Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:27

Mahbuslikdan prezidentlikka: Qirg‘iziston prezident saylovi va referendumga hozirlanmoqda


Hali-hanuz Japarovni qaysi qudratli guruhlar qo‘llagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Hali-hanuz Japarovni qaysi qudratli guruhlar qo‘llagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Qirg‘izistonda 10 - yanvar kuni ham prezidentlik saylovi, ham mamlakat prezidentlik tizimiga qaytishi yoki yo‘qligini aniqlash uchun muhim umumxalq referendumi o‘tkaziladi.

Ammo saylovlar shoshma-shosharlik bilan o‘tkazilayotgani Qirg‘iziston rasmiylari qabul qilgan qarorlarning qonuniyligi to‘g‘risidagi savollarni o‘rtaga chiqarmoqda.

Saylov mamlakatda barqarorlikni ta’minlamasligi va hatto kelajakda jiddiy muammolar uchun zamin yaratishi borasida xavotirlar ham bor.

Saylovlar Qirg‘izistonda 4 - oktabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan boshlangan ommaviy tartibsizliklardan 3 oy o‘tib o‘tkazilmoqda.

Norozilik to‘lqiniga prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning ukasi yetakchiligidagi «Birimdik» va Raimbek Matraimov oilasiga mansub «Mekenim Qirg‘izstan» partiyalarining saylovda g‘alaba qozongani e’lon qilingani sabab bo‘lgandi.

Noroziliklardan ko‘p o‘tmay prezident Jeenbekov iste’fo berdi.

Bu bilan Qirg‘izistonda uchinchi marta ommaviy norozilik to‘lqini ortidan prezident va uning hukumati hokimiyatdan ag‘darildi.

2005 va 2010 - yillarda ham mamlakat prezidenti lavozimidan chetlatilgan edi.

2020 - yilgi norozilik to‘lqini ortidan turli muxolifat guruhlari birlasha olmadi va natijada hokimiyat vakuumi yuzaga keldi.

Bu bo‘shliqni 5 - oktabrda sodir bo‘lgan norozilik to‘lqinida qatnashmagan guruh to‘ldirdi.

Aynan shu guruh yakshanba kuniga belgilangan saylov ortida turibdi.

Mahbuslikdan prezidentlikka

Erkin va demokratik saylovlar o‘tkaziladigan yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘lmish Qirg‘izistonda prezident bo‘lish uchun 17 nomzod kurashmoqda.

Aksar saylovchilar 5 - oktabr kuni qamoqxonada uyg‘ongan Sadir Japarovni qo‘llaydi.

Japarov avvalroq odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 10 yilga qamalgan, qamoqdan bo‘shatilishidan oldin jazo muddatining uchdan bir qismini o‘tab bo‘lgan edi.

Qamoqdan bo‘shatilishidan ikki hafta o‘tib Japarov ham prezident, ham bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Hali-hanuz Japarovni qaysi qudratli guruhlar qo‘llagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, uni jinoyatchi guruhlar dastaklayotgani haqida shubhalar mavjud.

Amaldagi qonunlarga binoan, vaqtincha prezident lavozimida ishlayotgan shaxs keyinchalik ushbu lavozimga saylanish uchun nomzodini ko‘rsata olmaydi.

Shu sababdan 26 - oktabr kuni Japarov prezident va bosh vazir lavozimlarini bo‘shatishini e’lon qildi.

Prezidentlikka nomzodlar orasida nom chiqargan siyosatchilar bor.

Ularning biri Adaham Madumarov bo‘lib, u 2011 va 2017 - yilgi prezident saylovlarida ham nomzodini ko‘rsatgan edi.

Shuningdek, nomzodlar orasida «Qirg‘iziston» partiyasi yetakchisi Qanatbek Isayev, oktabr oyidagi hodisalar arafasida tuzilgan «Reforma» partiyasi yetakchisi Klara Sooronqulova, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Abdil Segizbaevlar ham bor.

Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan prezident debatlarida deyarli barcha nomzodlar Japarov va u tutgan yo‘lni tanqid qildilar. Japarovning o‘zi esa band ekanligini iddao qilib, debatlarda qatnashmadi.

