Markaziy osiyolik muhojirlar Rossiyada 2024-yil 22-mart kuni Moskvadagi Crocus City Hall konsert zalida ro‘y bergan qonli terrorchilik hujumidan so‘ng zo‘ravonlik va ta’qiblarga ko‘proq duchor bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda Rossiyada sodir etilgan eng yirik terrror hujumida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgan va 550 dan ziyod odam jarohatlangan.
Ekstremistik "Islom davlati" guruhi hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
"Bir yil ichida Rossiyada migratsiya muhiti sezilarli darajada o‘zgardi", deydi migratsiya bo‘yicha mutaxassis Rahmon O‘lmasov.
"Birinchi navbatda, nafaqat tojikistonlik, balki butun Markaziy Osiyodan, asosan, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan muhojirlarga nisbatan munosabat juda qattiqlashdi. Ikkinchidan, [Rossiya hukumati] bir necha qarorlarni qabul qildi, bu esa muhojirlarni ishga olishni qiyinlashtirdi."
Rossiya hukumati 2024-yil yoz oylarida qonunchilikka o‘zgartirish kiritib, politsiyaga sud qarorisiz muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborish vakolatini berdi. Human Rights Watch (HRW) tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Rossiyada markaziy osiyolik muhojirlarga nisbatan etnik kamsitish va asossiz hibsga olish holatlari keskin ko‘paygan. Shuningdek, millatchilar tomonidan ksenofobiya va zo‘ravonlik holatlari oshgan.
Tashkilot muhojirlarga nisbatan zo‘ravonliklar aks etgan video dalillarni topgan. Videolarda slavyan qiyofasidagi yoshlar qurilish, xizmat ko‘rsatish va kommunal xo‘jalik sohalarida mehnat qilayotgan markaziy osiyolik muhojirlarga jamoaviy tarzda hujum qilishi aks etgan.
Bu videolar hujumchilarning o‘zi tomonidan suratga olinib, internetga joylangan.
'Bosim va qo‘rqitishlar'
HRW ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumat organlari markaziy osiyolik muhojirlarni Ukrainadagi urushga majburan jalb qilish maqsadida noqonuniy hibsga olish va deportatsiya tahdididan foydalanmoqda.
"Rossiyada musulmonlar uzoq vaqtdan beri turli bosim va tahdidlarga duch kelmoqda", deydi siyosatshunos Emil Jurayev.
"Bu hodisalar [Crocus City Hall] voqealaridan oldin ham, keyin ham sodir bo‘lgan. Biz buni doimo ko‘rib kelamiz. Masjidlarga reydlar uyushtirilmoqda. Bu hujumdan oldin ham sodir bo‘lgan."
Hujumda asosiy gumondor sifatida ayblanayotgan to‘rt nafar tojikistonlik sud jarayonini kutib turibdi.
To‘rtala gumondor ham 2024-yil mart oyida sudga olib kelinganida qiynoqqa solingani aniq ko‘ringan. Ushbu ish bo‘yicha kamida 23 kishi qo‘lga olingan.
Gumondorlardan biri Dalerjon Mirzoyevning onasi Gulrakat Mirzoyeva o‘g‘li aybsiz ekanini aytadi.
"Telefonimga qarasam, o‘sha odamning suratini ko‘raman. Bolajonimni [urushib] qora-ko‘k qilib qo‘yishgan, shuni ko‘raman, xolos. Bir yildan beri menga qo‘ng‘iroq qilishmadi. Balki bu mening aybimdir. Uni ko‘rishga imkonim yo‘q. Men hech narsa talab qilmayman. Biz shundoq ham og‘ir ahvoldamiz."
Rossiya iqtisodi muhojirlar mehnatiga qaram bo‘lib, 2024-yilda mamlakatda Markaziy Osiyodan kelgan 3,3 millionga yaqin ishchi faoliyat yuritgan.