Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:24

"Kuchimni tejashga urinyapman". Ozodlik jurnalisti Alsu Kurmasheva hibs qilinganiga 100 kun to‘ldi


Jurnalist Alsu Kurmasheva Qozon shahridagi mahkamada. Tatariston, dekabr, 2023.
Jurnalist Alsu Kurmasheva Qozon shahridagi mahkamada. Tatariston, dekabr, 2023.

25-yanvarda Ozodlik radiosining tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmasheva hibsga olinganiga 100 kun to‘ldi.

Idel.Realii nashri Alsuning maktublari asosida u Qozon tergov hibsxonasida bayram arafasidagi so‘nggi kunlar va yangi yilning ilk kunlarini qanday o‘tkazgani haqida hikoya qiladi.

“Eshiklarni o‘zingiz va boshqalar uchun oching, bundan aslo cho‘chimang”

“Bugun rosa uch oy bo‘ldi. Hamma narsa o‘zgardi. Men o‘zgardim, siz o‘zgardingiz, maktublaringiz o‘zgardi. Uzoq tanaffusdan so‘ng, siz bayram kunlari bitgan o‘nlab xatlar menga yetib keldi. Ular shu qadar samimiyki! Siz o‘z qo‘rquvlaringizni menga ishonibsiz, hammasiga “qo‘l siltamaslikka” qaror qilibsiz va boshqalar olivye yeb o‘tirganida hislaringizni men bilan baham ko‘ribsiz. Bu bebaho fazilat”, deb yozadi Alsu 18-yanvardagi maktubida.

O‘sha kuni Alsu Kurmasheva hibs etilganiga uch oy to‘lgandi, 25-yanvarda esa u panjara ortiga tushganiga roppa-rosa 100 kun bo‘ldi.

18-yanvarda Alsu o‘z tuyg‘ulari haqida, yana, 2023- yilning mayida Qozonga borganidan afsuslanishi yoki yo‘qligi haqida yozdi. U gapni ko‘plar (jumladan, notanish kishilar ham) undan maslahat so‘rayotganidan boshlagan:

“Ota-onam bolalarning ta’lim olishi uchun qaysi yo‘nalishni tanlagan ma’qul deb so‘rashadi, bir tatar yigitni sevib qolgan qiz esa oshig‘ining ota-onasi ko‘ngliga yo‘l topish haqida maslahat so‘rayapti, – deb yozadi Alsu. – O‘zimni birovga maslahat berishga haqliman deb o‘ylamayman, ammo menga ishonch bildirganingizdan boshim ko‘kka yetdi. Bir paytlar menga ham ta’lim, madaniyat, hayot eshiklarini ochib berishgan. Dastlab – ota-onam, keyin esa yoshi katta do‘stlarim, hamkasblarim. So‘ngra men o‘zim eshik ocha boshladim, eng avval – farzandlarim va tug‘ishganlarimga, keyinchalik – mendan yordam va kengash so‘ragan barchaga. Ammo o‘sha paytda buni idrok etolmagan ekanman. Bugun anglayapmanki, kimgadir eshik ochib berish mas’uliyat ekan”.

Alsu Kurmasheva.
Alsu Kurmasheva.

Alsu “eshiklarni faqat kuchli va o‘ziga ishongan kishilargina ocha olishi”, eshik yopish esa ko‘nglida bunaqa tuyg‘u yo‘q yoki endi kurtak yozayotgan kishilarga xosligi haqida yozadi:

“Siz “shunaqa paytda” o‘z uyimga (!) kelganimni katta jasorat sanab menga qoyil qolasiz. Biroq biz hozir yashayapmiz, “boshqacha payt” bo‘lmaydi bizda. “Payt” bo‘ladi, albatta, ammo bugun yordamga muhtoj yaqin insonlarimizdan qay birlari bo‘lmasligi mumkin. Hayotimning bo‘lishim lozim bo‘lgan joyda kechira olmaganim uch oyini hech kim qaytarib bera olmaydi. Men o‘z oilam uchun javobgarman. Yosh farzandlarim, keksa onam uchun. Mening va sizning hayotingizda 2024-yil 18-yanvar kuni boshqa bo‘lmaydi. Bugun biz nima ish qildik? Kimga eshik ochib berdik? Axir ertaga ertangi kun bo‘ladi, hammasi boshqacha bo‘ladi. Stolim ustida sizning ochiq eshik va derazalar surati bor otkritkalaringiz yotibdi. Sizlar kuchlisiz, o‘zingizga ishonasiz. O‘z savollaringizning to‘g‘ri javoblarini albatta topasiz. Eshiklarni o‘zingiz va boshqalar uchun oching, bundan aslo cho‘chimang. Sizdan behad minnatdorman. Alsu”.

Avaxtada Yangi yil

Tergov hibsxonasida Yangi yil mahbuslarga bir talay noqulayliklar keltiradi. Eng avvalo, kitoblar va xatlarga mas’ul bo‘lgan senzorlar ta’tilga chiqishlari sababli.

Alsu oldinroq hammadan bayramga qanday hozirlik ko‘rishayotgani haqida so‘ragan, archa va bezaklar rasmlarini jo‘natishni iltimos qilgan edi. “Archalar uchun rahmat! Surat sifati mening tasavvurim uchun etarli. Qolaversa, tirik archa qanaqa bo‘lishini va qanday ifor taratishini bilaman”, deb yozgan edi u 18- dekabrda. Bundan bir necha kun avval esa Alsu do‘stlariga “Alla birsa, (“Xudo xohlasa” degan ma’noda), vegetariancha olivye bilan mehmon qilaman”, deya va’da bergan ekan.

Yangi yil arafasida bitgan xatida Alsu do‘stlariga ular yuborgan yeguliklar uchun minnatdorlik bildiradi:

“Maktubingiz va noz-ne’matlar yetib keldi! Katta rahmat! Ajoyibsizlar. Men sevadigan yemishlar hammasi. Soya qaylasi menga dorilomon kunlarni eslatadi, uning uchun maxsus tashakkur. Uvildiriq ololmadik, deb kuyunmang, menda bor!” deyiladi maktubda.

Yanvar o‘rtalarida, senzorlar ishga qaytishganidan so‘ng Alsu 31-dekabrdan 1-yanvarga o‘tar tunni “mudrab” o‘tkazganini yozdi. O‘sha kecha “Zolushka uchun uch yong‘oq”ni, “Graf Monte-Kristo”ni, eski sovet multfilmlarining yangi talqinlarini va “Muz-TV”ni tomosha qilibdi.

“Bu savollarni menga bermang”

Keyingi ikki hafta og‘ir kechadi – Alsu betob bo‘lib qoladi. Yaqinlari bu haqda yanvarning o‘rtalarida xabar topadilar. Xayriyatki, ko‘p o‘tmay ahvoli yaxshilanadi.

– Tomog‘imni ko‘rib, nafasimni eshitib ko‘rsangiz.

– Nega?

– Tomog‘im og‘rigan, xirillab nafas olyapman.

– Ko‘rib qo‘yganimdan foyda yo‘q, baribir hech qanday yordam berolmayman.

– ???

– Hech qanaqa dori yo‘q menda.

– Paratsetamol hammi?

– Paratsetamol ham.

– Baribir ko‘rib qo‘ying, iltimos. Judayam yomonmi yoki yengilroqmi, shuni ayting. Kamerada ko‘zgu yo‘q, bo‘lsa o‘zim ko‘rib olardim.

– Qani. Uncha vahimali emas. Namakob bilan chaying.

– Rahmat, – deydi Alsu, ko‘zlari porlab. – Nega eng kerakli dorilar bor deysizlaru, bemorlarga bermaysizlar?

– Bu savolni menga bermang. Men bor-yo‘g‘i feldsherman. Menda bir-ikki tabletka no-shpa bor xolos. Xohlasangiz, beray?

– Bering!

Ushbu dialogni Alsu 8-yanvardagi maktubida bitgan ekan, ertasiga esa undan “Men tuzaldim!” degan xabar keladi.

“Ikki hafta g‘ayriinsoniy shart-sharoitda yashadim (Alsuni vaqtincha ship-shiydam xonaga joylashtirishgan ekan – Idel.Realii izohi), ta’rifiga so‘z ojiz. Hozir picha tuzukman. Aql bovar qilmaydi: normal hayotda odam infeksiya yoki shamollashning ilk belgilaridayoq rosa tomoq chayqaydi, dorilar ichadi, bu erda esa hech nima yo‘q – shunday bo‘lsa ham tuzalasan. Mo‘’jiza! Hamma kasal bo‘ladi va bu bilan hech kimning ishi yo‘q”, deb yozadi Alsu 5- yanvardagi maktubida.

Alsuning Pragadagi hamkasblari. Oktabr, 2023.
Alsuning Pragadagi hamkasblari. Oktabr, 2023.

“Har yomonlik ortida ko‘p-ko‘p yaxshilik bor”

“Sizlar sog‘-omon yurganingiz haqida o‘qiganimda devorlar chekinadi. Bugun shunchaki siyosiy mahbusga emas, aynan menga atab bitilgan talay go‘zal maktublar oldim. Piterdan, Chelyabinskdan, Stavropoldan. Shuncha vaqt o‘tib ilk bor Qozondan xat keldi. Birinchi xat! Bilasizmi, Rossiya va jahonning turli kunjaklaridan xatlar kelib tursayu Qozondan kelmasa, darrov sezilarkan”, deyiladi Alsu Yangi yil oldidan yozgan maktubda.

