O‘zbekiston Musulmonlari idorasi kriptovalyuta “harom” deb e’lon qilingan fatvoni bekor qilib, uning internetda paydo bo‘lishini “beparvolik” deb atadi, bu masalani hali ham o‘rganayotganini bildirdi.
3-iyun kuni idoraning Fatvo markazi notkoin va kriptovalyutalar bilan muomala "nojoiz" ekani, kriptovalyuta madaniyatida qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo‘lishi haqida bayonot chiqargandi.
“Bitkoin, notkoin kabi kriptovalyutalarni o‘zaro ayriboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar’an joiz emas. Chunki ushbu kriptovalyutalarda Islom dini tomonidan pulga qo‘yilgan talablar topilmaydi. Qolaversa, ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, narxining keskin o‘zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo‘ladi”, deyiladi fatvoda.
3-iyun oqshomida Musulmonlar idorasining Fatvo markazi kriptovalyuta savdosidan voz kechishni tavsiya qilgan xabarini o‘chirib tashladi.
Keyinroq idora fatvo uchun uzr so‘radi va uning e’lon qilinishini “extiyotsizlik” va “texnik sabablar” bilan izohladi.
“Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va u kishining o‘rinbosarlari muborak haj safarida ekani, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagani va shuningdek, zamonaviy masalalarni keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilayotganini bildiramiz”, deya bayonot berdi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi.
Qarib 37 millionlik O‘zbekiston aholisining 90 foizga yaqini musulmon.
Ayni paytda diniy idorasining fatvosi hech qanday yuridik kuchga ega emas.
Diniy erkinliklarni kuzatuvchi xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, mamlakatdagi rasmiy islom hukumatning nuqtayi nazarini aks ettiradi va diniy idora davlat tomonidan nazorat qilinadi.
So‘nggi yillarda hukumat qonuniy kriptovalyuta bozorini rivojlantirish sari qadamlar qo‘ygan.
“O‘zbekistonda rasman kriptovalyuta faoliyatiga ruxsat berilgan, prezident qarori bor. Buni olqishlash kerak. Chunki, kripta bu rivojlanayotgan soha. Jahon Savdo tashkilotiga yaqin kelajakda a’zo bo‘lishni maqsad qilgan Mirziyoyev hukumati xalqaro investorlarga mamlakatni jozibador qilib ko‘rsatish uchun kripta sohasiga e’tibor qaratyapti. Diniy idora chiqib bu harom deyishi u yerda o‘tirganlar buning nimaligini, raqamli moliya tizimini tushunmasligi belgisi”, - deydi Shveysariyada yashovchi o‘zbekistonlik iqtisodchi Alisher Taksanov.
O‘zbekistonliklarga 2021-yil noyabridan rasman raqamli valyuta bilan savdo qilishga ruxsat berilgan.
"Kriptobirjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida" gi nizomga ko‘ra, O‘zbekistonda yashovchilar litsenziyalangan birjalarda milliy valyuta evaziga kriptovalyutalarni almashtirishlari, sotib olishlari va sotishlari mumkin.
Paynet Crypti xizmati foydalanuvchilari HUMO va UZCARD bank kartalaridan foydalangan holda kriptoaktivlarni dunyoning istalgan nuqtasida saqlashlari va boshqa hamyonlarga o‘tkazishlari ham mumkin.
“Kapitalbank” va “UzNex” kriptobirjasi mamlakatda birinchi kriptovalyuta kartasini ham ishga tushirdi.
Kriptokarta bitkoinlar va boshqa kriptovalyutalarni avtomatik ravishda to‘lov valyutalariga aylantirish va Mastercard kabi butun dunyo bo‘ylab to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Ammo, O‘zbekistonda xizmatlarga kriptovalyuta bilan to‘lovni amalga oshirish man etilgan.
2021-yil noyabrida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov "Kapitalbank" nizom jamg‘armasidagi ulushini 50 foizga yetkazgani xabar qilingan.
2022-yil yanvarida Tursunov "Kapitalbank"ning afillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilgan.
Kriptofiribgarlik
Qonuniy kriptovalyuta bozorini rivojlantirishga kirishgan O‘zbekiston hukumati bir vaqtning o‘zida noqonuniy kriptovalyuta biznesiga qarshi choralarni kuchaytirdi. Endilikda kriptoaktivlar bilan noqonuniy savdo qilgan fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Anonim kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan mansabdor shaxslarga nisbatan ham jarimalar qo‘llanadi.
