Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:14

Katya, Masha va Vladimir Putin. Rossiya prezidenti ilk bor qizlari bilan ko‘rinish berdi


Katerina Tixonova, Vladimir Putin va Marina Voronsova (chapdan o‘ngga)
Katerina Tixonova, Vladimir Putin va Marina Voronsova (chapdan o‘ngga)

Bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida “tarixiy voqea” yuz berdi: Rossiya prezidenti Vladimir Putin ilk bor o‘z farzandlari – Katya va Masha bilan birga tadbirda ishtirok etdi. Ular Putinning rasman hozircha tan olinmagan qizlari bo‘lib, biri – Tixonova, ikkinchisi Voronsova familiyasida.

“Ozodlik” radiosi rus xizmati Putin qizlarining mutaxassis va rahbar sifatidagi ahamiyati, ularning birinchi marta bu taxlit ommaviy ko‘rinish berishi sabablari va bundan ko‘zlangan maqsad xususida Karnegi fondi tahlilchisi Andrey Kolesnikov, “Insayder” jurnalisti Sergey Yejov hamda teletanqidchi Aleksandr Melmanlar bilan suhbatlashdi.

Sergey Yejovga ko‘ra, bu ikki ayol Putinning qizlari ekanligi endilikda “sirligi qolmagan sir”. Shunga qaramay, ularning otasi bilan birga Forumda ishtirok etgani katta voqea bo‘lgan. Ammo Rossiya prezidenti hozircha “faqat qonuniy nikohdan tug‘ilgan” bolalarini ko‘rsatish bilan cheklanib qolmoqda.

“Hamkasblarimiz o‘tkazgan surishtiruvlarga ko‘ra, Putinning Piterda kamida bir nafar nikohsiz tug‘ilgan qizi bor. Yana Alina Kabayevaning ehtimol bir necha farzandi bo‘lishi mumkinligini ham yoddan chiqarmaslik kerak”, deydi u.

Karnegi fondi tahlilchisi Andrey Kolesnikov bu voqeani Putinning mamlakat boshqaruvini avlodlariga berayotgani nishonasi sifatida ko‘rganini aytadi. “Bir paytlar Nazarboyev va Karimov shunday yo‘l tutgan edi, Lukashenko shunga hozirlik ko‘rmoqda, mana endi Putin ham”, deya o‘z mulohazasini bildirgan Kolesnikov.

Rossiya rahbarining ikkala ehtimoliy qizi ham yuqori lavozimlarni egallab, professional faoliyat bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, Yekaterina Tixonovaning ishi bu borada ko‘proq qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Zero, u Matematik tadqiqotlar instituti tarkibidagi Milliy intellektual zaxiralar markazi rahbaridir.

Darvoqe, Tixonovaning bevosita boshlig‘i bo‘lmish Institut direktori Sadovnichiy ayni paytda MDU rektori ham. Bu lavozimga uni Putinning o‘zi, akademik ta’lim qoidalariga xilof ravishda qayta tayinlagan edi...

“Birinchi shaxs qizlari”ning professional jihatlariga to‘xtalarkan, Kolesnikov, xususan, kasbi endokrinolog bo‘lgan Mariya Voronsovaning iqtisodiy forumda spikerlik qilishi g‘alatiroq bo‘lib, ehtimol, u ilk marta katta mediadavrada paydo bo‘lgani uchun o‘zini bir oz noqulay sezganiga qaramay, har holda mulohazali ko‘ringanini, ya’ni “so‘zlayotgan so‘zining ma’nosini bilishi aniq”ligini aytadi.

Yuqorida eslatganimizdek, garchi sir allaqachon fosh etilgan bo‘lsa-da, Putinning o‘zi qizlarini rasman tan olmagan. Qator mustaqil OAV vakillari turli paytlarda Rossiya prezidentiga shu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berib, tilidan tutishga uringan bo‘lsa ham, bundan natija chiqmagan. Masalan, so‘nggi katta matbuot anjumanida Bi-bi-si muxbiri Farida Rustamova Putindan “Yekaterina Tixonova sizning qizingizmi?” deb tikka so‘raganida ham u aravani quruq olib qochgandi.

“Ozodlik” muxbiri shularni nazarda tutgan holda teletanqidchi Aleksandr Melmanga yuzlanib, rossiyalik jurnalistlar shu savolni qizlarning o‘zlariga bera olishi-olmasligi haqida so‘radi.

“Yo‘q, bu tabu. Yozilmagan qonun-qoidalarni hamma biladi. “Siz o‘shami?” deb savol bergan jurnalistning holiga voy. 2008 - yilda Alina Kabayeva bilan Putin turmush qurishgani haqida yozgani uchun ochilganiga ikki oy to‘lmasdan yopilib ketgan "Moskovskiy korrespondent" gazetasining taqdiri rossiyalik jurnalistlarga unutilmas saboq bo‘lgan”, deb javob berdi teletanqidchi.

Forum doirasida kechgan suhbatlardan birida Tixonova, chet el investitsiyasini jalb qilish haqida gapirarkan, bir ismni tilga oldi: Kirill Aleksandrovich. OAVda uni Kirill Aleksandrovich Dmitriyev, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi raisi o‘laroq tanishadi. Eng muhimi, ko‘pchilik uni “Putinning vorisi” deb hisoblaydi.

Sergey Yejov uning shaxsiga va prezidentning unga nisbatan husni tavajjuhiga oydinlik kiritib berdi.

“Darhaqiqat, Dmitriyev birinchi shaxs oilasiga juda yaqin. Uning xotini Tixonova bilan dugona, Yekaterina Tixonova bilan Kirill Shamalovlarning nikoh to‘yida ishtirok etgani bizga ma’lum. Anchadan beri u Rossiyaga keladigan eng yirik pul oqimini nazorat qiladi. Qanaqadir vazir yoki prezident ma’muriyati amaldori emas, rasmiy lavozimda bo‘lmagan odamga bu qadar vakolat berilishi juda aniq signal. Ya’ni, bo‘lg‘usi voris bo‘lmagan taqdirda ham, shubhasiz, Putin sevgan, u nihoyatda katta ishonch bildirgan va shaxsan homiylik qiladigan kishilardan biri bu Dmitriyev. Davlat uchun amaliy jihatdan g‘oyat foydali kadr”, deydi Yejov.

Yana ayrim taxminlarga ko‘ra, qizlarning otasi bilan birga ko‘rinish berishi Putin imijini yaxshilashga qaratilgan piar-kampaniya bo‘lishi mumkin. Bu bilan go‘yo jamoatchilikka: “Mana, ko‘rib qo‘yinglar, bu prezidentning farzandlari. Ammo ular xorijda yallo qilib yurishgani yo‘q. Ular shu yerda, Rossiyada va Rossiya manfaatlari uchun mehnat qilmoqda”, demoqchi bo‘lishgan.

XS
SM
MD
LG