O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov manfaatlar to‘qnashuvi va nepotizmga oid surishtiruvi bois Kun.uz sayti muassisi, tahririyati va muxbiri Shokir Sharipov ustidan Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Bahrom Sharipov Kun.uz‘da nashr etilgan maqola uning va oila a’zolarining sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazilganini iddao qilgan.
Qo‘mita raisi suddan tahririyat bu maqolaga raddiya e’lon qilishini va 1 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirib berishni talab qilmoqda.
Kun.uz jurnalisti Shokir Sharipov Ozodlikka qo‘mita raisining da’volari asossiz ekanligi va tahririyat o‘z surishtiruvni davom ettirishini aytdi.
Joriy yilning 12-iyunida Kun.uzda nashr qilingan “Davlat amaldorining “ipakdan to‘qilgan” biznes to‘ri. Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?” surishtiruv maqolasida Ipakchilik va jun sanoatini Rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov “o‘ziga aloqador ko‘plab kompaniyalar orqali ipak sanoatida shaxsiy biznesni yuritayotgani” haqida so‘z boradi.
Surishtiruv aniqlashicha, Bahrom Sharipov Ipakchilik va jun sanoati qo‘mitasi raisi bo‘lgan holda bir nechta MCHJ rahbari va ta’sischiligini saqlab qolmoqda va xotini Sayyora Sharipova nomiga ochilgan o‘ndan ortiq MCHJ bor.
Kun.uz ochiq manbalardan bu iddaolarini tasdiqlovchi dalillarni ham chop qilgan va fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qonunchilikda taqiqlanganini ta’kidlab o‘tgan.
Surishtiruvda Bahrom Sharipov, davlat xizmatchisi bo‘laturib, Surxondaryo viloyatining Angor tumanida ro‘yxatdan o‘tgan “Karomat-Oyijon-Surxon” fermer xo‘jaligi rahbari ekanligi, Buxoro shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “1001 Nights” MCHJning 50 foiz ulushiga ham egalik qilishi ham aytilgan.
Shuningdek, nashrga ko‘ra, “Bahrom Sharipovning biznes tuzilmalari asosini uning turmush o‘rtog‘i hisoblangan Sayyora Sharipova nomida ochilgan firmalar tashkil qiladi. Oila bekasi bir emas, ikki emas, o‘ndan ortiq MCHJlarda ulushdor”.
Kun.uz ochiq manbalardan bu iddaolarga dalil keltiradi.
Bahrom Sharipovning o‘g‘illari Mashrabshoh va Botirbek Bahromovlar ipak va jun sanoati bilan shug‘ullanadigan bir necha MCHJlarga ulushdor ekanligi ham hujjatlar bilan keltirilgan.
O‘zbekiston Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo fuqarolik sudiga kiritgan da’vo arizasida prezident topshirig‘i bilan bu vazifaga tayinlangani, ungacha tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini aytar ekan, 2017-yildan 2023-yilgacha “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga rahbarlik qilganini ta’kidlaydi.
2023-yil 23-yanvardan esa u Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimida ishlamoqda.
Bahrom Sharipov o‘z da’vo arizasida “maqolada keltirilgan ma’lumotlar noxolis va bir tomonlama bo‘lib, men va oila a’zolarimning sha’ni, qadr qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazganligini” yozadi.
Sharipov idaosicha, Uyushma tarkibiga kiruvchi 74ta korxonaning birortasida u ta’sischi emas va ularda ulushi ham yo‘q.
“Uyushma tarkibiga kiruvchi bor-yo‘g‘i 4ta korxonada turmush o‘rtog‘im S.Sharipovaning ulushi mavjud bo‘lsada, biroq ushbu korxonalarning barchasi Uyushma tashkil etilishidan ancha yillar ilgari tashkil etilgan”, deb yozadi qo‘mita raisi.
Kun.uz esa ochiq manbalardan S.Sharipova ulushdor bo‘lgan 8ta MCHJning hujjatlarini keltirgan.
Bahrom Sharipov davlat fuqarolik xizmatida bo‘lish bilan fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilish “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun bo‘yicha haqli emasligini ta’kidlab o‘tsa-da, bunday holatda tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibini belgilovchi biron – bir qonun hujjati qabul qilinmaganini dastak qilib keltiradi.