Ayni paytda O‘zbekistonda kriptofiribgarlik ham avj olgani kuzatiladi. Tarmoqda “bu tugmani bossangiz millionlab pul qozonasiz” qabilidagi skamlar ko‘paygan.
O‘zbekiston kriptovalyuta bozori uchun ma’sul Ilg‘or loyihalar bo‘yicha milliy agentlik bu kabi skamlarning kriptoindustriyasiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini bildirdi.
“Kriptofiribgarlik yuzasidan Ichki ishlarga murojaat qilasiz. Kriptoindustriya amaldagi qonunchilik bo‘yicha tartibga solinadi ”, - dedi Ozodlik bilan suhbatda agentlik mutaxassisi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda kriptovalyuta aylanmasi yiliga 1 milliard dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.
Agentlik direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak o‘tgan hafta Spot.uz nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonda ILMA tomonidan tartibga solinadigan 14 ta biznes va birjalar mavjudligini bildirgan.
Ammo Pakning aytishicha, O‘zbekistonda kriptovalyutani qazib olish bo‘yicha litsenziyalangan operatsiyalar hali mavjud emas, lekin ular uchun normativ-huquqiy baza mavjud.
Rasmiyning ta’kidlashicha, mamlakatda energiya tanqisligi qazib olish ishlarini qiyinlashtirgan.
Butun postovet Markaziy Osiyoda qonuniy va noqonuniy kripto-kon sanoati elitalar uchun iqtisodiy boylikning yangi manbai, va ayni paytda yetarlicha ta’minlanmagan elektr tarmoqlariga og‘ir yuk sifatida ham ko‘riladi.
Mamlakatda kriptomaynerlik faoliyati prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilgi Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori hamda Kriptobirjalar faoliyatini litsenzilash haqidagi 2019-yilda tasdiqlangan nizom asosida tartibga solinadi.
Ishlab chiqarish quvvati soatiga 100 kVt ortiq energiya iste’mol qiladigan xususiy maynerlar maxsus litsenziya olishlari kerak.
Litsenziyani O‘zbekiston prezidenti huzuridagi loyiha boshqarmasi beradi.
2019-yildan O‘zbekistonda kriptovalyuta ishlab chiqaruvchilarga elektr narxi uch baravar qilib belgilangan.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yashirincha kriptovalyuta ishlab chiqarib kelgan o‘nlab mayning fermalari aniqlandi.
Kripta konchiligi O‘zbekistonning shundoq ham muammolar bilan ishlab turgan energotizimini avariya holatiga keltirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar avvaldan mavjud.
Kriptovalyuta ishlab chiqarish uchun ko‘p elektr energiyasi sarf qilinadi.
Bu nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo energiya ta’minotini xavf ostiga qo‘yishi haqida qozog‘istonlik mutaxassislar anchadan buyon xavotir bildirib kelishadi.
Ikki yil avval janubiy Qozog‘iston, O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlari hamda Qirg‘izistonni elektrsiz qoldirgan blekautga Qozog‘istondagi raqamli mayning bilan shug‘ullanuvchi iste’molchilar faoliyati sabab degan farazlar ilgari surilgandi.
Kriptovalyuta nima?
Kriptovalyuta hech qaysi tashkilot yoki shaxs tomonidan boshqarilmaydigan, markazlashmagan to‘lov tizimidir.
Mazkur tizimda axborotlarni saqlash uchun har bir amaliyot alohida bir-biriga bog‘langan bloklarga joylashtiriladi. Bu bloklardan o‘z navbatida uzilmas zanjir, ya’ni blokcheyn hosil bo‘ladi.
Kriptovalyuta platformalarining faoliyati davomiyligini ta’minlash uchun mazkur zanjir (blokcheyn)ning yangi bloklari yaratib boriladi. Aynan shu bloklarni yaratish jarayoni mayning deb ataladi.
Gap shundaki, mayning jarayonida ishlatiladigan texnikalar katta quvvatdagi elektr energiyasini talab qiladi.
Mayning jarayoni butun dunyo operatsiyalarini tekshiradigan va ko‘p elektr energiyasini sarflaydigan kompyuterlarning uzluksiz ishini o‘z ichiga oladi.
