Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:37

Kimniki qimmatroq: Prezident kuyovi davlatning 51 millioniga Mont Blanc stol jihozi sotib oldi


Shavkat Mirziyoyevning ikkala kuyovi - Otabek Umarov (o‘ngdan birinchi) va Oybek Tursunov (o‘ngdan ikkinchi) hashamatli hayot tarziga o‘chligi bilan tanilgan. Kuyovlar pandemiya cheklovlari paytida xususiy uchoqdagi sayohatini ko‘z-ko‘z qilmoqda
Shavkat Mirziyoyevning ikkala kuyovi - Otabek Umarov (o‘ngdan birinchi) va Oybek Tursunov (o‘ngdan ikkinchi) hashamatli hayot tarziga o‘chligi bilan tanilgan. Kuyovlar pandemiya cheklovlari paytida xususiy uchoqdagi sayohatini ko‘z-ko‘z qilmoqda

Mudofaa vazirligining har biri 15 million so‘m bo‘lgan oltin qoplamali ikki ruchkani sotib olgani shu kunlarda o‘zbek jamoatchiligini junbushga solmoqda.

Davlat xaridlari portalida qo‘yilgan bu buyurtma blogerlar va o‘zbek tilli tarmoq muhokama qilayotgan top mavzulardan biriga aylandi.

Ayni paytda Ozodlik ixtiyoridagi rasmiy hujjat O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi amaldori¸ Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov soliq to‘lovchining 51 million so‘miga qimmatligi bilan nom chiqargan Mont Blanc ruchkasi sotib olganini ko‘rsatadi.

Bu xarid 2018 - yili amalga oshirilgan. Ayni paytda O‘zbekiston aholisining uchdan biri qashshoqlikda yashaydi. Mamlakatda, hatto, qashshoqlikni qisqartirish bilan shug‘ullanadigan vazirlik ham ta’sis etilgan.

Davlat xaridlari ochiq va shaffof mamlakatlarda soliq to‘lovchi pulining nimaga sarflanayotgani ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan. Bunday tartib O‘zbekistonda yo‘q.

Har biri 15 million so‘m turadigan oltin qoplamali ikkita ruchka sotib olgan Mudofaa vazirligi "mahsulot vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xarid qilinishi ko‘zda tutilgan"¸ degan izoh bilan cheklandi.

Davlat byudjetiga faoliyat yurg‘izadigan hokimlik¸ vazirlik yoki boshqa tashkilotlarning "byudjetdan tashqari mablag‘i" manbasi¸ qancha shunday mablag‘i borligiga esa mutlaq izoh berilmaydi.

Oybek Tursunov va Mont Blanc to‘plami

Davlat xaridlari portaliga 2018 - yilning 15 - oktabr sanasi bilan qo‘yilgan xaridlardan bittasi ikki jihati bilan ahamiyatli.

Birinchisi¸ bu hujjat Shavkat Mirziyoyev o‘z to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov Prezident administratsiyasi Moliya-xo‘jalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining bosh direktori etib tayinlaganini ko‘rsatadi.

Xorijiy va mahalliy matbuot Tursunovga qaynotasi administratsiyadan amal bergani haqida norasmiy manbalarga tayanib ,yozgan bo‘lsa¸ bu hujjat Oybek Tursunovning 2018 - yilgi rasmiy amali nimaligini ochiq ko‘rsatadi.

Ikkinchisi¸ to‘ng‘ich kuyovning Shveysariyaning dunyodagi eng qimmat brendlardan bo‘lgan Mont Blanc ruchkasiga ishqibozligini ko‘rsatadi.

Mont Blanc peroli ruchkasi.
Mont Blanc peroli ruchkasi.

15 - oktabr kuni imzolangan 1/10 sonli kelishuv predmeti ish stoli ustiga qo‘yiladigan Mont Blanc to‘plami.

