Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:35

“Koreyaga pora bilan” - Tashqi migratsiya mansabdorlariga qarshi jinoyat ishi ochilgan   


O‘zbekistondan har yili minglab o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jo‘naydi.
O‘zbekistondan har yili minglab o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jo‘naydi.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Tashqi migratsiya agentligi mansabdorlariga qarshi ochilgan jinoyat ishi doirasida agentlik faoliyatini taftish qilmoqda.

Ozodlikka sizdirilgan tergov hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligi mansabdorlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Agentlikning rahbari Afzal Irmatov dohil kamida uch nafar mansabdori 2-yanvar kuni so‘roqqa chaqirtirilgan. Ba’zilariga nisbatan qamoqqa olish extiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabarlar bor.

Tashqi migratsiya agentligining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimlaridan biri 3-yanvar kuni agentlik binosida DXX tintuv o‘tkazganini aytdi.

Xodimga ko‘ra, agentlik rahbari Afzal Irmatov 2-yanvar kunidan beri ish joyida ko‘rinmagan, uning hibsga olingani haqida gap-so‘zlar bor.

Uning iddaosicha, agentlikning uch nafar mulozimiga korrupsiya bilan bog‘liq soxta ayblov qo‘yilgan.

“Ular tepadagilarning aybini yashirish maqsadida qurbon berilmoqda”, - deydi manba.

O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligi mansabdorlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi bo‘yicha ish ochilgan.
O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligi mansabdorlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi bo‘yicha ish ochilgan.

Bundan oldin O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Migratsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Abduazimovning hibsga olingani haqida mahalliy nashrlar xabar bergandi.

Ozodlikning Tashqi migratsiya agentligidagi manbasiga ko‘ra, Abduazimov 2022-yilning 20-dekabr kunidan beri hibsda qolmoqda.

Tashqi Migratsiya agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov ta’tilda ekani, tergov harakatlari va jinoyat ishi haqida xabardor emasligini aytdi.

“Kimningdir ishxonada bor yoki yo‘q bo‘lishi bu u qamaldi, degan xulosa chiqarish kerak degani emas. Agar vakolatli tashkilotlar tomonidan qandaydir ishlar boshlangan bo‘lsa, bu haqda faqat ushbu tashkilotlarning o‘zlari izoh berishga vakolatli, deb o‘ylayman.Men qandaydir tergov yoki jinoyat ishi haqida xabardor emasman”, - dedi Ortiqxo‘ja Norov 5-yanvar kuni.

Hozircha O‘zbekistondagi biror nashr¸ qolaversa¸ Bosh prokuratura matbuot xizmati Tashqi Migratsiya rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar tarqatmadi.

Tashqi migratsiya agentligidagi ommaviy hibslar yuzasidan O‘zbekiston bosh prokuraturasidan izoh olish urinishlari besamar bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

“Denovliklar ishi”

Ozodlik manbasiga ko‘ra, tashqi migratsiya mansabdorlariga qarshi tergov harakatlari “Denovliklar ishi” deya atalmish janjal ortidan boshlangan.

Avgust oyida 102 nafar fuqaroning qonuniy asoslarsiz imtixondan chetlatilishi janjalga sabab bo‘lgan edi.

Ba’zilari Tashqi migratsiya agentligini korrupsiyada ayblab, Toshkentda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosi oldida norozilik piketi ham o‘tkazishgandi.

Agentlik xodimlari ularni ataylab imtixondan chetlatgani haqida arz qilishgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu da’volar yuzasidan ichki tekshiruv o‘tkazishni tayinlagan edi.

Ozodlikka sizdirilgan ichki tekshiruv hujjatlarida keltirilishicha,, Surxondaryoning Denov tumanidan bo‘lgan yuzdan ziyod fuqaro Janubiy Koreyaga ishga ketish maqsadida o‘tgan yilning avgust oyida “Eps-Topik” imtixoni birinchi bosqichidan o‘tgan.

Ammo, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” markazi binosida Koreya tomoni vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ikkinchi malaka testi (Skill test)idan o‘tolmaganlar .

Testdan o‘tolmagan fuqarolar buning sababini Koreya vakillaridan so‘rashganida ular agentlik tomonidan 100 nafardan ortiq fuqaroning ism-familiyasi yozilgan va ishga olinmasligi so‘ralgan “qora ro‘yxat” shakllantirilib, Janubiy Koreya tomoni vakillariga berilganini ma’lum qilgan.

Shu yuz fuqaro orasida bo‘lgan denovliklardan birining Ozodlikka aytishicha, "ranglarni farqlay olmaysan"deya uni imtixondan o‘tkazishmagan.

“Men buni noto‘g‘riligini keyin isbotlab berdim. Bildikki, ularga ro‘yxat berishgan, agentlikda kimdir shuni qilgan, shu ro‘yxat asosida meni daltonikka chiqarishgan. Kim Koreyaga ishga borishini, kim bormasligini agentlikni odamlari har qilar ekan. Bilasiz Koreyaga ishga ketish uchun 5 ming kvota ajratilgan. Yiliga yuz mingdan ziyod odam hujjat topshiradi. Pora berganlar o‘tar ekan. Buni keyin bildik. Ular ataylab pul bermaganlarni o‘tkazishmaydi. Shikoyatimizdan so‘ng Janubiy Koreya tomoni ishimizni qayta ko‘rib chiqdi, o‘n kundan keyin Hudo xohlasa Koreyaga ketyapmiz”, - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan denovlik yigit.

Agentlikda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida shikoyatchilar da’volari to‘g‘riligi aniqlangan.

Tashqi migratsiya agentligida noyabr oyida o‘tkazilgan ichki tekshiruv hulosasi.
Tashqi migratsiya agentligida noyabr oyida o‘tkazilgan ichki tekshiruv hulosasi.

Ozodlikka nusxasi kelib tushgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, agentlikning Janubiy Koreya bo‘limi xodimi tarafidan shunday xat jo‘natilgani aniqlangan.

Chiqish xatlarini ro‘yxatga olish kitobida ushbu xatning nusxasi mavjud bo‘lib, xatning ilovalari yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

Xizmat kompyuteri tekshirilganida Janubiy Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmatiga yuborilgan xatning ilovasida keltirilgan 102 nafar fkuqaro ro‘yxati elektron shaklda mavjudligi aniqlangan.

Xizmat tekshiruvi xulosasida xatda nima deb yozilgani haqida aytilmagan. Buning ortidan agentlikning Janubiy Koreya bo‘limi xodim va boshqa bir qator mas’ullar ishdan bo‘shatildi.

“G‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga (agentlikning rasmiy blankasidan foydalangan xolda) bila turib soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritishi oqibatida Janubiy Koreya inson resurslari rivojlantirish xizmati tomonidan 102 nafar fuqaro hech qanday qonuniy asoslarsiz yakuniy imtixonlardan chetlashtirilganligi, bu esa 102 nafar fuqaroning ommaviy noroziligiga sabab bo‘lganligi va vazirlik binosiga kelib shikoyat qilishiga sabab bo‘ldi”, deyiladi xizmat tekshiruvi xulosasida.

“Denovliklar ishi aysbergning uchi bo‘lishi mumkin. Koreyaga ishga jo‘natishning korrupsion sxemasi ko‘pdan beri borligini bilamiz. Aynan pul berganlar Koreyaga ketish imkonini qo‘lga kiritadi. Stavka 15 ming dollarni tashkil qiladi. Puli yo‘qlar “yordamchilar”ning hisobidan ketadi va Janubiy Koreyaga borib olgandan keyin ularga 25 ming dollargacha ishlab berishi kerak bo‘ladi”, deydi denovlik jabrlanuvchilardan biri Ozodlikka.

“Eng korrupsiyalashgan agentlik”

Har yili minglab o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuboriladi.

Mahalliy kuzatuvchilar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nazorat qiladigan jarayonning o‘ta korrupsiyalashgani va hatto jinoiylashganini aytishadi.

O‘zbekiston matbuoti Koreyaga ishlash uchun jo‘natish maqsadida odamlardan pora olgan shaxslar va bandlik xizmati xodimlari bilan bog‘liq o‘nlab jinoyat ishlari haqida xabar bergan.

Ikki yil avval Oliy majlis deputatlaridan biri agentlikning rahbarlarini korrupsiyada ayblab chiqqandi.

“Avvalo, tashqi migratsiya borasida bir narsani ochiq aytay. Bu gapim uchun har qanday joyda javobimni bera olaman. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi eng korrupsiyalashgan organdir. Agentlikning rahbarlari ham korrupsionerlar.

Men chet elga shu agentlik orqali chiqib ketayotgan migrantlar haqida gapirmoqchiman. Bu agentlik o‘sha ketayotganlardan noqonuniy ravishda millionlab pul o‘maradi”, degandi deputat Boymurod Yusupov.

O‘zbekiston Tashqi mahnat migratsiya agentligiga qarshi tergov harakatlari birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

To‘rt yil avval agentligining rahbarlari uzoq muddatlarga qamaldi.

2018-yilning noyabr oyida agentlik rahbarlari katta miqdorda pora olganlikda ayblanib qo‘lga olingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Ba’zi manbalar Migratsiya agentligining 20ga yaqin rasmiysi Janubiy Koreyaga ishga ketayotganlardan 20 million dollar pora olganlikda gumonlanayotgani haqida yozgan edi. Mazkur xabarni oradan bir necha kun o‘tgach, Bosh prokuratura tasdiqlagandi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining sobiq boshlig‘i Ravshan Ibragimov – 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Agentlik boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ulug‘bek Nazarov ham 12 yilga qamaldi.

Janubiy Koreyaga Tashqi migratsiya agentligi orqali ishga ketish kvotasi 5000¸ yiliga Koreyaga ketish uchun hujjat topshiruvchilar soni esa 100 mingdan ko‘proqni tashkil etadi.

Tanlov jarayonining shaffof emasligi tanqidlarga sabab bo‘lib keladi.

XS
SM
MD
LG