Qatar poytaxti Doxada Isroil va Falastinning HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni almashtirish to‘g‘risidagi shartnomaning yakuniy versiyasi imzolandi. Bu haqda 17-yanvarga o‘tar kechasi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ofisi vakillari ma’lum qilishgan.
Isroilning harbiy mulozimlari erishilgan shartnomani tasdiqlash uchun 17-yanvar kuni yig‘ilish o‘tkazishadi. Biroq bitim hukumatning to‘liq tarkibi tomonidan ham tasdiqlanishi lozim, u esa, Netanyahu matbuot xizmatiga ko‘ra, shanba oqshomidan avval yig‘ilolmaydi. Shu vajdan ham shartnomaning kuchga kirishi 19-yanvardan taqriban 20-yanvar tush paytigacha qoldiriladi, deya ma’lum qilgan Isroil bosh vazirining yordamchisi Axios nashriga.
Payshanba (16-yanvar) kuni Netanyahu ofisi HAMAS so‘nggi daqiqada shartnomaning qator shartlaridan bosh tortgani va shartnomaga yangi bandlar qo‘shishga urinayotgani tufayli Isroil hukumati HAMAS bilan sulh shartnomasini ma’qullash uchun ovoz berolmasligini bildirgan.
Kecha oqshom Qatardagi muzokaralarda tomonlar bitimning ikkinchi bosqichidagi almashuv doirasida HAMASning yuqori lavozimli a’zolarini ozod qilishga oid talablarni tushirib qoldirgan holda yakuniy tuzatishlarni o‘zaro muvofiqlashtirgan.
Isroil va HAMAS vakillari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni almashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishgani haqida 15-yanvar kuni ma’lum bo‘lgan edi. 16-yanvar kuni Isroil falastinliklarni kelishuvni barbod qilishga uringanlikda ayblab chiqqan. HAMAS vakillari guruh kelishilgan hujjatga amal qilayotganini bildirishgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, birinchi bosqichda Isroil armiyasi G‘azodan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaydi, HAMAS esa 2023-yil 7-oktyabr kuni garovga olinganlardan 33 nafarini ozod qiladi.
Ikkinchi bosqichda tomonlar o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga va garovdagilarning qolganlarini ozod qilishga kelishishgan, buning evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mingga yaqin mahkum ozod etiladi.
Uchinchi bosqichda tomonlar halok bo‘lganlarning jasadlarini bir-birlariga topshirishadi. O‘sha paytga borib G‘azo sektorida Misr, Qatar va BMT kuzatuvi ostida tiklash ishlarini boshlash ko‘zda tutilmoqda.
HAMAS nazorati ostida bo‘lgan G‘azodagi jangovar harakatlar falastinlik jangarilar 2023-yil 7-oktyabrida Isroilga uyushtirgan hujumi ortidan boshlangan. O‘sha hujumlarda 1200 ga yaqin odam o‘lgan, 250 chog‘li odam garovga olingan. Ulardan bir qismi almashuvlar paytida ozod qilingan. Isroil maxsus xizmatlari hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda HAMAS qo‘lida 99 kishi garovda qolmoqda, ulardan bir qismi o‘lgani taxmin qilinadi.
Hujumga javoban Isroil tomonidan sektorda boshlatilgan harbiy amaliyot chog‘ida, HAMAS nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 45 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirilgan. Shuningdek, o‘tgan davr ichida HAMASning qator rahbarlari o‘ldirilgan va guruh harbiy infratuzilmasining bir qismi yo‘q qilingan.