Tojikiston sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilishicha, so‘nggi haftada mamlakatda birorta ham koronavirus yuqtirish holati qayd etilmagan. Hukumat buni ommaviy emlash samarasi bilan izohlamoqda.
Ayrim tojikistonliklar fikricha, virus to‘lqini, ehtimol, bir oz susaygandir, biroq koronavirus ustidan to‘la g‘alaba qozonilgani haqida gapirishga hali erta.
“Reja bor”
Dushanbedagi 13-sonli poliklinika shifokorlari so‘nggi haftada bitta ham COVID-19 yuqtirish holati ro‘yxatga olinmaganini aytishmoqda. Ular ushbu tendensiyani koronavirusning yangi turiga qarshi yalpi emlov bilan izohlashadi. Poliklinika vakili Rustam Qurbonalizoda Ozodlikning tojik xizmatiga muassasada har kuni 750 dan 1200 nafargacha odam emlanishini ma’lum qildi.
Ayrim shifokorlarga ko‘ra, rasmiy idoralar tibbiyot muassasalari uchun aholini emlash rejasini tuzib bergan.
“Rejani bajarmasak, qattiq gap eshitamiz. Shuning uchun, agar birov emlangani kelishni xohlamasa, o‘zimiz borishga ham tayyormiz”, degan ismini aytishni xohlamagan dushanbelik bir vrach Ozodlik muxbiriga.
Katta ehtimol bilan, aholini emlash rejasini bajarish ayrim shifokorlarga og‘irlik qilmoqda, shu bois ular bu muammo tezroq hal bo‘lishini xohlashadi.
Bemorlar yo‘q – emlash yordam berdimi?
Iyun oyida Tojikiston 18 yoshdan katta barcha fuqarolariga COVID-19 ga qarshi emlanishni majburiy qilib qo‘ygan edi. Mazkur qaror aholining bir qismida norozilik uyg‘otdi, ular emlash ixtiyoriy bo‘lishini talab qilishdi. Boshqalar esa, aksincha, o‘zlarining va boshqalarning sog‘lig‘ini asrash uchun ko‘ngilli ravishda emlanganlarini aytishmoqda.
Dushanbelik Mehriniso Sanginova 14 - sentabr kuni vaksinaning ikkinchi dozasini oldi. U o‘zini va atrofidagilarni himoya qilish maqsadida, ijtimoiy mas’uliyat tufayli emlanganini aytadi.
Ammo kimningdir zo‘ri bilan emlanishni xohlamaydiganlar ham bor. Tojik jamiyatida emlanishning salbiy oqibatlari haqida mish-mishlar yuribdi. Ayrimlar ana shu mish-mishlar ta’sirida COVID-19 ga qarshi emlanishdan bosh tortmoqda, ammo sog‘liqni saqlash tizimi vakillari vaksina olganlarda biror jiddiy nojo‘ya ta’sir kuzatilganini inkor etib kelishadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Immunoprofilaktika markazi direktorining o‘rinbosari To‘rashoh Saymuddinov Ozodlik radiosiga bildirishicha, “emlanganlardan atigi 278 kishida isitma, igna o‘rnida yengil og‘riq, ko‘ngil aynishi va paylar og‘rishi kuzatilgan va bu normal holat”dir.
So‘nggi oylarda tibbiyot xizmatchilari aholini koronavirusga qarshi emlash uchun korxonalar, bozorlar va masjidlarga borishdi. Yangi COVID-19 yuqtirish holatlari yo‘qligini rasmiylar aynan shu keng ko‘lamli emlov kampaniyasi bilan bog‘lashmoqda. Biroq ba’zi vrachlar yangi kasallanish holatlarining yo‘qligi koronavirus yengilganini bildirmasligini, binobarin aholi ehtiyot choralarini unutib qo‘ymasligi zarurligini aytishyapti.
Tojikiston SSVga ko‘ra, mamlakatda COVID-19 ga qarshi emlanganlar soni 2 million kishidan oshgan. Bugunga qadar Tojikiston COVAX dasturi bo‘yicha 4.8 mln dozadan ortiq vaksina oldi.
Rasmiy qaydlar bo‘yicha, epidemiya boshlanishidan 13 - sentabr sanasigacha mamlakatda 17 mingdan ziyod kishi COVID-19 bilan og‘rigan, 14 kishi kasallikdan vafot etgan.
Biroq rasmiy statistikaga hamma ham ishonavermaydi: ularga ko‘ra, koronavirus yuqtirgan va shu xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni e’lon qilinganidan bir necha baravar ko‘p.