“Bitcoin” tizimida bitta tranzaksiyani bajarish uchun o‘rtacha 163 kilovatt soat energiya sarflanadi.
Bunday energiya bir qavatli kichik uyda yashovchi uch kishilik oila ehtiyojlarini bir hafta to‘liq qondirishga yetadi.
O‘zbekiston rasmiy statistikasiga ko‘ra, mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 69 milliard kilovatt soatni tashkil qiladi.
Har yili kuz-qish mavsumida mamlakatda elektr taqchilligi kuzatiladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, shunga qaramay energiyani ko‘p yeydigan data- markazlar elektr stansiyalariga og‘irlik qilmoqda.
“Kriptachilarga elektrni uch baravar qimmat qilib qo‘ygan. Lekin, yashrincha fermalar elektrni yeb yotibdi. Chunki uch baravar to‘lasa foyda yo‘q”, - deydi O‘zbekistonda kriptovalyuta sohasi bilan bevosita tanish bo‘lgan tadbirkor.
Kriptovalyuta “harom”mi?
Kriptovalyutalarning paydo bo‘lishi bilan boshlangan raqamli moliyaning yuksalishi musulmon jamiyatida muhim bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Kriptovalyuta aslida blokcheyn texnologiyasidan foydalanadigan raqamli valyuta almashinuvi va raqamli to‘lovlar platformasidir.
Misr, Saudiya Arabistoni kabi musulmon o‘lkalarda kriptovalyuta harom deb e’lon qilingan.
Misr bosh muftiysi - Shayx Shavki Allam - bitkoinni harom deb bilishini aytgan.
Muftiy yuqori darajadagi noaniqlik, tavakkalchilik, firibgarlik mavjudligini ta’kidlab, shuningdek, ushbu tangalarni chiqarish atrofida chuqur yoki tizimli nazorat yoki qoida mexanizmi yo‘qligini va bu valyuta hech qanday o‘rnatilgan bozor yoki iqtisodiyot bilan bog‘liq emasligini uni harom deyishga asos qilib keltirgan.
Biroq, kripta taqiqlanmagan musulmon davlatlari ham bor, jumladan Birlashgan Arab Amirliklarida musulmonlarga kriptaga sarmoya kiritishga ruxsat berilgan.
Muftiy Muhammad Abu-Bakar bitkoinni joizdir, chunki u qimmatli va valyuta birjalarida mavjud v hamda bugungi kunda bir qator do‘konlar va platformalar tomonidan qabul qilingan to‘lov vositasidir, degan.
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi o‘tgan yili musulmonlarga kriptovalyutadan foydalanishni taqiqlagandi.
Kembrij universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston bitkoin qazib olish hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi, mamlakatning jahon bozoridagi ulushi 18, 1% ni tashkil etadi.
O‘tgan yili Rossiya va Xitoy elektr tizimidagi davomli blekautlar ro‘y berishi ortidan kriptovalyuta konchiligini taqiqladi.
Shundan so‘ng, Qozog‘istonda sanoat tez sur’atlarda kengaydi. Qozog‘iston bir yilda kriptovalyuta konchiligi bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqdi.
Bir necha oy ichida Xitoydan Qozog‘istonga 90 000 ga yaqin kecha-yu kunduz ishlaydigan qurilmalar ko‘chirildi.
Kembrij universiteti tadqiqotiga ko‘ra, hozirda dunyoda ishlab chiqariladigan kriptovalyutaning qariyb to‘rtdan biri Qozog‘iston va Eron hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Tahlilchilar energiya ta’minotidagi qiyinchiliklariga qaramay O‘zbekiston mayning-fermalar uchun jozibali bo‘lib qolayotganini aytishadi.
Islom dini qoidalariga ko‘ra, tilla va kumush asl puldir. Qolgan ko‘rinishdagi pullar ularning o‘rinbosarlari. Ular turli ko‘rinishda, jumladan, elektron bo‘lishi ham mumkin. Lekin ular pul deb hisoblanishi uchun bir qancha shartlarga javob berishi kerak.
Mutaxassislarga ko‘ra, kriptovalyuta katta tavakkal qilishga tayyor bo‘lgan odamlar uchun yaxshi sarmoya bo‘lishi mumkin. Ayni damda ular bor pullarini yo‘qotishga tayyor turishlari kerak.