Sharipov suddan Kun.uz va jurnalist Shokir Sharipov undan rasman uzr so‘rashini va 1 milliard so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirib berishni talab qilgan.
Kun.uz jurnalisti va ushbu maqola muallifi Shokir Sharipov Ozodlik bilan suhbatda qo‘mita rahbari Bahrom Sharipovning da’volarida asos yo‘qligini aytdi:
“Biz ochiq manbalardan foydalanib manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lganini ochiq-oydin ko‘rsatib berdik. Qo‘mita raisi sudda o‘zini qanchalik oqlaydi, bilmadim, lekin da’vo arizasida o‘zini oqlolmagan. Lekin manfaatlar to‘qnashuvi borligi shundayligicha ko‘rinib turibdi. Menda shunday fikr paydo bo‘lyaptiki, aksariyat rahbarda manfaatlar to‘qnashuvi nima ekanligi haqida tushuncha yo‘q. Bunday holatlar normal deb qabul qilinyapti. Biz OAV sifatida bevosita o‘z vazifamizni bajaryapmiz, jamiyatga zarar keltiradigan illatni topib, jamoatchilik uchun ochiqlayapmiz. Agar OAVda davlat amaldorining faoliyatidagi bir kamchilik yoki illatni ochib berolmaydigan, mustaqil surishtiruv o‘tkaza olmaydigan bo‘lsa, bunday axborot vositasining nima keragi bor?”
Ozodlik O‘zbekiston Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipovning ish telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.
O‘zbekistonda amaldorlarning mahalliy nashrlarni sudga tortishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.
2021-yilning yanvar oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi Effect.uz nashri jurnalistlarini uning ruxsatisiz kabinetga bostirib kirishda ayblagan edi.
Hodisa ortidan Sudyalar kengashi bayonot chiqarib, Effest.uz muxbirlarini “jurnalist odobiga zid xatti-harakat qilish, sud mustaqilligi va sudya daxlsizligiga ochiqdan-ochiq tajovuz va hurmatsizlik”da ayblagan.
Qashqadaryo viloyat sudi 3-noyabr kuni Effect.uz saytining sobiq muxbiri, hozirda Taftish.uz sayti muxbiri bo‘lgan Elyorbek Tojibaevga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish, Effect.uz sayti muxbirlari Akbar Nurimbetovga 3 yil ozodlikni cheklash, Hamidjon Ahmedovga 2 yilu 6 oy ozodlikni cheklash jazosi bergan edi.
Shu yil mayida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Koba san’at majmuasi ta’sischisi ekani aniqlanganini aytib, u rahbari bo‘lgan vazirlikka manfaatlar to‘qnashuviga barham berish yuzasidan taqdimnoma kiritganini ma’lum qilgan edi.
Buning ortidan vazir aksilkorrupsiya agentligi xabarida tilga olingan kompaniyani o‘g‘li Jafarbek nomiga rasmiylashtirib bergan.
O‘tgan oy O‘zbekiston Senati “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullagan.
Unda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga aniqlama berilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi o‘tgan yili mamlakat bo‘yicha jami 138 nafar hokim va hokim o‘rinbosarlari, 1092 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, manfaatlar to‘qnashuvi holatini sodir etganini aniqlagan. Jami 1378 mulozim davlat xizmatida ishlash bilan birgalikda firmalar ochib unga bevosita rahbar yoki ta’sischi sifatida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.
Prezident Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurashish va’dalariga qaramasdan hukumat davlat amaldorlarining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yishni kechiktirib kelmoqda.
O‘zbekiston rasmiylari, xususan, prezident administratsiyasi Ozodlikning manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya, jumladan, prezident oila-a’zolarining biznesi bilan bog‘liq qator surishtiruvlarini javobsiz qoldirgan.
Mirziyoyev ma’muriyati Ozodlikning 8-iyul kuni e’lon qilingan prezident oilasi va qarindosh urug‘larining hokimiyatda yuqori lavozimlarga tayinlanishi barobarida mamlakat iqtisodiyotining butun boshli sohalarini nazorat qilayotganiga oid oxirgi surishtiruvi yuzasidan savollarga ham javob bergani yo‘q.