Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:48

Karimovning qamoqqa olingan sobiq yordamchisi Murad Buildings hamkori bo‘lgan - hujjat


Illyustrativ kollaj
Illyustrativ kollaj

Bosh prokuraturaning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan rasmiysi O‘zbekiston birinchi prezidentining sobiq yordamchisi (yordamchi-referent) Ulug‘bek Mirzamuhamedovning noyabr oyi oxirida qamoqqa olinganligini tasdiqladi. Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida 52 yashar sobiq mulozim O‘zbekistonda taniqli tadbirkor Murod Nazarovning hamkori ekanligini aniqladi.

Bundan oldin Toshkentdagi rus tilidagi nashrlar Mirzamuhamedovning hibsga olingani va uyi tintuv qilingani haqida yozgan edi.

Bosh prokuraturaning ismi aytilmasligini istagan rasmiysi Mirzamuhamedovning hibsga olinishiga sabab bo‘lgan jinoyat ishi tafsilotlari va unga nisbatan qanday ayblovlar ilgari surilayotgani haqida ma’lumot bermadi. Mulozim mahbusning hozirda DXX izolyatorida tergov qilinayotganini aytish bilan cheklandi.

Bundan oldin mustaqil Eltuz nashri Mirzamuhamedov kriminal dunyoda “Stomatolog” laqabi bilan tanilgan Farruh Mirzayev bilan qarzni qaytarmagani borasida nizolashgani va "qarzdor Mirzayev Karimovning sobiq yordamchisini qamatgani" haqida yozgan edi.

Ayni maqolada Mirzamuhamedov prezident yordamchisi bo‘lib ishlagan paytda "pora evaziga diplomatlarni lavozimlarga tasdiqlagani" ham iddao qilinadi.

Ozodlikda bu iddaolarning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning yordamchilari¸ xususan Georgiy Kraynov va Zelimxon Haydarovlarni shaxsan taniydigan mulozim Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Mirzamuhamedovning "o‘ta ta’magir bo‘lgani va asosan, qimmat soat va raritet avtomobillarni pora evasiga olganligi"ni iddao qildi.

Ulug‘bek Mirzamuhamedov
Ulug‘bek Mirzamuhamedov

Mirzamuhamedovning qamoqqa olingani haqida birinchi bo‘lib uyat.uz sayti asoschisi Abu Ali Niyozmatov yozgan edi. Unga ko‘ra, tintuv paytida Mirzamuhamedov uyidan "astronomik summadagi qimmatbaho antiqa buyumlar, qadimiy yunon haykallari, xitoy chinni idishlari,kartinalar bir necha million naqd dollar, “Bentley”, “Mercedes”, “Range Rover” kabi qimmat avtomobillar topilgani" aytilgan.

Ozodlikda Mirzamuhamedovning qadimiy qimmat avtomobil yonida turgan surati bor. Shuningdek, sobiq mulozimning Moskvada yashaydigan o‘g‘li O‘zbekiston davlat raqamiga ega o‘ta qimmat “Gelendvagen” avtomobili bilan tushgan surat ham mavjud.

Sobiq mulozim avtomobili
Sobiq mulozim avtomobili

Ozodlik mobil muxbiri Mirzamuhamedov yashagan Toshkentning Lunacharskiy mavzesidagi hovlisini borib ko‘rdi va uning qo‘shnilari bilan suhbatlashdi. Qo‘shnilar “qudratli pomoshnik”ning qamalgani va uyi tintuv qilinganini tasdiqlashdi.

Murod Bilding izi

Ismi aytilmasligini istagan mulozimga ko‘ra¸ Mirzamuhamedov korrupsiya oqibatida to‘plagan pulini "Toshkent markazida lyuks uylar quradigan tadbirkor orqali aylantirgan".

Ozodlik mavzuni o‘rganish asnosida Mirzamuhamedov ta’sis qilgan xususiy shirkat xujjatlarini qo‘lga kiritdi. Shirkat O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tarafidan me’moriy obida, deb topilgan Toshkent shahri, Bobur ko‘chasi, yettinchi uyni buzib, o‘rniga ko‘p qavatli majmua qurish uchun sarmoya kiritgan. Reyestr hujjatlariga ko‘ra¸ shirkat OOO Murad Buildings deb ataladi va uning 50 foizi Nazarov Murodjon Toxirjonovichga, qolgan 50 foizi esa, Mirzamuhamedov Ulug‘bek O‘tkurovichga tegishli.

Shirkat haqida hujjat
Shirkat haqida hujjat

Ozodlikning Madaniyat vazirligidagi manbasiga ko‘ra, aynan Ulug‘bek Mirzamuhamedov 2007 - yili o‘sha paytdagi Toshkent shahar hokimi Abduqaxxor To‘xtayevga bosim qilib, Bobur ko‘chasidagi 7 - uyni madaniy obidalar ro‘yxatidan chiqartirgan. Jamoatchilik bosimi ostida 2019 - yilda bu bino yana tarixiy obidalar ro‘yxatiga kiritildi.

Bobur ko‘chasidagi obida Madaniyat vazirlari uchun bosh og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda
Bobur ko‘chasidagi obida Madaniyat vazirlari uchun bosh og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda

Ozodlik mobil muxbiri bu xususiy shirkat hujjatlarida yozilgan Toshkent shahridagi 100054 OYBEK KO'CHASI 38 A -UY ni borib ko‘rdi. Bu manzilda O‘zbekiston markazida lyuks uylar qurib sotadigan Murad Buildings shirkatining bosh ofisi joylashgan edi.

Shirkat egasi Murod Nazarov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Oq uyning ko‘rinmas odami yoki Karimov soyasida

2016 - yil avgustigacha prezident Islom Karimovning yordamchisi bo‘lib ishlagan va 2020 - yil noyabr oyi oxirlarida hibsga olingan Ulug‘bek O‘tkirovich Mirzamuhamedov aslida kim?

Ozodlik Mirzamuhamedovning kursdoshi va uni yaqindan bilgan boshqa manbalar asosida Karimovning soyasida "ko‘rinmas odam" kabi faoliyat yuritgan mulozim tarjimai holini tiklashga urindi.

Mirzamuhamedov doim panada bo‘lishni ma’qul ko‘rgan. Rasmiy matbuotda foto va videolari chiqmasligini doimo ta’minlab kelgan.

Ota bobolari Qashqadaryodan bo‘lgan Mirzamuhamedov 1968 - yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1992 - yilda Sharqshunoslik instituti Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetini tugatganidan keyin Tashqi ishlar vazirligida ishlagan. Vazirlikdan prezident devoniga o‘tkazilgan Mirzamuhamedovning oxirgi lavozimi Islom Karimovning referent yordamchisi bo‘lgan.

2011 - yil 25 - avgustida O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Mukofot haqidagi hujjatda Mirzamuhamedov "prezident devoni ma’sul xodimi" deb yozilgan.

2016 - yil sentabrida Shavkat Mirziyoyev prezident vazifasini bajarishni boshlaganidan ko‘p o‘tmay, Mirzamuhamedov lavozimdan olinadi.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimning iddao qilishicha, Ulug‘bek Mirzamuhamedov Mirziyoyev Bosh vazirligi paytida unga bosim qilib, o‘ziga yaqin tadbirkorlar foydasiga qarorlar chiqartirgan.

Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Ozodlik Karimov davri mulozimlari va undan keyingi korrupsion sxemalarga doir surishtiruvlarini davom ettiradi.

XS
SM
MD
LG