Линклар

Шошилинч хабар
26 март 2025, Тошкент вақти: 08:16

"Maoshning 80 foizi". O‘zbekistonda elektr va gaz narxi yana oshmoqda


O‘zbekistonda 1-apreldan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar oshishi ortidan kam ta’minlangan oilalarning iqtisodiy ahvoli yanada og‘irlashishi kutiladi.
O‘zbekistonda 1-apreldan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar oshishi ortidan kam ta’minlangan oilalarning iqtisodiy ahvoli yanada og‘irlashishi kutiladi.

O‘zbekistonda joriy yil 1-aprelidan boshlab elektr energiyasi va gazga yangi tariflar qo‘llana boshlaydi: 200 kVt/soatgacha – 600 so‘m, 201–1000 kVt/soatgacha – 1000 so‘m bo‘ladi. Bu taqriban 11 foizga oshish degani.

2023-yil kuzida elektr energiyaga yangi tarif va limit joriy etilganda aholi buni og‘riqli qabul qilgandi, elektr va gaz narxining navbatdagi oshishi aholining hayotini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘zbekistonliklar, xususan, byudjetdan maosh olib ishlaydigan oilalar oylik daromadlarining yarmini kommunal to‘lovlarga sarflashayotgani haqida yozishmoqda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi qarori bilan aholi va iste’molchilar uchun tabaqalashtirilgan tariflar joriy etilgan edi. Mamlakatda birinchi bor “ijtimoiy norma” tushunchasi kiritildi.

Yangilangan tariflar reyestri 14-mart kuni O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Zimiston-UZ. Газ ва свет муаммоси, метанга навбат билан ўтган қиш
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:52 0:00

Ushbu qaror bilan 2025-yil 1-apreldan boshlab yangi tariflar qo‘llaniladi:

  • 200 kVt/soatgacha – 600 so‘m;
  • 201–1000 kVt/soat – 1000 so‘m;
  • 1001–5000 kVt/soat – 1500 so‘m;
  • 5001–10 000 kVt/soat – 1750 so‘m;
  • 10 000 kVt/soatdan yuqori – 2000 so‘m.

Toshkentlik iste’molchi Abdurazzoq Sodiqovning aytishicha, bu narxlar aholining kambag‘al qatlamlari ahvolini yanada og‘irlashtiradi:

"Bizga berilayotgan 200kilovattlik limit bir haftaga ham yetmayapti. Limitdan ortiq har kilovat elektrga 900 so‘mdan pul to‘ladik. Elektrning o‘ziga o‘rtacha oyiga bir million so‘mdan ortiq pul to‘layapmiz. Kommunal to‘lovlar maoshlarning 20 foizidan oshmasligi kerak, ammo bizda teskarisi bo‘lyapti, maoshning 80 foizi elektr va gazga ketib qolyapti. Ijtimoiy himoya degan narsaning umuman yo‘qligi xalqni iqtisodiy qatag‘onlikka qarab olib ketyapti".

Yangi tariflar bilan elektr energiyasi narxi o‘rtacha 11 foizga oshishi kutilmoqda.

200 kilovatgacha bir kilovatt elektr energiyasi narxi shu kundagi 450 so‘m o‘rniga 600 so‘m bo‘ladi, ya’ni 150 so‘mga qimmatlaydi.

ZIMISTON-UZ. Ўзбек энерготизими ноқулай куз ҳавосига чидамади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:43 0:00

2018-yilda, ya’ni bundan 7 yil avval bir kilovatt elektr narxi 228 so‘m bo‘lgan edi, bugun esa qariyb uch baravarga oshdi.

