Irkutsk davlat qishloq xo‘jaligi universiteti biotexnologiyalar fakulteti dekani Olga Ilina Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyga qarshi kimyoviy qurol ishlatilganini oqlashga urindi. Dekan siyosiy faolligi bilan tanilgan talaba Yevgeniya Ivanchenkoning “aqlini kirgizib qo‘yish” uchun “tarbiyaviy soat” o‘tkazgan.
Fakultet rahbari talabaga jiddiy ruhda tanbeh bergan suhbat audiosi qachon yozib olingani ma’lum emas. Ammo tasma ilk bor 18 - fevral kuni Navalniyning Irkutskdagi mintaqaviy shtabi tomonidan e’lon qilindi.
“Kimyoviy qurollar – hukumat tiyib turish siyosatining bir qismidir. Qanday dunyoda yashayotganimizni bilsang kerak. Biz davlatchiligimizni himoya qilishimiz shart. Shu sabab turli qurollar ishlab chiqaramiz. Navalniyga o‘xshagan kimsalar esa bizga g‘animdir. Ular Rossiyada fitna chiqarmoqchi”, – deydi Olga Ilina.
Ivanchenko bunga javoban “Rossiyada vaziyat allaqachon izdan chiqib bo‘lgan” deya e’tiroz bildiradi. Dekan esa Navalniy kabi shaxslar suvni loyqalatayotganidan yozg‘iradi.
“Vaziyat hozirda barqaror. Lekin Navalniy kabi kimsalar uni izdan chiqarmoqchi. Hukumatimiz bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun to‘g‘ri chora-tadbirlar ko‘ryapti. Qara, ular Ukrainada nima qildi!” – deydi dekan xonim.
Suhbat asnosida ta’lim mansabdori rossiyaparast prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan ketkazilgan 2014 - yildagi norozilik namoyishlari ortida AQSh turganini iddao qiladi.
“Mana endi Belarusda nima bo‘lyapti?!” deydi u qo‘shni mamlakatda prezident saylovidan keyin davom etayotgan norozilik aksiyalarini nazarda tutib.
Ivanchenko siyosiy faolligi uchun universitet ma’muriyati tomonidan jazolandimi, yo‘qmi – hozircha noma’lum. Universitet ma’muriyati Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga izoh berishdan bosh tortdi. Mahalliy nashrlarga esa dekan O.Ilina ayni paytda “ta’tilda” ekani aytilgan.
Joriy yil yanvar oyida butun Rossiya bo‘ylab bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida minglab odam hibsga olingan. Irkutskning o‘zida kamida 74 nafar namoyishchiga nisbatan ma’muriy jazo tayinlangan.
Namoyishlarda ishtirok etgan ko‘plab faollar ta’qib va tazyiqlar kuchayganini aytmoqda.
20 - fevral kuni Dog‘istonda Navalniy tarafdorlaridan Ruslan Ablyakimov kaltaklab ketilgan. Krasnodar shahrida yana bir faol Anastasiya Panchenkoga nisbatan “noan’anaviy jinsiy munosabatlarni targ‘ib qilgani uchun” ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Panchenko 14 - fevral kuni ijtimoiy tarmoqda Navalniy himoyasiga bag‘ishlab “Sevgi – qo‘rquvdan kuchliroqdir” shiori ostida bir jinsga mansub juftlar o‘pishayotgani aks etgan suratlar e’lon qilgan edi. Novosibirsk shahrida 19 - fevral kuni noma’lum kimsalar Navalniy tarafdorining mashinasini yoqib yuborgan. Ichki ishlar vazirligi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari namoyishlarga bosh qo‘shgan ayrim shirkatlarda taftish o‘tkazgan.