Ikki kundan so‘ng xat davomini yozadi: “Aytgancha, bugun Qozondan pochta orqali yana ikkita xat keldi. Birining muallifini tanimayman. Kecha Rossiya janubida yashovchi bir qizdan g‘aroyib maktub olgandim. U ikki hafta oldin Qozonda bo‘lgan ekan, u yerda do‘stlari bor ekan. Shaharni juda yaxshi ko‘rar, yilda ikki-uch marta mehmon bo‘larkan. Do‘stlaridan men haqimda eshitibdi. “Darhol bilet olib, bu yerdan qochib ketgim keldi. Sevimli shahrimda shunaqa yovuzlik bo‘lganidan juda xafaman”, deb yozibdi. Uyiga qaytayotib, poyezdda menga uzundan-uzun xat bitibdi. Mana shunaqa ajoyib voqealar bo‘libdi. Har yomonlik ortida ko‘p-ko‘p yaxshiliklar borligiga amin bo‘ldim”.

Alsu Pragadan, Parijdan, Avstriyadan, Germaniya va AQSHdan ko‘plab xat va otkritkalar keladi, debdi. “Bu juda xush yoqadi. Aql bovar qilishi qiyin. Bir maktub salkam bir oyda kelibdi!” – qayd etadi u. 13-yanvardagi maktubida esa yaqinlaridan bir necha xat olganini yozadi. “Demak, xat oqimi bir qadar izga tushyapti. Ularsiz juda qiynalib qolgandim. <...> Aslida hamma narsa imillab, toqat qilish dushvor bo‘lib bormoqda. <...> Kuchni qayerdan olasan, dersiz? Men kuchimni sarflamaslikka harakat qilyapman”.

***

  • Alsu Kurmasheva 2023-yilning may oyi o‘rtalarida oilaviy sabablarga ko‘ra ona shahri Qozonga keladi. Ikkinchi iyun kuni u uyiga, Pragaga uchib ketishi arafasida Qozon aeroportida qo‘lga olinadi. Alsudan AQSH va Rossiya pasportlarini olib qo‘yadilar (uning qo‘shfuqaroligi bor). Bir necha kundan so‘ng jurnalistga nisbatan ikkinchi fuqarolik haqida xabar bermaslik (Rossiya JKning 330.2-moddasi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Oktabrda Qozon sudi uni aybdor deb topib, 10 ming rubl jarima soladi.
  • Hukmdan bir hafta o‘tib Alsu yana qo‘lga olinib, “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatga olishni so‘rab hukumatga murojaat qilmaslikda (RF JKning 330.1-moddasi 3-qismi) ayblanadi. Oradan qariyb ikki oylar o‘tgach unga qarshi yangi jinoyat ishi ochadilar: endi Alsu Rossiya armiyasi haqida “feyklar” tarqatishda ayblanadi. Bunga Idel.Realii tahririyati chop etgan “Yo‘q bo‘lsin urush. Ukrainaga bosqinga qarshi chiqqan rossiyaliklardan 40 hikoya” nomli kitob sabab bo‘ladi.
  • 18-dekabrda Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy komissari Jozep Borrel Rossiya hukumatini Alsu Kurmashevani zudlikda ozod etishga chaqirdi: “Rossiya hukumati jurnalistlar xavfsizligini, ularning so‘z erkinligini ta’minlamog‘i, jurnalistlarni ta’qib qilishni to‘xtatmog‘i shart”, dedi u.
  • O‘nlab inson haqlari tashkilotlari hamda G‘arb siyosatchilari ham Alsuni qo‘llab chiqishdi. 10 dekabr kuni Qozonda jurnalistlarga nisbatan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga qarshi piket bo‘lib o‘tdi. Aksiyaning ikki ishtirokchisi, jumladan sotsiolog Iskander Yasaveyev Alsu Kurmashevani ozod etishga chaqirilgan plakat ko‘tarib olishgandi.
  • AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Mettyu Miller 18-yanvardagi bayonotida Qo‘shma Shtatlar hukumati Alsu Kurmasheva ishiga “katta e’tibor” bilan qarayotganini ma’lum qildi.
  • Millerning bayonotidan so‘ng 21-yanvar kuni Nyu-Yorkdagi Tayms-skverda “Kod 58” loyihasi doirasida Rossiya siyosiy mahkumlari, jumladan Alsu Kurmasheva portreti namoyish qilindi. Installyatsiya muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy qamoqqa olinganiga uch yil to‘lgani munosabati bilan tashkil etildi.
XS
SM
MD
LG