Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:10

Jahongir Otajonov: IIB menga qarshi provokatsiya uyushtirdi


Siyosatchi Jahongir Otajonov bir vaqtlar sahna yulduzi edi.
Siyosatchi Jahongir Otajonov bir vaqtlar sahna yulduzi edi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoliyatini O‘zbekiston ichkarisida tiklamoqchi va prezidentlikka nomzodini ko‘rsatmoqchi bo‘lgani ortidan siyosiy maydonga kirib kelayotgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarini siyosiy tazyiq instrumentiga aylanganini ta’kidladi.

“Hamma ko‘rib bilib turibdi ochiq tazyiqlarni. Kecha men yashamaydigan uyimga uchastkavoy kelib yaqinlarimga tazyiq qilibdi.. Undan oldin Xorazmdagi ota onam yashaydigan uyga DXX xodimlari borgan. Ukam Alisher menga oid mashinani uyimning yonida mingani uchun “texpasporti yo‘q” deb tazyiq qilishdi. Butun dunyoda politsiya kriminal bilan shug‘ullansa O‘zbekistondagi politsiya siyosiy tazyiq instrumentiga aylantirilgan. Turkiyadan qaytganimga 47 kun bo‘lgan bo‘lsa har kuni shaxsim va siësiy faoliyatimga qarshi tazyiq va provokatsiyalar bilan yuzma yuzman.”

Avvalroq Jahongir Otajonov ijtimoiy tarmoqlarda mashinasini jarima maydonidan ololmayotgani to‘g‘risidagi videoni tarqatgan edi. Videoda u ichki ishlar xodimlarini tanqid qilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Jahongir Otajonov bu xolatga oydinlik kiritdi:

“Birinchidan men hujjatsiz mashina haydash boshimga balo keltirishini yaxshi bilaman. Ukam Alisher bilan bog‘liq xolat g‘irt provakatsiya. 17 - iyun kuni Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektori uyimni yonida ukam Alisherni to‘xtatib hujjat so‘ragan. Ukamni pravasi bor bo‘lgan ammo texpasportni taqdim qila olmagan. Xolbuki texpasport mashina ichida edi. Buni ukam bilmagan. Uyga kelishganida men inspektorga mashina ichidagi texpasportni olib ko‘rsatdim. Xujjatlar to‘kisligini tushungan inspektor chest berib nari ketishi lozim edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Ular mashinani asossiz jarima maydoniga qamab qo‘yishdi. Men dalolatnoma so‘rasam bermadi. Umuman qoidaga ko‘ra dalolatnoma onlayn tuzilishi kerak edi¸ tuzilmadi. Xullas o‘ta primitiv usullar bilan meni obro‘sizlantirish¸ siyosiy faoliyatimni cheklash va Konstitutsiya kafolatlagan huquqlarimni kamsitish bilan O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi shug‘ullanib kelmoqda. Aslida ularda bunday huquq yo‘q. Takror aytaman IIB vatandoshlarning siyosiy faolligini emas¸ balki kundan kun haddidan oshayotgan jinoyatchilarni nazorat qilsin.”

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining 29 - iyunda bildirishicha, haqiqatan ham 17 - iyun kuni Jahongir Otajonovning avtomashinasi boshqaruv huquqi bo‘lmagan shaxslar tomonidan boshqarilgani ortidan jarima maydonchasiga kiritilgan.

Avtomashina tegishli hujjatlar taqdim etilmayotgani ortidan haligacha jarima maydonchasida saqlanmoqda.

“Mazkur fuqaroning harakatlarida tuhmat va haqorat qilish alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli, holatga tegishli tartibda huquqiy baho beriladi va jamoatchilikka qo‘shimcha ravishda axborot taqdim etiladi”,-deyiladi rasmiy bildiruvda.

Ozodlik bilan suhbatda Jahongir Otajonov¸ o‘z chiqishlarida IIB xodimlarini konstruktiv tanqid qilganligini aytadi:

“Tanqid qildim va yana tanqid qilaveraman. Lekin men ularni haqorat qilmadim. Oddiy tanqid bu. IIV soxasi tanazzulga uchraganligini ularning o‘zlari ham rahbarlar ham biladi. O‘zbekiston prezidenti ham bu soxani fevral oyida jiddiy tanqid qilgan va “ularning ishidan xalqimiz norozi” – degan edi. Mening ham fikrim davlat rahbari bilan bir xil bo‘lsa¸ demak muammo Ichki ishlar vazirligida. Ular o‘g‘rini ushlash o‘rniga siyosiy faollarning orqasidan quvlab yuribdi.”

Jahongir Otajonov ta’kidlagan gapni Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 - fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida aytgan edi.

Yig‘ilishda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishidagi ishlari tanqidiy muhokama qilingan edi.

- Huquq-tartibot idoralariga hamma sharoitlarni yaratib, eng zamonaviy texnikalarni olib berdik. Katta vakolat, kuch va vositalar bor. Lekin natija kutilganidek emas. Ularning ishidan xalqimiz norozi, - degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Saylov oldi nazorati?

Ozodlik podpolkovnik rutbasidagi IIV zobiti bilan suhbatlashdi. Ismi Ozodlikka ma’lum bo‘lgan bu zobit iddaosiga ko‘ra¸ saylov oldidan respublikadagi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari 54 yashar polkovnik Ulug‘bek Tursunov nazorat qilmoqda.

Bu iddaoni IIBning Farg‘ona viliyatidagi yana bir zobiti ham tasdiqladi.

Ozodlikda Tursunovning IIV tarkibidagi mulozim o‘laroq muxolifatni nazorat qilayotgani haqida rasmiy tasdiq yo‘q.

Polkovnik Ulug‘bek Tursunov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovi Oybek Tursunovning akasidir.

IIV tarafidan tazyiq qilinayotganligini aytgan siyosatchi Jahongir Otajonov O‘zbekiston prezidentligiga o‘z nomzodini ko‘rsatishini e’lon qilgan.

Shundan so‘ng u Turkiyaga ketgan va u yerda “Erk” partiyasi a’zoligini qabul qilgan. O‘zbekistonga qaytib kelganilan so‘ng u “Erk” partiyasi qurultoyini o‘tkazgani uchun noma’lum shaxslar tomonidan tahdidlarga uchragan.

XS
SM
MD
LG