Davlat nomidan (davlat puliga) buyurtma bergan Oybek Tursunov. Bu to‘plamni Prezident administratsiyasi mulozimi Mont Blanc yoki uning rasmiy dileri emas¸ balki “xususiy tadbirkor” deb tasniflangan qandaydir Kim N.S.dan sotib olgan.

Kelishuvda bu xaridning kim uchun¸ (masalan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti )nima maqsadda sotib olinayotgani¸ nega aynan o‘rtasha Kim degan shaxsdan olinayotganiga izoh berilmagan.

Bundan esa¸ Oybek Tursunovning bu qimmatbaho dekorativ to‘plamni qaynotasidan ko‘ra ko‘proq o‘zi uchun olganini taxmin qilish mumkin.

Ayni paytda¸ kelishuvning “xarid 2018 - yil 31 - dekabr kunigacha yetkazib berilishi shart” deyilgan bandidan¸ davlat puliga olinayotgan bu hashamatli to‘plamning kimgadir sovg‘a qilish uchun buyurilganini ham taxmin qilish mumkin.

Mont Blanc to‘plami¸ kelishuv tafsilotiga qaraganda¸ konvert ochishga mo‘ljallangan pichoq¸ xatlar uchun podstavka¸ press-papye (stoldagi qog‘ozlar sochilib ketmasligi uchun ishlatiladigan og‘ir metaldan qilingan dekorativ jihoz)¸ ruchka uchun podstavka (qalamdon?), bitta pero va bitta sharikli ruchka¸ stolga qo‘yiladigan byuvar (qalamdon tagiga to‘shaladigan kichik gilamcha) va bir dona rasm qo‘yadigan ramkadan iborat.

Davlat amaldori stolining bir chekkasida turadigan asosan dekorativ bu to‘plam uchun soliq to‘lovchi 51 067 500 so‘m to‘lagan. Markaziy bankning 2018 - yil 15 - oktabr kungi kursi bo‘yicha¸ bu 6221.6 AQSh dollariga teng.

Qiyos uchun - Mudofaa vazirligi 2021 - yilning 9 - iyun kuni buyurtma bergan ikki oltin halli ruchka narxi (2830 dollar)dan¸ qariyb ikki baravar qimmat.

Bu Prezident administratsiyasi¸ xususan¸ uning Moliya-xo‘jalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasi bosh direktori Oybek Tursunov buyurtma bergan davlat xaridlaridan faqat bittasi¸ xolos.

Bu direktsiya¸ umumiyatla¸ Prezident Administratsiyasi xarajatlari uchun davlat byudjetidan qancha mablag‘ sarflanayotgani jamoatchilikka ochiqlanmay kelmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning ikkala kuyovi¸ uning salafi Islom Karimov davrida misli ko‘rilmagan shaklda¸ qaynotasi hokimiyatga kelishi bilan davlat idoralarining yuqori lavozimlariga tayinlandi.

Oybek Tursunov 2017 - yili Prezident Administratsiyasi Moliya-xo‘jalik departamenti Davlat rezidensiyalari direksiyasining bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Tursunovning hozirda ham bu lavozimda qolgan-qolmayotgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ikkinchi kuyov Otabek Umarov esa Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimini egallab kelmoqda.

Uning Tesla mashinasidagi tungi poygasi¸ MMA kurashchisi eski futbolkasini 100 ming AQSh dollariga sotib olib¸ o‘ziga qarashli BeFit klubi devoriga osib qo‘ygani o‘zbek jamoatchilikni junbushga solgan edi.

Ikkalasi ham davlat amaldori bo‘lgan prezident kuyovlarining hashamatli hayot tarziga sarflayotgan puli manbai sir bo‘lib qolmoqda - Mirziyoyev va’dalariga qaramay¸ O‘zbekistonda davlat amaldorlari daromadini deklaratsiya qilish haqidagi qonun hozirgacha qabul qilinmay kelmoqda.

XS
SM
MD
LG