Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 17:43

Livan: “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari bir paytda portladi


Bayrutdagi aloqa jihozlari portlashi natijasida jabrlanganlar olib kelinayotgan klinika darvozasi oldida turgan “tez yordam” mashinasi, Livan, 2024-yil 17-sentyabri
Bayrutdagi aloqa jihozlari portlashi natijasida jabrlanganlar olib kelinayotgan klinika darvozasi oldida turgan “tez yordam” mashinasi, Livan, 2024-yil 17-sentyabri

Livanda eronparast “Hizbulloh” guruhi (AQSH va boshqa qator mamlakatlarda terror tashkiloti deb tan olingan) a’zolari tomonidan shifrlangan ichki xabarlashma uchun aloqa jihozlari bir paytning o‘zida portlagan. Bu haqda Isroilning Ynet portali xabar qildi.

Jurnalistlarga ko‘ra, guruh tomonidan smartfon o‘rnida qo‘llanilgan ratsiya va peyjerlar poytaxt Bayrut, Livan janubi va Baqo vodiysida masofadan turib portlatilgan.

“Hizbulloh” vakili Reuters agentligiga buning “tashkilot o‘z tarixida duch kelgan eng yirik xavfsizlik buzilishi” ekanini bildirgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlashlar chog‘ida bir yosh bola doxil to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Ulardan qanchasi “Hizbulloh” a’zosi ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Hodisa paytida “Hizbulloh”ning yuqori lavozimli mulozimlari ham jarohat olgan. Al Hadath nashrining yozishicha, tashkilotning Livan parlamentidagi vakili Ali Ammarning o‘g‘li o‘ldirilgan.

Jabrlanganlar orasida Eronning Livandagi elchisi ham bor”, deya xabar qildi “Al-Jazira”. Portlash chog‘ida yo elchining ham yonida shunday jihoz bo‘lgan, yoki “Hizbulloh” vakillari bilan muloqot qilayotgan bo‘lgan,

Livan nashrlariga ko‘ra, eronlik diplomatning yonida peyjer bo‘lmagan. Iddaoga ko‘ra, peyjer elchining do‘stlaridan birining yonida bo‘lgan.

The Wall Street Journal nashri o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, portlagan peyjerlar “Hizbulloh” guruhi a’zolarining qo‘liga yaqinda tekkan yangi jihozlardan bo‘lganini yozmoqda. Guruh vakili taxminiga ko‘ra, peyjerlar virusli bo‘lgan, virus avval jihozning qizishi, keyin esa portlashiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Hizbulloh” guruhi Isroil maxsus xizmatlari kuzatuvidan xalos bo‘lish uchun smartfonlardan foydalanishni bas qilgan edi.

Eron nashrlari sodir bo‘lgan voqeada Isroilni ayblamoqda. “Hizbulloh” hodisadan keyingi o‘zining ilk bayonotida Isroilni ayblamagan va tekshiruv o‘tkazilishini bildirgan. Keyinroq guruh portlashlar uchun mas’uliyatni “isroillik dushman”ga yuklagan va bunga javob berilishini bildirgan.

“Isroil xavfsizlik xizmatlari “Hizbulloh” tez orada hujumga javob qaytarishi mumkinligini istisno qilmayapti”, deya xabar qilgan Isroilning “Vesti” nashri mamlakatda jangovarlik holati kuchaytirilganini qo‘shimcha qilgan.

Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, aloqa jihozlari detonatsiyasiga Isroilning “Mossad” razvedka xizmati aloqador bo‘lishi mumkin. Nashr manbasining aytishicha, “Mossad” peyjerlar akkumulatoriga portlash xavfi bo‘lgan unsurlar joylashtirgan, ular esa jihoz qizigan paytda detonatsiyaga sabab bo‘lgan.

“Ozodlik” radiosining Isroildagi manbasi apparatlarga portlash moslamasi joylashtirilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilgan, biroq, manbaga ko‘ra, jihozlar yoppasiga portlagani e’tiborga olinsa, bu ishni amalga oshirish o‘ta mushkul.

AQSH Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlarning Livandagi noxush hodisaga hech qanaqa aloqasi yo‘qligini va bunday voqealar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirilmaganini bildirgan.

BMT vakili esa tashkilot portlashlar haqida yetarli ma’lumotga ega emasligi, biroq tinch aholi vakillari qurbon bo‘lganini qoralashini qayd etgan.

Bayrutdagi portlashlar bilan bir vaqtning o‘zida Damashqda “Hizbulloh” avtomobili portlagani haqida ma’lumot kelib tushgan.

Tashkilotning to‘rt nafar a’zosi yaralandi”, deya ma’lum qilgan qarorgohi Britaniyada bo‘lgan Suriya inson huquqlari markazi direktori Al Hadath telekanaliga. Damashqdagi mobil jihozlar detonatsiyasidan 14 kishi jarohat olgan.

XS
SM
MD
LG