Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 10:06

Kamchiliklar tufayli Qarshidagi hibsxona faoliyati to‘xtatildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Monitoring jarayonida aniqlangan bir qator kamchiliklar sabab Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Ombudsman hamda uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari 2024-yilda viloyatdagi vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari hamda maxsus qabulxonalarni monitoringdan o‘tkazib bir qator kamchiliklar aniqlagan.

Jumladan, Qarshi shahri IIO faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi, Qarshi va Koson tumanlari IIBning vaqtincha saqlash hibsxonalarida shaxslarni saqlash sharoitlari belgilangan me’yoriy talablarga javob bermasligi kuzatilgan.

Shuningdek, kameralar ta’mirtalab holatga kelib qolgani, tabiiy va sun’iy yorug‘lik tizimi, sanitariya-gigiyena holati, havo almashtirish tizimi talab darajasida emasligi qayd etilgan.

Qarshi tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatilib, saqlanayotgan shaxslar kapital ta’mirlangan Kasbi tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga ko‘chirilgan.

Ombudsman kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritgan.

Ayni paytda vazirlik hibsxonalar sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rayotgani bildirilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili 2024-yilning 10 oyi mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi fuqarolarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan 158 ta shikoyat kelib tushganini ma’lum qilgandi.

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llangan. 3 ta holatda xodimlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

XS
SM
MD
LG