28 - mart kuni Toshkent shahri markazidagi Amir Temur xiyobonida yapon animesi va koreys pop musiqasi muxlislarining navbatdagi tadbirini o‘tkazmoqchi bo‘lgan bloger shu kuni kechqurun bir guruh noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketildi.
Toshkent shahar travmatologiya kasalxonasiga yotqizilgan 29 yashar Miraziz Bozorovni vrachlar boshqa kasalxonaga o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shifokorlarning aytishicha, blogerga neyroxirurgning yordami kerak bo‘lishi mumkin.
Bloger Miraziz Bozorovning 28 - mart kunduzi, kaltaklanishidan oldin Ozodlikka bildirishicha, har yakshanba o‘tkazilib kelayotgan tadbirning 28 - martga belgilangan navbatdagisi agressiv kayfiyatdagi yuz nafar atrofidagi kishining hujumi ortidan boshlanmayoq bekor qilingan.
Miraziz Bozorov 28 - mart oqshomida o‘zining uyi oldida yuziga niqob taqqan noma’lum shaxslar tomonidan beysbol to‘qmog‘i bilan kaltaklangan. Og‘ir tan jarohatlari olgan bloger kasalxonaga yotqizilgan.
Voqea guvohi jurnalistlarga bunday degan:
“O‘zi yashaydigan uyning podyezdiga kirib ketayotganda bir mashina kelib to‘xtadi va undan yuziga niqob taqqan uch kishi tushdi. Ulardan birining qo‘lida beysbol tayog‘i bor edi. Mashinadan tushiboq kaltaklay boshlashdi”.
Guvohning aytishicha, voqea 3 daqiqacha davom etgan va bu vaqt ichida Miraziz juda ko‘p kaltaklangan.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Miraziz Bozorov Toshkent shahar travmatologiya kasalxonasiga yotqizilgan. Kasalxona vrachlaridan olingan ma’lumotga qaraganda, blogerning ichki organlari lat yegan, chap katta boldir suyagi ochiq singan va joyidan jilgan, oyoqlarida yana bir necha jarohat mavjud, miyasi chayqalgan, xushini yo‘qotmagan. Vrachlar blogerni boshqa kasalxonaga o‘tkazish rejalashtirilayotganini, unga neyroxirurg yordami kerak bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Miraziz Bozorov Telegramda “Kanal Bazarova” degan sahifani yuritadi. U o‘z postlarida bir necha bor O‘zbekiston Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarib tashlash kerak degan fikrni bildirgan.
U, shuningdek, o‘z kanalida prezident Mirziyoyevni muntazam tanqid qilib kelgan, korrupsiya kuchayib ketgani haqida yozgan, Mirziyoyev o‘tkazayotgan iqtisodiy islohotlarni va yuritayotgan siyosatni “katta yo‘qotish” deb atagan, hukumatni karantin paytida “xalq pulini o‘g‘irlaganlikda” ayblagan. Odamlarni saylovlarni “boykot qilishga” chaqirgan.
O‘tgan yilning yozida bloger Miraziz Bozorov Feysbukda e’lon qilgan postlarida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki rahbariyatiga O‘zbekistonga ajratilayotgan kreditlarni, ulardan foydalanish ustidan nazoratni ta’minlamay turib, bermaslikni so‘ragan.
Shuningdek, Bozorov 28 - mart kunduzi Ozodlikka “blogosferada hukumat tarafdori ekanligi bilan tanilgan blogerlar tomonidan agressiv ma’naviy hujumga uchragani”ni aytdi.
Miraziz Bozorov, shuningdek, Ozodlikka "Shuhrat Musayev, Abror Muxtor Aliy va AbuSolih Fox kabi blogerlar tarqatgan har-xil yolg‘on ma’lumotlar tufayli ularning obunachilaridan yuzlab o‘lim tahdidlari olgani"ni aytdi.
Bozorovning yana aytishicha, yuqorida tilga olingan uch bloger uning "uy manzilini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan".
Ozodlik muxbiri bilan telefon suhbatida Miraziz Bozorov unga so‘nggi ikki hafta davomida turli tahdidlar qilinganini va shu munosabat bilan u huquq- tartibot organlariga kamida o‘n marta ariza bilan murojaat qilganini, ammo IIB xodimlari uning arizalarini qabul qilmaganini aytdi.
Miraziz Bozorov yotqizilgan Toshkent shahar travmatologiya kasalxonasidan Ozodlik mobil muxbirining 29 - martga o‘tar kechasi xabar qilishicha, blogerning onasi uning oldiga kiritilmayapti.