Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:08

Majburiy obuna -  Prezident taqiqiga qaramay o‘qituvchilar bosma nashrlarga obunaga majburlanmoqda


O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlari¸ maktab o‘qituvchilari qolaversa¸ tadbirkorlarni rasmiy nashrlarga obuna qildirish yillardan beri davom etib kelmoqda.
O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlari¸ maktab o‘qituvchilari qolaversa¸ tadbirkorlarni rasmiy nashrlarga obuna qildirish yillardan beri davom etib kelmoqda.

O‘zbekistonda bu yil ham prezident qo‘ygan taqiqqa qaramasdan o‘qituvchilar bosma nashrlarga majburiy tarzda obuna qilinayotgani haqda joylardan xabarlar olinmoqda.

Ozodlikka kelgan hujjat va ma’lumotlar mamlakat bo‘ylab davriy nashrlarga obuna kampaniyasi mahalliy hokimiyat tizimlarining qattiq bosimi ostida borayotganini ko‘rsatmoqda.

Ba’zi viloyatlarda maktab direktorlaridan "obunani o‘z xohishim bilan tashkil etishga kafolat beraman” degan mazmunda tilxatlar ham olinmoqda.

Sirdaryo viloyat, Sardoba tumanidagi 13-sonli maktab direktorining tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga yozgan kafolat xatida obuna tashkil etishga viloyat hokimligida 16 - noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi asos qilib keltirgan.

Xatda maktab rahbari “o‘z xohishim bilan “Ma’rifat ko‘zgusi”¸ “Yangi Sirdaryo”¸”Xalq so‘zi”, “Yangi O‘zbekiston”¸ “Ma’naviy hayot” kabi o‘ndan ziyod nashrlariga obunani tashkil etishga hissamni qo‘shishga kafolat beraman” deb yozgan.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 13-sonli maktab direktorining tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga yozgan kafolat xati.
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 13-sonli maktab direktorining tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga yozgan kafolat xati.

Samarqand viloyatida esa “2022 - yilgi davriy nashrlarga obuna rejasi” deb nomlangan hujjatda tashkilot va idoralarning har biriga gazeta sonigacha obuna bo‘lish taqsimlab berilgan.

“Telegram” kanalidagi “Kompromat.uz” guruhida e’lon qilingan reja nusxasida “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand”, “Zarafshon”, “Yangi O‘zbekiston”, “Xalq so‘zi”, “Pravda Vostoka” va yana o‘ndan ziyod nashrlar nomi keltirilgan.

Uning ostidagi izohda, gazetalarga “majburiy obuna” viloyat hokimi Erkin Turdimovning tashabbusi ekani iddao qilinadi.

Samarqand viloyatida idora va tashkilotlarga davriy nashrlarga obuna soliqi yuklangan.
Samarqand viloyatida idora va tashkilotlarga davriy nashrlarga obuna soliqi yuklangan.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi Ozodlik suhbatlashgan maktab rahbarlari ham “2021- yilgi obunani uyushqoqlik bilan tashkil etish” haqida topshiriq olganliklarini aytishdi.

Qashqadaryo viloyat, Kitob tumanidagi maktablardan birining direktori obuna rejasini bajarmayotgan maktab rahbarlariga ishdan haydash bilan tahdidlar bo‘layotganini iddao qildi.

“Hokimlikdagilar xalq ta’limiga topshiriq bergan, XTB esa maktab rahbarlariga obunani yuklayapti. “O‘z ixtiyorim bilan obunani tashkil qilaman” deb kafolat xatlari yozdirib olishyapti, go‘yoki bu ishlar ixtiyoriy ekanini ko‘rsatish uchun. Chunki, prezidentimiz majburiy obunaga tortmaslik haqida qaror chiqargan. Lekin, topshiriq eng tepadan¸ deb qo‘rqitib bizni obunaga majburlashyapti. Maktablarga berilgan ro‘yxatda asosan viloyat nashrlari, xalq ta’limi vazirligining nashrlari va “Xalq so‘zi” gazetasi bor. Biz obunaga qarshi emasmiz, lekin bu ishlar topshiriq bo‘yicha bo‘lmasligi kerak”, - deydi ishdan haydalish xavfi tufayli ismini ochiqlamagan maktab direktori.

Prezident taqiqlagan, mahalliy hokimiyat esa majburlamoqda

O‘zbekistonda prezident qaroriga muvofiq¸ o‘qituvchilarni majburan obuna qildirish taqiqlangan.

Shavkat Mirziyoyev 2018 - yil 14 - avgustdagi 3907-sonli qarorning 16-bandida xalq ta’limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlansin¸ deb yozilgan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan rasmiylar obuna majburiy emasligiga ishontirishga urinishdi.