"Agar 1-apreldan narx ko‘tarilsa xalq juda qiynaladi, o‘zi hozir juda og‘ir sharoitda yashayapti. Elektr tokiga 200 kilovatt limit ko‘pchilikka yetmaydi. Masalan, bizning tumanda gaz yo‘q joylar juda ko‘p. O‘tin-ku qolmagan, ko‘mir ham hammada bor emas, iloj yo‘q, tok bilan uyini isitishga majbur. 200 kilovatt nima bo‘ladi? Bir haftaga yetmaydi. Qolgan uch haftasiga esa ikki baravar narx to‘laydi. Endi ko‘pchilik yana toshchirog‘-u shamga o‘tsa kerak", deydi jizzaxlik Kenja Sarmonov.

Rasmiylar narxlarning oshish sababini so‘nggi yillarda energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilayotgani, mavjud uskunalarni modernizatsiya qilish va ularni yangilash uchun mablag‘ talab etilishi bilan izohlaydi.

O‘zbekistonda gaz tariflarining birinchi apreldan bir karraga oshirish haqida o‘tgan yili moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov aytgan edi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, aholi iste’molchilariga gaz hisoblagich orqali yetkazib beriladigan 1 metr kub gaz narxi 2025-yil 1-apreldan boshlab 1000 so‘m qilib belgilangan.

Rasmiylarning iddao qilishicha, so‘nggi besh yil davomida tabiiy gaz narxi o‘zgarmagan. Bu esa gaz qazib chiqarish, ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Hozirgi kunda tabiiy gazning o‘sish darajasi 2025-yil 1-aprelda oshadigan narxga nisbatan 35 foizga farq qiladi.

2024-yil 1-maydan 1 metr kub gaz 650 so‘m bo‘lsa, 2025-yil 1-apreldan 1 metr kub gaz narxi hisoblagichli holda 1000 so‘m etib belgilanmoqda. Bu narxlar o‘rtasidagi taqqosiy farq 35 foizni tashkil etadi. So‘m hisobida bu 350 so‘mga teng.

Shu bilan birga, 2025-yil 1-apreldan boshlab 1 kilogramm suyultirilgan gaz narxi ham 400 so‘mga qimmatlab, 2000 so‘m bo‘ladi.

"Gazga ham oyiga 500 kublik limit joriy qilingan. Mana shu qish bu hech narsa bo‘lmadi, men oyiga 1200 kubdan ham ortiq gaz yoqdim. O‘shani ham otopleniyani past qilib yoqaman, nevaralar sovqotmasin deb. Menku 4-5 million so‘m oylik olaman, o‘sha bilan qiynalib qoldimku. Lekin tumanimizdagi 80 foiz ishlovchi aholi 1,5-2 million so‘m maosh oladi, ular qanday qildi, Xudo biladi. Gaz o‘zimizdan chiqsa, nega buncha qimmat?", deydi jizzaxlik Kenja Sarmonov.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, 2024-yil 1-maydan kuchga kirgan va 2025-yil 1-apreldan yana bir bor oshadigan tariflar hech bir muhokamasiz qabul qilingan.

Газ-свет ваъда қилган Мирзиёев Ўзбекистони: ўтин қиммат, кўмир танқис, газ-свет ҳамон йўқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:13 0:00

O‘tgan oy O‘zbekiston Markaziy banki joriy yil yanvar oyi uchun aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilgan.

O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, yanvar oyi mobaynida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oygi darajasida saqlanib qolgan va 14,7 foizni tashkil etgan.

So‘rovnomada qatnashgan aholi va biznes vakillarining 57 foizi kelgusida narx oshishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy xavotirli omil sifatida kommunal xizmatlar tariflarini ko‘rsatgan.

Hududlar kesimida o‘tgan oyda eng yuqori sezilgan inflyatsiya darajasi Sirdaryo viloyatida (16,8 foiz), eng past sezilgan inflyatsiya darajasi esa Navoiy viloyatida (12,6 foiz) qayd etilgan.

Oy davomida narxi o‘sishi eng ko‘p sezilgan mahsulotlar go‘sht va tabiiy sut, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘lgan. Respondentlarning 41 foizi mazkur tovarlar narxida keskin o‘sish sezilganini aytgan.

XS
SM
MD
LG