Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:28

"Jamiyatda ayolning o‘rni eng pastda". To‘yda kelinga musht tushirgan kuyovga ish ochildi


Hodisa shu yning 6-iyun kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida sodir bo‘lgan. Video skrinshoti.
Hodisa shu yning 6-iyun kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida sodir bo‘lgan. Video skrinshoti.

O‘zbekistonda kuyovning nikoh kechasi kelinning boshiga musht tushirgani aks etgan video jahon OAVlarida rezonans uyg‘otdi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, voqea shu yilning 6- iyun kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida o‘tgan nikoh to‘yida sodir bo‘lgan.

“Marosimda kelin va kuyovga o‘ralgan holda shirinlik berilib, uni kim birinchi bo‘lib ochish (“Syurpriz” o‘yini) o‘yini o‘tkazilgan.

O‘yin davomida kelin birinchi bo‘lib shirinlikni ochganligi sababli bu holatdan kuyovning jaxli chiqib kelinni bir marotaba urgan.

Mazkur holat yuzasidan Uzun tumani IIB tomonidan fuqaro X.R. (kuyov) ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborildi”, - deyiladi 15-iyun kungi bayonotda.

Bundan tashqari, kuyov va kelin hamda ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Tarmoqni titratgan video

To‘ydagi hodisa videosi shu hafta boshida Telegram va Instagram tarmog‘ida tarqalgandi.

O‘zbekistonlik taniqli bloger Aqida Xanum ham uni Facebook sahifasida e’lon qildi.

“Juda katta rezonans bo‘ldi. Kuyovning kimligini ham aniqladim. Bu bola bozorda ishlaydi, arava tortadi. Qayerdan desam, Surxondaryoning Uzun tumanidan. Bular uchta aka-uka, hammasi mashina bozorida aravakashlik qilishadi, deyishdi. Lekin yigit haqida juda ijobiy fikrda edik, hayron bo‘lib qoldik, degan gaplarni ham aytishdi. Og‘ir-bosiq, sipo yigit ekan.

Videoni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. To‘yda musobaqa o‘ynalyapti. Kelin yutgan, qo‘lini ko‘tarsa, hamma qarsak chaldi, shu payti kuyov juda qattiq zarba bilan kelinni boshiga qarab urdi, yonidagi kuyov jo‘ra ham kulib turibdi. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqda shu postni qo‘yganimdan keyin izohlarda yozgan - kelinni aqli bo‘lsa ketardi, ajrashardi va hokazo. Hozirdan shunaqa bo‘lsa, keyinchalik undan ham beshbattar qiladi”, - deydi Aqida Xanum Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonlik jurnalist Dilobar Asliddin qizi fikricha, tarqalgan video "jamiyatdagi vahshiylik"ning bir ko‘rinishi.

"Kelinlarning ayovsiz kaltaklanganligi, hattoki ularga shikast yetkazilgan, sovuq qurolar bilan jarohatlanganligi bilan bog‘liq voqealarga guvoh bo‘lamliz. To‘ydagi holat ham ana shu vahshiylikning biri ko‘rinishi", - deydi jurnalist Ozodlik bilan suhbatda.

Ayollar huquqlari uchun kurashchi bloger Hosiyat Sobirning aytishicha, ayolning kaltaklanishini jamiyat normal qabul qilishi va ko‘p hollarda zo‘ravon erlarning jazosiz qolishi katta fojia.

"Xorij matbuoti bu voqeani normal emas, deb qabul qildi va tanqid qildi. Negativ reaksiyasini ko‘rdik. Biz ham bu voqeliklarga qarshi bong urib kelyapmiz. Lekin,o‘zbek jamiyatida afsuski, erkak tarafidan ayolning kaltaklanishi normal holat. Bu videoda ham ko‘ryapmiz, kaltaklangan kelinni qarindoshi sekingina olib chiqib ketyapti. Er go‘yoki xudo, xohlaganini qiladi", - deydi Hosiyat Sobir.

"Ayollarni mustaqil va kuchli qiladigan ta’lim zarur"

Vaziyatga O‘zbekiston prezidentining qizi, Gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi bo‘lgan Saida Mirziyoyeva ham e’tibor qaratdi:

"Bu hodisa qayerda sodir bo‘lgani muhim emas, o‘zimizdami yoki qo‘shni yurtdami, ikki kun oldinmi yoki ikki yilmi - farqi yo‘q. Bu jirkanch vaziyatga bizning munosabat muhim.

Agar bu hodisa sizni va atrofingizdagilarni g‘azablantirgan, hayratga solgan bo‘lsa, demak atrofingizda sog‘lom jamoa bor.

Mabodo “ayol erkakka yon bosishi shart”, “o‘zi aybdor, tili uzun bo‘lsa kerak” kabi gaplarni eshitayotgan bo‘lsangiz, mana bu haqiqiy falokatdir.

Biz hammamiz rivojlangan, madaniyatli yurtda, boy va baxtli yashashni xohlaymiz. Demak, har birimiz ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini anglashimiz va shu qarashda qat’iy turishimiz zarur.

Bunday holatlarni xotirjam kuzatish, bir-bir bo‘lib turadi-da, deb oddiy qarash mumkin emas.

Va kaltabin kuyovto‘rani qoralab, kelinga rahmimiz kelar ekan, o‘z farzandlarimizga nisbatan ham shunday munosabatda bo‘lmaslik, ya’ni maktabni bitirgach o‘qishni taqiqlamaslik, iloji boricha tezroq turmushga berishga yoki uylantirishga harakat qilmaslik, o‘z aqli bilan yashashga ruxsat berish muhimdir.

Aynan shu bois bizga istiqbolli keng yo‘llarni ochadigan, ayollarni mustaqil va kuchli qiladigan ta’lim zarur.

Ta’lim bizga hayotimizni qanday o‘tkazishni tanlash imkonini beradi", - deya hodisaga munosabat bildirdi Saida Mirziyoyeva.

Xalqaro rezonans

Uzun tumanidagi to‘yda olingan video xorij telekanallarining yangilik dasturlariga ham chiqdi.

Rossiyalik teleboshlovchi va bloger Kseniya Sobchak hodisaga “O‘zbekistonda kuyov kelinni to‘y tanlovida yutgani uchun boshiga musht tushirdi. Bu yerda uning oilaviy hayoti boshlanadi”, deya izoh berdi.

“Ba’zilar uchun bu ajoyib kun va baxtli oilaviy hayotning boshlanishi. Ammo dunyodagi ko‘plab ayollar uchun bu nikoh do‘zaxiga sayohat qilish uchun faqat boshlang‘ich signaldir! Yuqoridagi videoda ko‘rilgan O‘zbekistonlik juftlik kabi. Yangi turmush qurganlar, ular mehmonlari oldida sahnada o‘yin o‘ynashadi. Kelin g‘alaba qozonadi va nishonlaydi, kuyov yutqazadi - va bundan umuman xursand emas. Jahli chiqib, u kelinning boshi orqa qismiga qattiq uradi. U muvozanatni saqlashga urinib, oldinga yiqiladi. Jismoniy va ruhiy zarba, u boshini pastga tushiradi va yig‘laydi.

...Hech kim o‘rnidan turib kuyovni bu qilig‘i uchun jazolamaydi. Hech kim politsiyaga borib, unga xabar bermaydi. Bu narsaga shubha qilish mumkin, chunki O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik har kuni non sotib olishdek oddiy hol", - deb yozdi Germaniyaning Bild nashri.

"Aysbergning uchi"

To‘yda kuyovning kelinga musht tushirishi O‘zbekistonda birinchi holat emas.

“Bu videoda muzlikni uchini ko‘rdik xolos. Vaholanki, biz undan ham dahshatli narsalarni ko‘rib kelmoqdamiz. Bizning jamiyat uchun normal holat bo‘lib qolgan. Afsuski, jamiyatimizda ayol kishining o‘rni eng pastda deb ko‘riladi. Ayol kishi bunga sabr qilib yashab o‘tishi kerak, jafokash ayollarimiz. Ayollardan shikoyat tushmasa, ichki ishlar ham qanaqa ish ko‘rishi mumkin? Nimani tergov qilishi mumkin? To‘g‘ri, fakt bor, lekin kelin tomon men o‘zim yashayman, deydi. Bu oila ajrashmaydi, chunki qizga endi kimga keraksan, degan gaplar bo‘ladi”, - deydi maishiy zo‘ravonlik holatlarini yoritib keladigan bloger Aqida Xanum.

O‘zbekistonda oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar shikoyati ko‘p hollarda mahalladan nariga o‘tmasligi aytiladi.

Er-xotinlarga ajralish uchun sudga ariza topshirishdan avval mahalla qo‘mitasidan ruxsat olish shart qilib qo‘yilgan.

Zo‘ravonlikdan to‘yib¸ ajrashishga qaror qilgan ayollar esa mahalla oqsoqollari va Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlarining “sabrli bo‘lish¸ er va qaynonaga itoat qilib yashash kerak”, "er-xotinning urushi, doka ro‘molning qurishi", degan nasihatlari bilan ahdidan qaytariladi.

Ichki ishlar bo‘limlari ham eridan kaltak yegan ayollarning shikoyatlarini kamdan-kam holatda registratsiya qiladi yoki ko‘rib chiqadi.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoyalovchi qonuniy mexanizmlar yo‘qligini tanqid qilib keladilar.

O‘zbekiston Adliya vazirligiga ko‘ra, 2019-yilda mamlakatdagi Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlariga 22 mingdan ortiq xotin-qiz murojaat qilgan. Xuddi shu yili 1000 ga yaqin ayol maishiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG