Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:14

Korxona-tashkilotlar o‘z xodimlarini zudlikda emlash to‘g‘risida ko‘rsatma oldi


O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari kun sayin ortib borar ekan, korxona va tashkilotlar o‘z xodimlarini zudlikda emlash haqida ko‘rsatmalar olgani, ba’zi joylarda xodimlarni xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlash majburiy tus olayotgani haqda xabarlar kelmoqda

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi xodimlarni emlash haqida tashkilotlarga tavsiyalar berilganini tasdiqladi, lekin emlash majburiy emasligini aytdi.

Navoiy kon metallurgiya kombinatining Ozodlik suhbatlashgan xodimlaridan biri ularga xitoy-o‘zbek vaksinasidan tashqari boshqa vosita bilan emlatish tanlovi berilmayotganini aytdi:

“Bir oyning ichida hamma emlanishi shart. Vaksina olmaganlar zavod hududiga kiritilmas ekan. Bizku olaveramiz, lekin taklif etilayotgani faqat xitoy-o‘zbek vaksinasi. Olsak sog‘liqqa ziyon yetib qoladimi, deb qo‘rqyapmiz".

Bundan oldin O‘zbekistondagi nashrlar, jumladan"Podrobno. uz" nashri ham ta’lim, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, umumiy ovqatlanish, jamoat transporti hamda ishlab chiqarish korxonalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidan xodimlarni koronavirusga qarshi zudlikda emlash tavsiya etilgan xat olgani haqida xabar bergandi.

"Emlash majburiy emas!"

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi xodimlarni emlash haqida tashkilotlarga tavsiyalar berilganini tasdiqladi, lekin emlash majburiy emasligini aytdi:

"Agar emlanishni xohlamasa, uni hech kim majburlamaydi. Vaksina tanlash huquqi ham bor. Majburlash bo‘lmaydi. Lekin, emlash ham bir odamning o‘zi uchun, sog‘ligi uchun, qolaversa atrofdagilar sog‘ligi uchun foydali ekanligini bilishi, tushunib yetishi kerak".

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 30 - iyun kuni Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining navbatdagi 1 million dozasi Xitoydan olib kelingan.

Mamlakatda emlash boshlanganidan buyon O‘zbekistonga bu vaksinaning 6,5 million dozasi olib kelingan.

O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan tashqari AstraZeneca (CovieShield) hamda “Sputnik V” vaksinalaridan foydalanilmoqda.

Lekin mamlakat vaktsina zaxirasidagi 7 yarim million dozaning aksarini ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi tashkil etadi.

"Taklif etilayotgani faqat xitoy-o‘zbek vaksinasi"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tashkilot va korxona ishchilari bu vaksinaning sog‘ligiga nojo‘ya ta’sir qilib qo‘yishidan xavotirda ekanliklarini aytishdi:

“Oldin BioNTech/Pfizer vaksinalarini ham O‘zbekistonga keltirilishi aytilgandi. Hozir taklif etilayotgani faqat O‘zbekiston Xitoy bilan ishlab chiqqan vaksina. Sog‘ligimizga nojo‘ya ta’sir qilib qolishidan qo‘rqyapmiz”, - dedi toshkentlik o‘qituvchi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari esa ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi sog‘liqqa nojo‘ya ta’siri borasidagi xavotirlar asossizligini aytib kelishadi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari va boshqa o‘zbek amaldorlari Xitoy vaksinasi bilan o‘zlari va oila a’zolari emlanganliklarini da’vo qilishgan.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov xitoy-o‘zbek vaksinasi ikkinchi dozadan keyin 90-93 foiz samara berishini aytgan.

Ammo, o‘zbekistonlik kamida 11 nafar bemorning xitoy-o‘zbek vaksinasini olganidan so‘ng koronavirusga chalingani bu vaksinaga bo‘lgan ishonchsizlikni yana ham kuchaytirdi.

30 - iyun kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov 11 nafar shaxsning koronavirusga qarshi vaksina olganiga qaramay virusni yuqtirib, shifoxonada muolaja olayotganini bildirdi.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash shu yil 1 - aprelidan boshlangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgacha O‘zbekiston aholisining 4 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

XS
SM
MD
LG