52 yoshdagi Japarov o‘z saylovoldi kampaniyasi uchun raqiblariga taqqoslagan ancha ko‘p mablag‘lari to‘pladi.

Katus nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 25 - dekabrga qadar Japarovning saylovoldi fondi 47,4 million so‘m (570 ming dollar) to‘plagan. Babirjan Tolbayev esa 9,35 million so‘m (112 ming dollar) to‘plagan.

Qolgan nomzodlarning barchasi saylovoldi tashviqot uchun 5 million so‘mdan (60 ming dollar) kam mablag‘ to‘plagan.

Japarov bu pulni «Qirg‘iziston xalqi» berganini bir necha marta ta’kidladi. Ammo ayrim hisobotlarga ko‘ra, u to‘plagan mablag‘ning 30,9 million so‘mi atigi 10 kishi va ikkita shirkatdan kelgan.

Noyabr oyi boshlarida Japarov va uning «Mekenchil» partiyasi a’zolari Qirg‘izistondagi mavjud siyosiy boshqaruv tizimi samara bermaganini aytishdi va boshqaruv bitta odam qo‘lida bo‘lishi zarurligini ta’kidladilar.

Tez orada ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan konstitutsiya loyihasi ishlab chiqildi. Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar ma’qullansa, prezident davlat va hukumat boshlig‘iga aylangan bo‘lar edi.

Shu bilan birga, mansabdorlarni ishdan bo‘shatishni tavsiya qilishi mumkin bo‘lgan va parlament va hukumat hisobot beradigan Xalq Qurultoyi deb nomlanuvchi yangi ijroiya kengashi yaratilgan bo‘lar edi.

"Xonstitutsiya"

Yangi konstitutsiyaga qarshilar bunday qonun avtoritarizmni qonuniylashtirishini aytib, uni «xonstitutsiya» deb atadilar.
Bishkekda 22 - noyabrdan beri har yakshanba yangi konstitutsiya loyihasiga qarshi tinch norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda.

10 - dekabr kuni Qirg‘iziston parlamenti konstitutsiyani o‘zgartirish masalasida referendum o‘tkazish qarorini qabul qildi. Deputatlar yangi konstitutsiya loyihasining turli jihatlari bo‘yicha kelisha olmadilar.

Shu sababdan ertangi saylovda qirg‘izistonliklardan faqat prezident yoki parlament boshqaruv tizimidan birini tanlash so‘raladigan bo‘ldi.
Konstitutsiyaning yangi nusxasi bo‘ycha keyinchalik alohida referendum o‘tkazilishi kutilmoqda.

Bu orada huquqshunoslar oktabr oyidan beri qator qonunlar buzilganini aytishmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, 28 - oktabr kuni mandati tugagan parlament referendum kabi muhim masalalar haqida qaror chiqarishga haqli emas.

Qolaversa, Oliy sudning Japarovga qo‘yilgan odam o‘g‘irlash ayblovini birdaniga bekor qilgani ham ko‘plab savol tug‘dirdi.

Bu orada Japarovning tanish-bilishlarini hokimiyatga olib kelmaslik va’dalariga qaramay, hukumatni ag‘darishga urinishda ayblanib o‘zi bilan sudlangan Talant Mamitov amaldagi prezident, Qamchibek Tashiyev esa Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.

Bu uchalasini afv etgan sudya Qurmanqul Julushev esa 21 - oktabr kuni bosh prokuror etib tayinlandi.

Pirovardida, populist Japarov prezident saylovida g‘alaba qozonishini kutish mumkin.

Shuningdek, prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tish taklifi ham saylovchilar tomonidan ma’qullanishini kutish mumkin. Sababi Japarov prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tishni ko‘p sonli tarafdorlari orasida faol targ‘ib qildi.

Ammo Japarovning hokimiyat tepasiga ko‘tarilishda va hokimiyat tepasiga kelganidan keyin amalga oshirgan o‘zgarishlari naqadar qonuniyligi haqida juda ko‘p savol bor.

Shu sababdan Japarovning tezligi sekinlashib, mamlakatdagi yirik iqtisodiy va siyosiy muammolar fonida uning reytingi tusha boshlaganidan keyin, mamlakat yangi bir siyosiy inqirozga yuz tutishini kutish mumkin.

XS
SM
MD
LG