etdi. O‘rtada boshlangan dahanaki jang “o‘g‘illaringni bu yoqqa jo‘nat” va “jur’ating yetsa, Grozniyga kel” singari chaqiriqlarga ulanib ketdi.

“Fuqarolik ko‘magi” qo‘mitasi raisi, “Memorial” huquqbonlik markazining “Migratsiya va huquq” tarmog‘i rahbari va kengashi raisi Svetlana Gannushkina Qodirov Chechenistonida Rossiya qonunlari ishlamasligini urg‘ulaydi. Uning aytishicha, respublikada faqat bitta qonun bor – Ramzan Qodirov qonuni. Huquqbonga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zi shaxsan qo‘llamaganida Checheniston rahbari bunchalikka bormagan bo‘lur edi.

XS
SM
MD
LG