Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:50

Ilk bor Oydan olingan tuproq namunasida o‘simlik o‘stirildi


Florida universiteti laboratoriyasida yetishtirilgan Arabidopsis thaliana o‘simligi.
Florida universiteti laboratoriyasida yetishtirilgan Arabidopsis thaliana o‘simligi.

Insoniyat tarixida birinchi marta marta NASAning «Apollon» missiyalari astronavtlari Oydan olib kelgan tuproqda o‘simlik yetishtirildi. Bu haqda The Associated Press nashri xabar berdi.
Tadqiqotchilar oyning qattiq tuprog‘ida biror narsa o‘sa olishi yoki yo‘qligini oldindan bilishmagan. Natijalar esa ularni hayratda qoldirgan.

Florida universitetining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi fanlari instituti xodimi Robert Ferl hamkasblari bilan «Apollon-11» missiyasi doirasida Oyga birinchi marta qadam qo‘ygan Neyl Armstrong va Bazz Oldrin va boshqa astronavtlar Yerga olib kelgan tuproqda Arabidopsis thaliana o‘simligi urug‘ini ekkan, urug‘lar esa unib chiqqan.

Ammo oradan bir hafta o‘tgach, Oy tuprog‘ining dag‘alligi va boshqa xususiyatlari tufayli kichik yovvoyi o‘t Yerdan olingan ammo oynikiga o‘xshash tuproqqa ekilgan sheriklaridan sekinroq o‘sgan. Haqiqiy Oy tuprog‘ida ekilgan o‘simliklarning aksari to‘liq o‘smay qolgan.

Tajriba natijalari haqida 12-may kuni Communications Biology jurnalida maqola chop etildi.

Tuproqni kosmik radiatsiya va Oydagi quyosh shamoliga yo‘liqtirish o‘simliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, «Apollon-11» missiyasi doirasida olingan namunaning yoshi kattaroq bo‘lgani uchun unda o‘simliklarning o‘sishi nisbatan mushkul kechgan.

Oy tuprog‘i mikrometeorit zarbalaridan qolgan mayda shisha bo‘laklarga to‘ladir.

Bu muammoni hali qilish uchun taklif qilinayotgan yechimlarning biri – lava oqimlari kabi Oydagi yoshroq geologik hududlardan foydalanish. Atrof-muhitni ham o‘zgartirib ko‘rish mumkin, masalan sun’iy yorug‘lik yordamida.

Oltita «Apollon» missiyasi ekipaji tomonidan Yerga atigi 382 kilogramm Oy tosh-tuprog‘i olib kelingan.

Olib kelingan Oy tuprog‘ining aksari qismi omborda saqlanib keladi, natijada tadqiqotchilar Yerdagi vulqon kulidan hozirlangan o‘xshash tuproqda tajriba o‘tkazishga majbur. O‘tgan yilning boshida NASA nihoyat Florida universiteti tadqiqotchilariga 12 gramm tuproq berdi va uzoq kutilgan ekish tajribasi o‘tgan yilning may oyida laboratoriyada o‘tkazildi.
NASA bunday tajribalar uchun vaqt kelganini bildirdi. AQSh kosmik agentligi bir necha yil ichida astronavtlarni Oyga qaytarishni rejalashtirmoqda.

Olimlarning ta’kidlashicha, kelajakdagi astronavtlar uchun gidroponik yoki to‘liq suvli tizimni o‘rnatishdan ko‘ra, yopiq maydonlarda mavjud tuproqdan foydalanib ekin ekish maqbulroq variantdir.

Floridalik olimlar joriy yil yakunida Oy tuprog‘ini qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Xususan, ular ayni tuproqda yana gullaydigan Arabidopsis thaliana o‘simligini ekib ko‘rishmoqchi. Bundan tashqari, boshqa o‘simliklar urug‘lari bilan ham tajriba o‘tkazish rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG