Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:24

Ish haqi oz bo‘lsa ham, ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiyaga emas Qozog‘istonga bormoqda


Qo‘qonlik mehnat muhojiri Dilshodbek Rossiyada o‘n yildan ortiq ishlagan.

Ammo bu yil u Rossiyaga emas, qo‘shni Qozog‘istonga boradi.

“Qozog‘istonda ish haqi ancha past, ammo pirovardida uncha katta farq yo‘qligini hisoblab chiqdim”, dedi 42 yoshli Dilshodbek.

“May oyida Rossiyaga ketgan amakivachcham samolyot chiptasi uchun taxminan 600 dollar, ish ruxsatini olish uchun yana 300 dollar sarfladi. Qozog‘istonga bu pulning ozgina qismini sarflab borish mumkin”.

Koronavirus pandemiyasi tufayli chipta narxlari misli ko‘rilmagan darajada qimmatladi. Rossiyada ishlash uchun beriladigan ruxsatnomalar narxi ham qimmatligicha qolmoqda. Bu holat Dilshodbek kabi ko‘plab markaziy osiyolik muhojirni mintaqaning eng boy davlati – Qozog‘istonda ish izlashga majbur qilmoqda.

Qozog‘iston mehnat muhojirlarini mamnuniyat bilan qabul qilayotgani aytiladi. Muhojirlarning aksariyati mahalliy aholi qo‘l urishni istamaydigan og‘ir ishlarni qilishga tayyor. Qozog‘istonning ayrim viloyatlari hattoki ishchilarni jalb qilish uchun qo‘shni mamlakatdan kelayotgan ishchilarning yo‘lkiralarini to‘lab bermoqda.

May oyida Atirau viloyati hokimiyati qishloq xo‘jaligida ishlash uchun O‘zbekistondan 600 nafar kishini samolyotda keltirdi. Bundan bir oy oldin Atirau rasmiylari maxsus charter reysini uyushtirib, farroshlik qilish uchun 70 nafar o‘zbek muhojirini keltirgan edi.

Boshqa ko‘plab Qozog‘iston viloyatlari singari, Atirauda 2020 - yilda ishchi kuchi taqchilligi yuzaga keldi. Bunga pandemiya tufayli chegaralar yopilgani va muhojirlar mamlakatga kira olmayotgani sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonlik muhojirlarga yo‘l kirasini to‘lab berishni taklif qilgan qozoqlar orasida Atirau shahridagi qishloq xo‘jaligi korxonasi rahbari Aqturlan Ermanov ham bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir kishi chiptasi va koronavirus testi uchun taxminan 500 dollar sarflangan.

Ermanovning 1500 gektar ekin maydonlari ishchilarga juda muhtoj bo‘lgan. Ammo resurslarga boy Qozog‘istonda tobora ozroq odam og‘ir ish bilan shug‘ullanishga rozi bo‘lmoqda. Natijada fermer xo‘jaliklari, qurilish maydonlari va bozorlarda yuzaga kelgan bo‘sh ish o‘rinlarini muhojirlar to‘ldirmoqda.

“Muhojirlar mahalliy ishchilarga qaraganda ancha ishonchli”, dedi Ermanov Qozog‘iston davlat ommaviy axborot vositalariga.

“Mahalliy ishchilar ko‘pincha to‘satdan ishini tashlab ketadi. Masalan, ular bugun ishlab, ertasi kelmay qo‘yaveradi”.

Atirau shahridagi ko‘cha supuruvchilar oyiga taxminan 330 dollar ishlab topadi. Shuningdek, ularga shahar hokimligida ishlayotganliklari uchun qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. Mahalliy matbuotga ko‘ra, fermer xo‘jaligi ishchilari oyiga taxminan 235 dollar ishlab topadi.

Bu O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan mehnat muhojirlari uchun yaxshi ish haqi, chunki bu mamlakatlarda shunday ishlar uchun kamroq oylik beriladi. Bu mamlakatlarda ishsizlik 1990‑yillardan buyon yirik muammo bo‘lib keladi.

