Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:41

Klaster fermerlardan birinchi navga qabul qilgan paxtaga past narxda haq to‘layapti


“Sayyora favvorasi” MChJ o‘tgan yili ham fermerlarning paxtasiga kam haq to‘lagan edi
“Sayyora favvorasi” MChJ o‘tgan yili ham fermerlarning paxtasiga kam haq to‘lagan edi

Andijon viloyat, Bo‘ston tumanilik fermerlarning aytishicha, tumandagi klaster korxona - “Sayyora favvorasi” MChJ fermerlar paxtasi narxini sun’iy ravishda pasaytirib, haq to‘lamoqda.

Bu holat, Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarga ko‘ra, ikkinchi yil davom etmoqda, ya’ni klaster paxtani birinchi nav, ikkinchi sinfga qabul qilib olgan, ammo ikkinchi nav, birinchi sinf sifatida haq to‘lagan.

Klaster rahbarlari Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zini olib qochdi.

Bo‘stonlik fermerlarning iddao qilishicha, ular klasterning bu “o‘yini”dan o‘nlab million so‘m zarar ko‘ryapti.

“Oybek” fermer xo‘jaligi rahbari Yo‘lchiboy Tursunovning aytishicha, prezident fermerlarning mehnati samaradorligi oshishi va ularning ko‘proq manfaatdor bo‘lishi haqida qayg‘urib, bir qancha qaror chiqargan, ammo klaster dehqonlarning mehnat haqidan urib qolishda davom etmoqda:

150 tonna paxta topshirgan bo‘lsam, 60 million so‘m zarar ko‘ryapman

“Sayyora favvorasi” klasteri 2019 - yildan buyon paxta pulini to‘liq bermaydi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan e’lon qilingan narxlarga tupirib qo‘ygan. Har yili bir kilo paxtamizning narxidan 350-400 so‘mdan yo‘qotyapmiz, bu yil ham shunday bo‘ldi. Belgilangan narxga ko‘ra, 1 nav, 2 sinf, “Andijon-35” paxtaning xarid narxi 6850 so‘m. Paxta punkti xuddi shunday sifatda qabul qilib olgan va bunga hujjat ham bergan. Ammo klaster 2 nav, 1 sinfdagi “Andijon -37-36” da qabul qilib olyapti. Bu xil paxtaning narxi esa 6512 so‘m. Har kilo paxtadan 338 so‘m yo‘qotdim. 150 tonna paxta topshirgan bo‘lsam, 60 million so‘m zarar ko‘ryapman”.

Fermerning aytishicha, tumanda 108ta paxtachilik fermer xo‘jaligi bor. Agar ulardan ham asossiz kamaytirilgan paxta puli hisoblansa astronomik mablag‘ hosil bo‘ladi.

“Amrillo” fermer xo‘jaligi rahbari Hikmatillo Qodirovning aytishicha, suv tanqisligiga qaramay qattiq azob bilan yetishtirgan paxtasiga kam haq to‘langan:

Mehnatga yarasha haq to‘lanmasa odamga og‘ir botadi ekan

“Kilosiga 6512 dan berdi. 180 tonna topshirdik. Mening erim “Yangi hayot”degan joyda, oxirida, suv bormaydi. Zovurdan ariqqa tashlayman suvni, paxta paytida motorlarim kuyib ketdi. 100 million so‘m pul sarfladim. Klasterga ham, suv xo‘jaligiga ham aytganman, hech qanday yordam yo‘q. Ayniqsa paxtani shunchalik qiyinchilik bilan yarataman, molim o‘t yeydigan joyga ham paxta ekaman, to‘g‘risi. Mehnatga yarasha haq to‘lanmasa odamga og‘ir botadi ekan”.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasdiqlagan paxta xarid narxi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasdiqlagan paxta xarid narxi.

Ozodlik suhbatlashgan yana to‘rt nafar fermer ham paxtasini birinchi nav ikkinchi sinfga topshirgani, ammo klaster ikkinchi nav birinchi sinf haqini to‘laganini aytdi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining paxta narxi haqida viloyat va tumanlarga yuborilgan maktubida minimal narx haqida shunday yozilgan:

“O‘zbekistonda yetishtirilgan to‘rtinchi tip ikkinchi nav birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga 6 512 ming so‘mni tashkil etadi”.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining paxta narxi haqidagi maktubi
Qishloq xo‘jaligi vazirligining paxta narxi haqidagi maktubi

Bo‘stonlik fermerlardan esa paxta beshinchi tip, birinchi nav ikkinchi sinfda qabul qilib olingan va bunda vazirlik taqdim qilgan ro‘yxatga ko‘ra bir tonna paxtaning narxi 6 850 ming so‘m qilib ko‘rsatilgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, “Sayyora favvorasi” MChJ klaster korxonasi rahbarlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilab bergan narxlarga “tupurib qo‘yib”, o‘zi xohlagan narxda pul to‘layapti:

“Klaster rahbari Botir Qodirov paxta pulini kam to‘lashdagi 300-400 so‘mlik farqdan birgina Bo‘ston tumanida 2020 - yilda 7 milliard, 2021 yilda 10 milliard so‘m urib qolyapti. Klasterdan hamma norozi, lekin qo‘rqqanidan hech kim e’tiroz qilolmaydi. Botirboyni Oltinko‘l tumanida ham klasteri bor, oltinko‘lliklarga ham o‘tgan yili paxta pulini kam to‘lagan edi, biroq oltinko‘llik fermerlar klaster bilan sudlashib yutib chiqishdi va klaster ularga e’lon qilingan minimal narxda to‘lashga majbur bo‘ldi. Botirboy viloyat kengashi deputati, o‘zi deputat bo‘la turib Prezident qarorlarini, hukumat topshiriqlarini bajarmayapti. Fermerlarni har tomondan ezmoqda”.

Ozodlik “Sayyora favvorasi” MChJ rahbari Botir Qodirovga qo‘ng‘iroq qildi, ammo uning telefoni o‘chirilgani bois bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

“Sayyora favvorasi” MChJning Bo‘ston tumanidagi vakili Akmal Rahmonov Ozodlikning savolini eshitishi bilan, “bu telefonda gaplashadigan gap emas”, deb aloqani uzib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Klaster korxonasi yuristi Komil ismli shaxs, Ozodlikka "yurist emas, balki korxonada oddiy operator bo‘lib ishlashi va savollarga javob berish vakolati yo‘q"ligini aytdi.

“Sayyora favvorasi” MChJ klaster korxonasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilagan narxdan past narxda haq to‘lagani haqida Ozodlik 2020 - yilning dekabr oyida ham xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG