Buxoro viloyatidagi “WWW Romitex MChJ” klaster korxonasi fermerlarning paxta pulini to‘lamayapti.
Bu haqda arz qilgan fermerlarning aytishlaricha, ular hisobida pul yo‘qligi uchun ular bankdan olgan kreditiga har oyda millionlab so‘m ortiqcha foiz to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
“WWW Romitex MChJ” klaster korxonasi ish yurituvchisi va bosh hisobchisi Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.
O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham klasterlar paxta pulini berishni ortga surgani sabab fermerlar kreditining foizi ko‘payib bormoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumanida fermerlik qilayotgan Shuhrat Razzoqovning aytishicha, paxta topshirish shartnomasini bajarganiga ikki oy bo‘layotganiga qaramasdan, “WWW Romitex MChJ” klaster korxonasi paxta pulini bermagani sabab u bankdan olgan kreditiga ortiqcha pul to‘layapti:
Har oy xo‘jaligimga bir million so‘mdan ko‘p zarar bo‘lyapti, bu bitta ishchimning oyligi.
- 2020 - yilgi paxta hosili uchun Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan banklar 10 foizlik kredit bergan, avvalgi yillar 3-5 foizlik edi. Masalan men 131 million so‘m kredit olganman. Hozirgacha 9 million so‘m foiz tug‘di. Buni to‘lab berdim. 14 -oktabrda shartnomadagi paxtani topshirib bo‘lgan edim, lekin shu paytgacha bir so‘m ham pul bergani yo‘q. Hech bo‘lmaganda bankdan olgan kreditimizni qoplab berib turinglar, bekordan bekorga fozi tug‘yapti, deb ikki marta klasterga murojaat qildim. Har oy xo‘jaligimga bir million so‘mdan ko‘p zarar bo‘lyapti, bu bitta ishchimning oyligi, desam, pulimiz yo‘q deydi. Ie, pullaring bo‘lmasa klaster bo‘lib nima qilasizlar, desam, javob berishmaydi.
Shuhrat Razzoqovga ko‘ra, klaster bilan ishlashni boshlaganidan buyon fermerlar og‘ir sharoitga tushib qoldi:
Axir bu nima degan gap, shuncha mehnat qilib paxtasini topshirgan dehqonning cho‘ntagida puli bo‘lmasa, ishi qanday yurishadi uni?
- Uyat bo‘lsa ham aytaman. 13 -dekabr kuni qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini fermerlar o‘zimiz tuman markazida yig‘ilib, nishonladik. Ishonasizmi, 100 ming pul topib berishga qiynaldik. Axir bu nima degan gap, shuncha mehnat qilib paxtasini topshirgan dehqonning cho‘ntagida puli bo‘lmasa, ishi qanday yurishadi uni? Dehqonni bunchalik xo‘rlash kerak emas-da. Tushunib bo‘lmaydi klasterning qilgan ishiga. Yana hokimlik bu yoqdan talab qiladi, shudgorni tugatish kerak, yerning sho‘rini yuvish kerak, qaysi hisobga qilamiz? Hokimiyat ham klasterni himoya qilib, MTPlarni nasiyaga yerni haydab berishga majburlayapti. Ular ham xususiy, ular ham zapchast oladi, tarktorchisining ish haqi bor.
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa buxorolik fermerning aytishicha, klaster shartnomadagi muddat - 31 - dekabrgacha pulni to‘lashni bahona qilmoqda:
Kreditlarimiz foiz tug‘ib yotipti, hech bo‘lmasa kreditni yopishga pul beringlar!
“Kreditlarimiz foiz tug‘ib yotibdi, hech bo‘lmasa, kreditni yopishga pul beringlar, deb arz qilib borsak shartnomada 31 - dekabrgacha deyilgan, deb javob beradi. 31 - dekabrgacha degani aynan o‘sha oxirgi kun to‘lansin, degani emasku. Davlat bilan ishlaganimizda birinchi navbatda, bankdagi kreditimizni foiz tug‘masin, deb qoplab berardi. Klaster ish yurituvchisiga aytdim, axir, biz kreditni bankdan olgan bo‘lsak, paxtani yetishtirib o‘zimizning qo‘limiz bilan sizlarga oborib bergan bo‘lsak, bizning gunohimiz nima? Dami chiqmaydi”.
“WWW Romitex MChJ” klaster korxonasining Shodmon ismli bosh hisobchisi va Nodir ismli ish yurituvchisi Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng, aloqani uzib qo‘ydi.
Klasterlarning paxta pulini to‘lamayotgani sabab fermerlarning bankdan olgan kredit foizlari ko‘payib borayotgani holati birgina Buxoroda emas, boshqa viloyatlarda ham kuzatilmoqda.
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, “Sangzor Textil” klaster korxonasi shu paytga fermerlar bilan hisob-kitob(akt sverka)ni hanuz qilib bo‘lgani yo‘q:
“Klaster fermerlarni bankrot qilib bo‘ldi. Hozir to‘qson foiz fermerlar qarz bilan chiqyapti. Bu ham yetmagandek, kreditlarimiz foiz tug‘ib yotibdi. Hech bo‘lmasa, o‘shani ham yopib beray, demaydi. Davlat bilan ishlaganimizda kredit imtiyozli, 3 foizli edi. Endi esa 10 foiz to‘lashimiz kerak, lekin pul yo‘q!”
Sirdaryo viloyati “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” korxonasidan paxta pulini ololmagan fermer ham klaster ular oldiga majburiyatini umuman bajarmayotganini aytadi:
“Klaster bo‘lmadi, balo bo‘ldi. Sentabr oyida men shartnomani bajarib bo‘lganman. Mana uch oy o‘tyapti, bir so‘m ham bergani yo‘q. Bir yoqda kredit tug‘ib yotibdi, bir yoqda lizing telefon qilyapti, texnikani pulini to‘lamasang, olib qo‘yamiz, deb. Pulimiz bo‘lsa ma ol, derdik. Pulimizni klaster bermasa, qaerga borib dardimizni aytaylik, dedim”.
Klaster korxonalari O‘zbekistonda 2017 - yildan boshlab shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tuzila boshladi.
O‘tgan uch yil davomida klaster bilan ishlagan fermerlardan klaster fermerlar oldidagi o‘z majburiyatini bajarmayotgani, hosil puli va bo‘nak puli o‘z vaqtida yetkazib berilmagani haqida Ozodlikka o‘nlab shikoyat bo‘lgan edi.
Fermerlar klasterlar o‘z mablag‘lari bilan bu tizimga kirib kelmagani va banklardan katta miqdorda kredit olib ishlayotgani uchun ham mahsulotlar pulini o‘z vaqtida to‘lay olmayotganini aytadilar.
Ozodlik o‘tgan uch yil davomida klasterlar va fermerlar o‘rtasida yuzaga kelgan muammolar haqida bir necha surishtiruv va maqolalar e’lon qildi.
Ozodlik suhbatlashgan fermerlar, klasterlar paxtani aslidagidan ancha past sortlarda qabul qilib, kam haq to‘layotgani, turli bahonalar bilan fermerlar haqini “ham bo‘yidan, ham enidan urib qolayotganliklari"ni aytishgan.
Paxta xarid narxining o‘tgan yilga nisbatan bor-yo‘g‘i o‘rtacha 5-6 foizga oshirilgani, ayni paytda mineral o‘g‘it narxlari 50-60, yonilg‘i esa 20-30 foizga oshgani sabab bu yil, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, paxtakor fermerlarning 70-80 foizi qarz bilan chiqmoqda.