Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:19

Kremlning yo‘rig‘iga yurmagan Twitter tarmog‘i tezligi pasaytirildi


Rossiyaning aloqa, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya vositalari bo‘yicha federal nazorat idorasi – Roskomnadzor mamlakat bo‘ylab Twitter platformasining tezligini pasaytirdi. Bunga ijtimoiy tarmoq ma’muriyatining mamlakat hududida taqiqlangan kontentni o‘chirmagani vaj o‘laroq ko‘rsatilgan.

10 - mart kuni Roskomnadzor saytida e’lon qilingan bayonotda ushbu chora “Rossiya fuqarolarini noqonuniy kontent ta’siridan himoya qilish” maqsadida ko‘rilgani aytilgan. Nazorat idorasiga ko‘ra, Twitter yana hamkorlik qilishdan bosh tortsa, platforma mamlakatda butunlay bloklanadi.

Twitter saytida taqiqlangan mazmunga ega 3168 ta, shu jumladan, voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib etuvchi 2500 dan ortiq post joylashtirgan, deb hisoblaydi Roskomnadzor. Bayonotda noqonuniy giyohvandlik moddalari va pornografiyaga oid kontent ham tilga olingan.

Roskomnadzor boshlig‘ining o‘rinbosari Vadim Subbotin 10 - mart kuni “Interfaks” axborot agentligiga bergan intervyusida idora Rossiya hududida Twitter’ni sekinlatish uchun texnik imkoniyatlarga ega ekani va bu borada allaqachon chora ko‘rilayotganini aytgan.

Internetdagi uzilishlarni kuzatib boruvchi Netblocks nashri Rossiyada Twitter faoliyati sekinlashganini tasdiqladi.

Subbotin Facebook kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlar ham milliy qonunlarga rioya qilmasa, kelajakda ularga qarshi mushtarak choralar qo‘llanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov hukumat platformalarni to‘sib qo‘yishni istamasligini ta’kidlagani holda, rasmiylarning qonun rioyasini talab etishini “o‘ta oqilona” harakat deb baholagan.

Twitter shirkati esa internetdagi ommaviy suhbatni blokirovka qilish va bo‘g‘ish harakatlari ko‘payganidan xavotir izhor qildi va noqonuniy xatti-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.

“Ichki siyosatimizga muvofiq, bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish holatlariga aslo toqat qilmaymiz”, – deyiladi Twitter bayonotida.

Shuningdek, platforma ma’muriyati o‘z joniga qasd qilish va o‘ziga zarar yetkazishni targ‘ib qilish yoki rag‘batlantirish kabi xatti-harakatlar ham shirkat qoidalariga zid ekanini ta’kidlagan.

So‘nggi yillarda rasmiy Moskva aholi, ayniqsa, yoshlar orasida norozilik kuchayib borayotgani va muxolifat ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanayotgani sabab ularni jilovlashga urinmoqda.

Joriy yil yanvar oyida Kreml Aleksey Navalniy himoyasiga o‘tkazilgan mitinglarda qatnashish chaqiriqlarni o‘chirishdan bosh tortgan xorijiy internet kompaniyalarini mamlakat ichki ishlariga aralashuvda aybladi.

Avvalroq Putin ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlardagi rossiyalik foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini mahalliy serverlarda saqlashni talab qilgan edi. Ushbu talabni bajarmay kelayotgan Facebook va Twitter bir necha marta jarimaga ham tortildi.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘tgan yil oxirida rossiyaliklar hisoblarini bloklab qo‘ygani va hukumat hamda davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari akkauntlariga ular betaraf emasliklari to‘g‘risida qayd kiritishi ortidan mazkur ikki yirik shirkatni oshkora tsenzurada ayblagan edi.

O‘tgan oy oxirida esa Roskomnadzor Twitter shirkatidan nima uchun Rossiyaga aloqador 100 ta akkaunt o‘chirilgani yuzasidan izoh talab qildi. Platforma ma’muriyatiga ko‘ra, o‘chirilgan akkauntlar Rossiya hukumatiga aloqador bo‘lib, ular NATOga qarshi axborot hujumlarini amalga oshirib kelgan.

XS
SM
MD
LG