Qozog‘istonga oqa boshlagan boshlar

Bundan 30 yil oldin Sovet Ittifoqi qulaganidan beri millionlab markaziy osiyolik mehnat muhojiri uchun Rossiya asosiy manzil bo‘lib keladi. SSSR parchalanib ketganidan keyingi ilk yillarda mintaqa ishchilarining ancha kichik qismi Qozog‘istonga ish izlab borgan.

Ammo 2014 - yilda Rossiya iqtisodiy tanazzulga yuz tutib, valyutasi to‘satdan qadrsizlangandan beri bu ko‘rsatkich muntazam o‘sib bormoqda. Rubl qadrsizlangani uchun muhojirlar milliy valyutada uyga avvalgidan ancha oz pul yubora boshladi.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida Qozog‘istonda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni kamida o‘n baravarga ko‘paygan.

Pandemiyaga qadar Qozog‘istonda 1 millionga yaqin markaziy osiyolik muhojir ishlayotgan edi. Hozir nechta odam Qozog‘istonda ishlayotgani noma’lum, chunki muhojirlarning katta qismi soliq to‘lashdan qochib, xususiy ish beruvchilar qo‘lida noqonuniy tarzda ishlaydi.

Qozog‘istonda ishlayotgan markaziy osiyolik ishchilar orasida eng katta guruh o‘zbekistonlikdir. Pandemiya boshlanishidan oldin ba’zi manbalarda ularning soni 360 mingga yaqin ekani taxmin qilingan edi.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi pandemiya tufayli chegaralar yopilganiga qaramay, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istondagi o‘zbekistonliklar soni 209 300 ni tashkil qilganini bildirdi.

Ikkinchi yirik guruh – qirg‘izistonlik muhojirlar. Yanvar oyida Qirg‘iziston Davlat migratsiya xizmati Qozog‘istonda 35 mingga yaqin qirg‘izistonlik ishlayotganini ma’lum qildi.

Bu ikki mamlakat Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgani uchun Qirg‘iziston fuqarolari Qozog‘istonda muammosiz va qonuniy ravishda yashashi va ishlashi mumkin.

Tojikistondan olingan rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya oldidan 14 mingga yaqin tojikistonlik Qozog‘istonda ishlagan.

Qozog‘istonda ishlayotgan turkmanistonliklar soni to‘g‘risida ma’lumot yo‘q, chunki rasmiy Ashxobod bunday ma’lumotlarni tarqatmaydi.

Markaziy osiyolik muhojirlarning aytishicha, Qozog‘iston vatanlariga yaqin joylashgani, tili va madaniyati o‘xshash ekani, ishlashga ruxsat olish talablari nisbatan oson bo‘lgani uchun ular aynan shu mamlakat tanlamoqda. Qolaversa, Rossiyada ish ruxsatini olish uchun rus tili va tarixi bo‘yicha test topshirish kerak, ammo Qozog‘istonda bunday talab yo‘q.

Xavfsiz muhit

Rossiyadan farqli o‘laroq, Qozog‘istonda muhojirlar millatchilar va ksenofoblar hujumlariga kam uchraydi.

“Men 2019 - yilgacha Rossiyadagi xususiy dala hovlida ishlab, oyiga 700 dollar topardim”, deydi Dilshodbek.

“Qozog‘istonda men buning taxminan yarmini olaman, deyavering. Ammo hech bo‘lmaganda hujumga uchrashim yoki birov haqorat qilishidan qo‘rqib, alanglab yurishim shart emas”.

Ommaviy axborot vositalari va inson huquqlarini himoya qilish guruhlari Rossiyada muhojirlarga qilingan ko‘plab hujumlarni hujjatlashtirgan. Ularning ayrimlarida hujumga uchragan shaxslar o‘lgan. Rossiya rasmiylari so‘nggi yillarda jamoatchilikning mehnat muhojirlariga nisbatan munosabati keskinlashganini tan oladilar.

Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Magomedsalam Magomedov Rossiya matbuotiga bergan intervyusida:

“2020 yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning to‘rtdan biri muhojirlarga nisbatan salbiy munosabat bildirgan”, dedi.

“So‘rov shuni ko‘rsatdiki, bunday munosabat tobora yomonlashmoqda: muhojirlarga salbiy munosabatda bo‘lganlar soni o‘tgan yilga nisbatan 7.5 foizga o‘sgan. Bu mamlakatdagi millatlararo munosabatlar holatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda”.

Haqiqiy kutishlar

Qozog‘istonda hammasi ham a’lo emas. U yerda bir necha yildan buyon ishlab kelayotgan muhojirlar yangi kelganlarning umidlari realistik bo‘lishi va ular ochiq fikrlashlari kerakligini aytishdi.

“Qozog‘istonda ish va pul topish qiyin emas”, deydi 38 yoshli o‘zbekistonlik Jasur.

Jasur Qozog‘iston janubidagi Chimkent shahrida kichik novvoyxona ochgan. Qozog‘istonda muvaffaqiyat qozonishdan oldin bir yillik ishi uchun xizmat haqini ololmagan.

Jasurning aytishicha, u Qozog‘istonga besh yil oldin otasi va namanganlik yana besh kishi bilan kelgan. Erkaklar og‘zaki ravishda Qozog‘istondagi ish beruvchi bilan uy qurish to‘g‘risida kelishib olgan. Ish beruvchi ularga 4 000 AQSh dollarini oldindan to‘lagan va qolgan 10 ming dollarni ish tugagandan so‘ng to‘lashni va’da qilgan. Tomonlar o‘rtasida hech qanday shartnoma imzolanmagan va turistik viza bilan mamlakatga kirgan o‘zbekistonlik muhojirlar Qozog‘istonda ishlash uchun ruxsat olmagan.

Jasurning eslashicha, ular qurilishni yakunlashlari uchun bir yil ketgan, ammo ish beruvchi to‘satdan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan. Marhumning qarindoshlari ishchilarga uning qarzini to‘lashdan bosh tortgan. Hech qanday rasmiy hujjatga ega bo‘lmagan Jasur va uning sheriklari pullarini olish uchun rasmiylardan yordam so‘ray olmagan.

“Siz ularni musulmon birodarlar, birodar markaziy osiyoliklar, insof qiladi, deb o‘ylaysiz. Ammo doim ham unday bo‘lmaydi”, deydi Jasur Ozodlikning qozoq xizmatiga.

Tegishli xulosa chiqargan Jasur o‘sha vaqtdan beri Qozog‘istonda qonuniy ravishda ishlab va yashab keladi. Uning kichik novvoyxonasining bozori chaqqon.

“Men yashash xarajatlarimni qoplash, haftasiga bir marta [O‘zbekistonga] oilamga pul yuborish va kelajak uchun ozgina saqlab qo‘yishga yetarli pul topaman”, deydi u.

Jasurning aytishicha, Namangan viloyatidagi ko‘plab hamqishloqlari Qozog‘istonga ishlagani borish haqida so‘rab qo‘ng‘iroq qiladi. Ular Namanganda ish yo‘qligidan shikoyat qilib, Qozog‘istondagi vaziyat to‘g‘risida maslahat so‘raydi.

Jasur Chimkentda til muammosiga duchor bo‘lmagan, chunki o‘zbek tili singari turkiy tillar guruhiga kiruvchi qozoq tilini osonlikcha o‘rgangan.

Madaniyatlar va taomlardagi o‘xshashliklar, umumiy ijtimoiy qadriyatlar va urf-odatlar Jasur va qo‘shni mamlakatlardan kelgan boshqa muhojirlarning Qozog‘iston hayotiga moslashishini osonlashtiradi.

Ammo Qozog‘istondagi hayot va ish Jasur uchun vaqtinchalik yechimdir. U kelajakda Namanganga, o‘z qishlog‘iga qaytishni xohlaydi. Hozir vatanida uy qurish uchun pul to‘plamoqda.

Ammo hozircha bu orzu.

XS
SM
MD
LG