Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:32

Kattaqo‘rg‘on: Mahalla raislariga aholidan 20 mln. so‘mdan soliq yig‘ish topshirildi. Raislar norozi


MFY raislari aholidan soliq yig‘ishga majburlanayotganiga norozilik bildirmoqda
MFY raislari aholidan soliq yig‘ishga majburlanayotganiga norozilik bildirmoqda

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) raislaridan bir guruhi Ozodlikka murojaat qilib, soliq yig‘ishga majburlanayotganidan shikoyat qildi.

MFY raislariga ko‘ra, ular uyma-uy yurib, jismoniy shaxslarning to‘lanmagan mol-mulk va yer solig‘ini undirishga majburlanmoqda.

Har bir MFY raisiga 1 - aprelga qadar 20 million so‘mdan soliq yig‘ish topshirilgan. Aks holda, mahalla raislari ularga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinganiga norozilik bildirdi.

Kattaqo‘rg‘on Mahalla jamg‘armasi raisi Sherzod Po‘latov MFY raislari soliq yig‘ishga majburlanayotganini inkor qilishga urindi. Po‘latovga ko‘ra, MFY raislari soliq undirishda faqat targ‘ibotchi rolini bajarmoqda.

MFY raislari: Bizni 20 million so‘mlik soliq yig‘ishga majburlashmoqda

Ozodlikka bog‘langan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi MFY raislari soliq yig‘ishga majburlanayotganidan shikoyat qilib, buni to‘xtatishni so‘rashdi.

“Biz tumandagi 69ta mahalla raislari nomidan murojaat qilyapmiz. Kattaqo‘rg‘on tuman Mahalla jamg‘armasi raisi Sherzod Po‘latov har bir mahallani 20 million so‘mdan soliq terishga majbur qilmoqda. 1 -aprelga qadar bu pulni yig‘magan mahalla raisiga oy oxirida chora ko‘rilishini aytdi. Aholidan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini terib chiqishimiz kerak ekan. Biz mahalla raislari soliq tersak, tumandagi DSI xodimlari nima ish bilan shug‘ullanadi? Qachongacha bizdan xalqni qiynash quroli sifatida foydalanishadi?”, deydi Kattaqo‘rg‘ondagi MFYlaridan birining raisi.

Ozodlik Kattaqo‘rg‘ondagi o‘nga yaqin MFY raislari bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi ishdan haydalish va yuqori tashkilotlar bosimiga uchrashdan qo‘rqib, o‘z shaxslari sir saqlanishini so‘rashdi.

“Aholi o‘zi zo‘rg‘a pandemiyadan chiqdi. Uning ustiga odamlarning g‘amlagan oziq-ovqati tugagan payt bo‘lsa. Ishsizlik bo‘lsa. Biz qanday qilib odamlardan soliq undiramiz? Hozir odamlarning hatto un olishga ham puli yo‘q, mahalladagi do‘konlardan oziq-ovqatni qarzga olib kun ko‘rishmoqda. Kim bizga pul beradi? Qayerdan olib beradi?”, deydi yana bir MFY raisi.

Boshqa bir MFY raisi ularga bosim qilinayotganini aytib, bunga noroziligini bildiradi:

“Tuman Mahalla jamg‘armasi raisi Po‘latov agar “1 -aprelgacha 20 million so‘m soliq termasang, chora ko‘ramiz” deb bosim qilyapti. Ishdan bo‘shatarmish, yana majlislarda hokimga yomonlab, yomonotliq qilib qo‘ydi. Yana “mahallaga yordam bermayman. Obodonlashtirish ishlariga hech narsa bermayman”, deb qo‘rqitdi. Agar 20 million soliq tersak, mukofot berarmish. “Shifer beraman, asfalьt qilishga yordamlashaman” dedi. Hozir zamon o‘zgargan bo‘lsa, nega bosim qiladi bizga? Noroziligimizni o‘ziga ochiq ayta olmaymiz, darrov aybingni topib, ishdan bo‘shatadi”.

Yana bir MFY bu yil soliq xodimlari umuman mulk va yer solig‘i yig‘ishga aralashmaganini aytadi:

“Har yili mulk va yer solig‘ining ma’lum qismini soliqchilarning o‘zi terardi. Qolganiga biz qarashardik. Bu yil umuman soliqchilar kelmadi. Hamma soliqni mahalla raislari terishi kerakmish. Biz odamlarni majburlab soliq terishimiz kerak ekan. Odamlarni “yeringni olib qo‘yadi, 2-3 barobar jarima soladi” deb qo‘rqitib, soliq pulini olishimiz kerakmish”.

Yarim tundagi majlis

Ozodlik suhbatlashgan MFY raislariga ko‘ra, prezident tomonidan majlisbozlikka chek qo‘yilishi talab qilinganiga qaramay, ularni yarim tunda majlisga chaqirish ham davom etmoqda:

“13 - mart kuni soat 19:45da tumandagi 69 ta mahalla raisi uchala xodimini olib tuman Mahalla jamg‘armasi binosiga bordi. Jamg‘arma raisi Sherzod Po‘latov majlis qildi. Shu kuni bizga soliq terishimiz shartligi aytildi. Majlis ikki soat davom etdi. Ikki soat tik oyoqda turdik. O‘tirishga joy yo‘q edi. Oramizda yoshi katta qariyalar, ayollar bor edi. Hammani tik oyoqda majbur qilib, olib o‘tirdi. Muhtaram yurtboshimiz majlisbozlikni qisqartish haqida televizorda necha marta gapirdi. Nima prezidentning ogohlantirishlari bizning Kattaqo‘rg‘onga ta’sir qilmaydimi?”.

Tasdiq va inkor

Ozodlik 17 - mart kuni Kattaqo‘rg‘on tuman Mahalla jamg‘armasi raisi Sherzod Po‘latov bilan telefon orqali bog‘landi. Po‘latov 13 - mart kechasi majlis o‘tkazganini tasdiqladi. Biroq majlisda soliq yig‘ish emas, Navro‘z bayramini o‘tkazish masalasi muhokama qilinganini aytdi.

Ayni paytda Po‘latov MFY raislari soliq yig‘ishga majburlanayotganini inkor qilishga urindi:

“Hech kim majburlanmayapti. Men bunday topshiriq berganim yo‘q. Mahalla raislari soliq xodimlari bilan birga yurib, targ‘ibot ishlarini olib boryapti xolos. Bu mahalla raislari vazifasiga kiradi”.

Kattaqo‘rg‘on tuman soliq inspeksiyasining Ozodlik bog‘langan xodimi tumandagi yuridik va jismoniy shaxslardan har qanday ko‘rinishdagi soliq faqat soliq xodimlari tomonidan yig‘ilayotganini aytish bilan cheklandi.

O‘zbekistonda yillardan beri mahalla raislari, o‘qituvchilar va bankirlar soliq yig‘ish kampaniyalariga jalb qilib kelinadi.

XS
SM
MD
LG