Rossiyada 2024-yilda iste’mol inflyatsiyasi 10 foizdan past bo‘ldi va bu aksar prognozlardan yaxshiroq ko‘rsatkich. Biroq oziq-ovqat, dori-darmon va benzin narxlaridagi ikki raqamli o‘sish kam daromadli rossiyaliklarga zarba berdi. Uzoq foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar esa narxi unchalik oshmaganiga qaramay, kreditlar foizi yuqoriligi tufayli aholining katta qismi uchun yanada qimmatlashdi.
Rosstat 2024-yilgi rasmiy iste’mol inflyatsiyasini 9,52 foiz deb e’lon qildi. Statistika idorasi “qattiq ishlagan”ga o‘xshaydi, chunki yil tugashidan bir hafta oldin operativ ma’lumotlar kattaroq raqamni ko‘rsatgandi. Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi 23-dekabrda yillik inflyatsiyani 9,7 foiz deya baholagan.
Tahlilchilar foizdagi ulushlar qayerga g‘oyib bo‘lgani bilan qiziqmay, shunchaki raqamlar kutilganidan yaxshiroq chiqqaniga xursand bo‘lishdi. Kimlardir “narx-navo o‘sishi to‘xtadi va fevral oyi o‘rtalarida Rossiya bankining direktorlar kengashi stavkani shu darajada qoldiradi, hatto jilovni sekin-asta bo‘shashtirsa ham ajab emas”, deya xulosa qilishga shoshildi.
Biroq ayrim toifadagi tovarlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, manzara aytilayotgani kabi go‘zal emasligini ko‘ramiz. Oziq-ovqat mahsulotlari 11,05 foizga, xususan meva-sabzavot 22,09 foizga oshgan (ushbu toifaga kiruvchi kartoshka esa 90,6 foizga qimmatlagan); sariyog‘ narxi 36,23 va pista yog‘iniki 12,69 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, muzlatilgan baliq 17,48 foizga, sut va sut mahsulotlari 15,74 foizga, non va non mahsulotlari 13,22 foizga oshgan.
Xizmatlar ham sezilarli darajada – 11,52 foizga qimmatlashgan, inflyatsiya bo‘yicha “maqbul” natijaga esa nooziq-ovqat tovarlari narxlaridagi kamtarona o‘sish hisobiga erishilgan: Rosstat qaydlariga ko‘ra, ushbu toifadagi tovarlar bahosi 6,12 foizga oshgan. Ammo bu toifa ichida ikki raqamli o‘sish ko‘rsatgan tovarlar guruhlari bor: bular dori-darmon (10,61 foiz) va benzin (11,13 foiz). Ayni chog‘da “teleradiotovarlar” deb ataluvchi guruh atigi 2,19 foizga qimmatlashgan.
Tendensiya yaqqol ko‘rinib turibdi: muzlatkichga solinadigan narsalar katta farq bilan oldinda, “televizor” orqada qolib ketgan.
Buning bir necha sababi bor. Birinchidan, nooziq-ovqatlarning katta qismi – uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar (maishiy texnika, radioteletovarlar, avtomobillar) narxi ko‘p oshmadi. Shunga qaramay, ular rossiyaliklar uchun yanada qimmat bo‘lib qoldi. Chunki yillab xizmat qiladigan qimmatbaho buyumlarni hatto o‘rtacha daromadli odamlar ham odatda kreditga xarid qilishadi. Iste’mol yoki avtomobil kreditiga xizmat ko‘rsatish qiymatini xaridor yangi muzlatkich yoki avtomobil sotib olish uchun tikadigan summaga qo‘shadigan bo‘lsak, o‘sish hatto 2023-yilga qiyosan o‘nlab foizni tashkil qilmoqda – hozirda Rossiyada kredit ancha qimmatlashgan.
Ikkinchidan, real daromadi pasayayotgan odamlar oziq-ovqat, benzin, dori-darmon va kommunal to‘lovlardan eng oxirida voz kechishmoqda. Ushbu tezis Rossiya uy xo‘jaliklarining xarajatlari tarkibiga doir statistika chiqqach, o‘z tasdig‘ini topadi. Lekin Rossiyadagi aksar oilalarda oziq-ovqat xarajatlari oshganiga hozir ham shubha qilmasangiz bo‘ladi va bu o‘sish kiyim-kechak, poyabzal va uzoq foydalaniladigan tovarlar xarajatlarini qisqartiradi. Qolaversa, 2024-yilda Rossiyada aksar uy xo‘jaliklarining daromadi kamayganini ham nazardan qochirmaslik kerak.
Pensiyalar markazlashtirilgan tarzda indeksatsiya qilinayotgani bois pensionerlarga osonroq. Ammo indeksatsiya rasmiy inflyatsiya darajasiga yetolmagani tahlilchilarning e’tiborini tortdi. Rossiya banklari assotsiatsiyasi yanvardagi hisobotida 2024-yilda Rossiyada tayinlanadigan pensiyalarning real (ya’ni inflyatsiyaga moslangan) miqdori o‘tgan yilgiga nisbatan 1,3 foizga kamayganini qayd etmoqda. Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazining xulosasi ham shunga o‘xshash: ularning baholashicha, pensiyalarning real miqdori 1,5 foizga kamaygan.
Ayni chog‘da Markaz mutaxassislari pensionerlarning farovonligi qanchalik o‘zgargani haqidagi xulosa yanada aniq bo‘lishi uchun “kambag‘allar inflyatsiyasi”ni qo‘llash to‘g‘riroq bo‘ladi, deya ta’kidlashmoqda. “Kambag‘allar inflyatsiyasi” eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami, dori-darmon, kir yuvish vositalari, kommunal xizmatlar va transport xarajatlarini o‘z ichiga oluvchi iste’mol savatchasidan kelib chiqib hisoblanadi. “Kambag‘allar inflyatsiyasi” esa o‘shandayoq rasmiy inflyatsiyadan taxminan 1,5 baravar yuqori bo‘lib, pensiyadan yo‘qotishlar qariyb 5 foizni tashkil qilardi. Bu Markaz tahlilchilariga keskin manfiy ijtimoiy effekt haqida yozishga asos bo‘ldi.
“Inflyatsiya solig‘i” bu urush va harbiy sanoatni moliyalash usuli ekanini hisobga olsak, harbiy harakatlarda yoki harbiy byudjetni o‘zlashtirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etmayotganlar o‘z turmush darajasi yomonlashishi bilan tovon to‘laydi, degan tezis to‘g‘riligiga amin bo‘lamiz. Boz ustiga, bu kambag‘allarga borgan sari og‘ir yuk bo‘lmoqda. Bu qatlamga pensionerlardan tashqari, ijtimoiy nafaqaga suyanib qolgan ko‘plab oilalarni, shuningdek shifokorlar, o‘qituvchilar, kutubxonachilar va boshqa “tinch” kasb egalarini kiritish mumkin.
Xullas, Rosstat ma’lumotlariga diqqat bilan qaralsa, hayoti go‘yoki farovonlashib borayotgani aytilayotgan rossiyaliklar oziq-ovqatdan boshqa hamma narsadan pulni tejay boshlaganini payqash qiyin emas.