Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:03

Maishiy zo‘ravonlik: Boysunda pichoqlab o‘ldirilgan 33 yashar ayolning eri qamoqqa olindi


Pichoqlab o‘ldirilgan Zarifa Qurbonqulova
Pichoqlab o‘ldirilgan Zarifa Qurbonqulova

Surxondaryo viloyati Boysun tuman prokuraturasi shu yil 7 - noyabr kuni pichoqlab o‘ldirilgan 33 yashar Zarifa Qurbonqulovaning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi ( «Qasddan odam o‘ldirish») bo‘yicha ayblanayotgan marhumaning eri X.A ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Qotillikda gumon qilingan boshqa aka-ukalarga (ularning soni tergov manfaatlarida e’lon qilinmayapti - tahr.) tilxat ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ozodlik tanishib chiqqan jinoyat ishi hujjatlarida yozilishicha, Boysun tumani O‘rta Machay mahallasida yashab kelgan Zarifa Qurbonqulova pichoqlab o‘ldirilishidan avval aka-ukalar tarafidan do‘pposlangan.

Jinoyat ishiga ayolning pichoqlar zarbi aks etgan jasadi suratlari ilova qilingan.

Ozodlik muxbiri tanishgan suratlarda ayolning tishlari urib sindirilgani aks etgan.

Jinoyat ishini Boysun tuman prokuraturasi tergovchisi Fahriddan Olloyorov olib bormoqda.

Surxondaryo viloyat prokuraturasi vakilining Ozodlikka aytishicha¸ qotillik maishiy zo‘ravonlik oqibatida amalga oshirilgan.

Marhumaning 13 yashar qizi hozir akasi Yo‘lchi Qurbonqulov uyida yashamoqda. Marhuma yaqinlariga ko‘ra, eri kaltaklashi oqibatida to‘rt marta bolasi o‘lik tug‘ilgan.

Zarifa Qurbonqulovaning o‘limida ayblanayotgan erining yaqinlari va advokati Ozodlik muxbiriga hodisa yuzasidan izoh bermasligini bildirdi.

Zo‘ravonliklar zanjiri

Marhumaning akasi Yo‘lchi Qurbonqulovning Ozodlikka aytishicha¸ singlisi bundan bir yil oldin tog‘asining qizi eri tarafidan kaltaklanganida, u qizni "zolim er qo‘lidan qutqargani" sabab eri bilan kelishmagan.

Tog‘a qizini urgan erning og‘aynilari uning eridan er-xotin o‘rtasiga tushgan Zarifaning jazolanishini talab qilishgan.

“U kaltak yegan qiz eridan ajrashib ketdi, ammo uni himoya qilgani uchun singlim doimiy zulm ostida qoldi. 13 yil turmush davomida ko‘rmagan xo‘rligi qolmadi singlimni. Keyingi bir yil ichida esa, eri uni bir necha marta o‘lasi qilib kaltakladi. Mana endi og‘aynilari bilan vahshiylarcha pichoqlab tashladi. Bir farzandi yetim qoldi.”

“Qotillik sababi xiyonat emas”

Tergov mulozimlariga ko‘ra, jinoyat ishi hujjatlarida qotillik maishiy zo‘ravonlik ortidan amalga oshirilgani aytiladi. Hujjatlarda xotin yoki erning xiyonati bilan bog‘liq versiya yoki epizod ko‘rib chiqilmayapti. Ozodlik ko‘rgan hujjatlarda bundan bir yil oldin marhuma Zarifa Qurbonqulova zo‘ravonlik nishoni bo‘lgan ayolni (Ozodlikda to‘la ism sharifi bor) qutqargan. Pirovardida, bu ayol eridan ajrashgan. Yaqinlariga ko‘ra, bu ayolning eri bilan marhuma Zarifa Qurbonqulovaning eri qarindosh bo‘lgan.

Marhuma Zarifa Qurbonqulovaning yaqinlari, xususan, akasi Yo‘lchi Qurbonqulovga ko‘ra¸ aynan shu voqeadan keyin oiladagi kelishmovchilik kuchaygan:

“Oldinam nuqul urardi. Bu kaltaklar oqibatida singlimning bolasi o‘lik tug‘ildi. Qorniga tepgan ekan. Bolasi turmaydigan bo‘lib qoldi. To‘rt bolasi o‘lik tug‘ildi. Shuniyam yuziga solib, urgan. Endi bundan bir yil oldin erini qarindoshini xotinini oilaviy zulmdan qutqarganidan keyin singlimni hayoti do‘zaxga aylandi. O‘sha qotillik bo‘lganidan bir necha soat oldin kechki soat 10 :30 largacha marhuma singlim va kuyovim dadamlarning uyida mehmonchilikda bo‘lgan. 10 yarimlarda uyiga ketishgan. Singlimni 7-sinfda o‘qiydigan qizi dadamning uyida qolgan. Ikki yarimlarda hamsoyalar bizga xabar kildi, singlingni eri pichoqlab qo‘ydi, deb. Borsak, kuyov qochib ketibdi. Organ xodimlari tekshirib turgan ekan.”

Suhbatdosh singlisining oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani va har kuni eri kaltaklagani haqida O‘rta Machay MFY va xotin-qizlar bo‘yicha ma’sullarga ariza bilan bir necha marta murojaat qilgan, ammo bu arizalar e’tiborsiz qoldirilgan.

Ozodlikda bu ariza nusxalari bor.