“Bu ixtiyoriy, hech kim majburlayotgani yo‘q. Ro‘yxatga qaragan bo‘lsangiz, maktablarga asosan xalq ta’limiga taalluqli, o‘qituvchilarga foydali bo‘lgan nashrlarga obuna tavsiya etilyapti. Yana bir bor aytaman, majburiy emas bu”, - dedi Sirdaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining 15 - dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

Ozodlik gaplashgan o‘qituvchilar esa o‘z kasbiy faoliyati uchun zarur ma’lumot¸ kitob va qo‘llanmalarni internetdan olishlari mumkinligini aytishadi.

"Bosma gazeta va jurnallarni hozir kim o‘qiydi? Internetga kirsangiz hamma narsa borku", - deydi qashqadaryolik muallim.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati taqiqqa qaramay, o‘qituvchilarning davriy nashrlarga majburiy obuna qildirilayotgani haqidagi savollarni hozircha javobsiz qoldirdi.

Sobiq Xalq ta’limi vaziri, hozirda Aloqa va kommunikatsiya vazirligini boshqarayotgan Sherzod Shermatov o‘tgan yil noyabr oyidagi chiqishida majburiy obunaga yo‘l qo‘yilmasligi haqida aytgandi.

“Obunaga majburlash jinoyat bilan barobardir”

O‘zbekitonlik jurnalist Nosir Zokir nashrlarga obuna tabiiy bo‘lishi kerak deydi:

“Aslida obuna juda yaxshi narsa, lekin tabiiy bo‘lishi kerak. Gorbachevning qayta qurish yillari men ishlaydigan teatr yonidagi gazeta do‘koniga bir hafta oldin “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini pulini berib qo‘yar edim. Chunki, salkam bir million nusxada chop etiladigan gazeta juma kuni kelishi bilan qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketar edi. Mustaqillikdan keyin Karimov mamlakatni Stalin siyosatiga asoslab olib bordi. Erkin matbuot o‘ldirildi. Hozir ham maorif tizimida o‘qituvchilar majburiy obuna qildirilyapti ekan. Undan ko‘ra gazetalar odamlarni o‘ylantiradigan muammolarni yoritsin, odamlarni rozi bo‘lib oladigan qilsin. Hozirgi gazetalarning aksariyati sovet davrini eslatib turadi. Bunday gazetalarni olishga majburlash jinoyat bilan barobardir”, - deydi Nosir Zokir.

O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlari¸ maktab o‘qituvchilari qolaversa¸ tadbirkorlarni rasmiy nashrlarga obuna qildirish yillardan beri davom etib kelmoqda.

O‘tgan oy Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Botir Alimbekov “Chinoz hayoti” ijtimoiy-siyosiy gazetasi obunasini uyushqoqlik bilan tashkil etish to‘g‘risida” farmoyish chiqarib, “hududda aholi, ayniqsa, rahbar va xodimlarning iqtisodiy, siyosiy va sog‘lom mafkuraviy axborotga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida” mas’ul mulozimlarga “tumandagi barcha korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari bilan maslahatlashib, “Chinoz hayoti” gazetasiga 2022 - yil uchun obunani tashkil etish chorasini ko‘rish” vazifasini yuklagandi.

Ko‘p o‘tmay hokimning “Chinoz hayoti” gazetasiga obuna tashkil etishga oid farmoyishi bekor qilindi.

Adliya vazirligi mazkur farmoyishni obunaga majburlash harakati, deb topdi.

Ayni paytda¸ ta’sischisi davlat amaldorlarining o‘zlari bo‘lgan xususiy nashrlarga majburlab obuna qildirish xolatlari ham bo‘lgan.

Britaniyalik professor Kristian Lasslett o‘tmishda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatini boshqargan Komil Alllamjonov ta’sis qilgan “Soliq info” xususiy nashrining soliq tizimi xodimlari¸ qolaversa¸ tadbirkorlarga majburan sotilgani batafsil taftish qilgan.

Surishtiruvda Allamjonovning¸ aynan o‘z gazetasining davlat bosimi vositasida majburan sotilgani ortidan boyigani iddao qilinadi.

Majburiy obuna o‘zbekistonlik iste’molchilar huquqlari buzilishining ham bir ko‘rinishidir.

Ammo, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi vakili Ozodlikka shu paytgacha biron fuqarodan majburiy obuna yuzasidan shikoyat tushmaganini bildirdi.

"Bu qonunga zid, lekin bizga fuqarolardan majburiy obuna bo‘yicha shikoyat tushmagan", - dedi federatsiya xodimi.

O‘zbekistonda ishdan haydalish yoki biznesidan ayrilish tahdidlari ostida aksar byudjet tashkilotlar xodimlari va tadbirkorlar majburlash holatlari bo‘yicha sudga murojaat etishga jur’at etolmasliklarini aytishadi.

“Matbuot tarqatuvchi” hissadorlik jamiyatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 ming 200dan ziyod gazeta va jurnal chiqadi.

XS
SM
MD
LG