Yo‘lchi Qurbonqulovning afsus bilan aytishicha¸ singlisining zo‘ravon er qo‘lida ekanini hamma bilgan:

“O‘rta Machay mahallasi xodimlarining o‘z vazifasiga loqaydligi, notinch oilalar murojaati bilan qiziqmasligi oqibatida yaqin ikki yil ichida shunga o‘xshash ko‘plab holatlar yuz berdi So‘nggi bir oy ichida esa, O‘rta Machay hududida ikkita qotillik sodir etildi. Singlim o‘ldirilgan paytda men mahalla faollariga, sizlar marhumaning murojaatlarini vaqtida tekshirmadilaring, desam, voqeani yop, singling o‘lgan bo‘lsa, men kechasi qorovullik qilmayman, deb baqirdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Raximova Moxiraga va opam Qurbonqulova Zeboga ham yorib tashlayman, deb po‘pisa qildi”.

Ozodlik bilan suhbatda O‘rta Machay MFY raisi va faollari 7 - noyabr kuni eri tomonidan o‘ldirgani aytilayotgan Zarifa Qurbonqulovaning muntazam zo‘ravonlikdan aziyat chekib kelganini tasdiqlashdi.

Faollar bu zo‘ravonlikning oldini olish uchun harakatlari besamar ketganidan afsus bildirishdi.

Сурат баъзи кишиларнинг таъбини хира қилиши мумкин.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, pandemiya davrida dunyo bo‘ylab maishiy zo‘ravonlik hollari ko‘paygan
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, pandemiya davrida dunyo bo‘ylab maishiy zo‘ravonlik hollari ko‘paygan
Сурат таъбни хира қилиши мумкин – Кўрсатиш учун тугмани босинг
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, pandemiya davrida dunyo bo‘ylab maishiy zo‘ravonlik hollari ko‘paygan

"Ayollarni zo‘ravon erlardan himoya qiling!"

Singlisi o‘ldirilgan Yo‘lchi Qurbonqulov esa, Ozodlik bilan suhbatda "oshkora qotillik yuz berishining oldini ololmagan" mahalliy mulozimlarga ham chora ko‘rilishini talab qildi.

“Mayli, singlim o‘ldi ketdi. Lekin boshqa ayollar erim urdi, deb ariza ko‘tarib borsa, amaldorlar teskari qarashmoqda. Ularning ham o‘lishini kutyaptimi bular?”, - deydi suhbatdosh.

Boysundagi qotillik qo‘shni viloyat Samarqanddagi er o‘z xotiniga pampers yedirgani bois ishi sudda ko‘rilayotgan haftada yuz berdi. O‘tgan xafta Oliy majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistondagi oilaviy zo‘ravonlikka o‘tgan 30 yil mobaynida gender tengligi ta’minlanmagani sabab, deb aytgan edi.

"O‘sha paytlar shunaqa davr edi. Men u davrni yomonlamoqchi emasman, lekin u davrda ham o‘ziga xos ishlar bo‘lgan. Biroq, o‘sha davrda bu narsalar gapirilmas edi. Biz xotin-qizlar va erkaklar tengligi masalasiga yaxshi yondosha olmas edik. Xalqaro reytinglarda ham baholarimiz juda past darajada edi. Gender tenglik ko‘rsatkichlarini xalqaro tashkilotlarga taqdim etib borishimiz kerak edi, lekin o‘z vaqtida taqdim qilmasdik. Chunki bu iborani o‘zini tan olmas edik, boshida. Shuning uchun biz ko‘rsatkichlarni aytmaganimiz tufayli, xalqaro reytinglarda davlatimiz qayd etilmas edi», — deya ta’kidlagan edi rais.

Singlisi oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan Yo‘lchi Qurbonqulov esa, muammo "zolim er bilan mazlum xotinni ularning istagiga qarshi majburan yarashtiradigan hokimiyat tizimlari, ayniqsa, mahalla fuqarolar yig‘inlarida".

Pandemiya: Ishsizlik va asabiy muhit

Surxondaryo viloyat prokuraturasi xodimi Ozodlik bilan suhbatda pandemiya davridagi ishsizlik va "asabiy muhit" bois jinoyatlar soni ko‘payganini aytadi.

So‘nggi paytlarda Surxondaryoë va Qashqadaryo viloyatlarida yuz berayotgan jinoyatlar ijtimoiy tarmoqni larzaga soldi.

O‘tgan oy boshida Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida 66 yoshli chol va uning 62 yoshli kampiri o‘ldirilib, yoqib yuborildi.

10 - oktabr kuni esa, “Sirdaryotumangaz” xodimini gazdan qarzdor mijoz pichoqlab o‘ldirdi.

Bundan oldin Namangan shahridagi «Sardoba» bozorida er o‘z sha’riy nikohida bo‘lgan xotinini janjal vaqtida hammaning ko‘zi o‘ngida pichoqlagandi.

Joriy yil iyun oyida esa, Namanganlik erkak xotini va uch qizini bolta bilan chopib, so‘ngra o‘zini yoqib yuborgani xabar qilindi. Hodisada uning xotini va besh oylik qizchasi o‘lgan.

O‘zbekistonda 2020 - yilning dastlabki 5 oyida 17 271 ta jinoyat qayd etilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 100 taga (41,9 foizga) ko‘p demakdir.

Bu haqda shu yil 29 - iyunida "Yuksalish" umummilliy harakati Bosh prokuraturaga tayanib xabar tarqatgan.

Xabarda aytilishicha, jumladan, bezorilik holatlari soni 2,5 barobarga, firibgarlik va poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar esa 2 barobarga oshgan.

Bosqinchilik va o‘g‘rilik jinoyatlari ham ko‘paygani aytiladi.

XS
SM
MD
LG